www.ziyouz.com kutubxonasi
12
Demak, kabinaga chiqishni xohlamayapti. Mashinaning eshigini ochganimcha u bilan yonma-yon
sekin haydab ketaverdim. Shu zaylda, u yo‘l chekkasida, men esa rulda jimgina borardik. Men nima
hakda gapirishni ham bilmasdim, bir payt u:
— Kecha fermaga kelgan sizmidingiz? — deb so‘rab qoldi.
— Ha, nima edi?
— Shunchaki o‘zim. U yerga bormang.
— Sizni ko‘rmoqchi edim. U hech narsa demadi.
Miyamdan esa o‘sha la’nati unashish sira nari ketmasdi. Nima bo‘lganini bilgim kelardi. Ammo
so‘rashga tilim bormasdi. Yuragim dov bermasdi. Uning nima deb javob berishidan cho‘chirdim.
Asal menga qarab qo‘ydi.
— O‘sha gap rostmi?
U bosh irg‘adi. Rul qo‘limdan chiqib ketayozdi.
— To‘y qachon? — deb so‘radim.
— Yaqinda, — dedi u ohista.
Mashinani g‘izillatib, boshim oqqan tomonga ketib qolishimga sal qoldi. Tezlikni oshirish o‘rniga
aksincha qilib qo‘yibman. Motor bekorga gurillab aylanardi. Asal cho‘chib o‘zini chetga oldi. Men esa
hatto undan uzr ham so‘ramabman, o‘sha mahal uzr so‘rash esga kelarmidi.
— Endi boshqa uchrashmas ekanmiz-da? — dedim.
— Bilmadim. Uchrashmaganimiz ma’qulroq.
— Men esa, men baribir... Istasangiz-istamasangiz doim sizni izlayman!
Biz yana jim qoldik. Ehtimol, ikkimiz ham bir narsa haqida o‘ylayotgandirmiz, ammo ikkimiz ikki
yo‘ldan ketayotgandek, go‘yo o‘rtamizda mening unga yaqinlashishimga, uning esa mening
kabinamga o‘tirishiga imkon bermaydigan qandaydir devor turgandek edi.
— Asal! — dedim. — Mendan o‘zingizni tortmang. Sizga hech ham xalal bermayman. Sizni
uzokdan ko‘rib yuraman. Maylimi?
— Bilmadim, balki...
— O‘tiring, Asal.
— Yo‘q, mayli, ketavering. Ovulga yaqinlashib qoldik.
Shundan keyin ham biz uchrashib turdik, har safar uchrashganimizda go‘yo tasodifan to‘qnashib
qolgandek bo‘lardik. Yurishimiz ham avvalgidek. U yo‘l chetidan, men esa kabinada borardim. Juda
alam qilardi, ammo nima qila olardim, birovni zo‘rlab kabinaga chiqarib bo‘lmaydi-ku, axir.
Kuyov haqida og‘iz ochmasdim. Noqulay ahvolda qolishi mumkin, qolaversa, so‘rashni ham
istamasdim. Ammo so‘zlarimdan tushunishimcha, Asal uni yaxshi bilmas ekan. U ona tomondan bir oz
chatishgan ekan, o‘zi esa uzoqda, tog‘dagi o‘rmon xo‘jaligida yasharmish. Bu oilalar qadimdan bir-
birlari bilan qiz berishib, qiz olishib, shu bilan avlodma-avlod qarindosh-urug‘chilik aloqalarini saqlab
kelisharkan. Bizda esa bunday urug‘-aymoqchilik juda hurmat qilinadi. Asalning ota-onasi uni
begonaga berishni xayollariga ham keltirmasdi. Men haqimda so‘z ham bo‘lishi mumkin emasdi. Men
kim bo‘libman? Allaqanday kelgindi, tag-zotining tayini yo‘q bir shofyorman-da. Ochig‘ini aytganda
o‘zim ham qizdan umidvor bo‘lib og‘iz ocholmagan bo‘lardim.
O‘sha kunlari Asal kamgap bo‘lib qoldi. G‘am-g‘ussa chekib, doim aldanimalar haqida o‘ylab
yurardi. Mening esa butun umid va ishonchlarim sovurilgan edi. Uning takdiri hal bo‘lmoqda,
uchrashish ham befoyda edi. Biroq biz xuddi yosh bolalardek, gapirishganda bu haqda so‘z ochmay,
chetlab o‘tardik va u bilan shu taxlitda uchrashaverdik, chunki uchrashmasdan turolmas edik.
Ikkalamizga ham busiz yashash mumkin emasdek tuyulardi. Ammo bizni oldinda nimalar
kutayotganini tasavvur ham qila olmasdik.
Oradan besh kun o‘tdi. Shu kuni ertalab avtobazada yo‘lga tayyorgarlik ko‘rayotgan edim. Bir
o‘rtog‘im kelib, seni dispetcherxonaga chaqirishyapti, dedi. Chopib ketdim.
— Suyunchi ber! — dedi quvonch bilan Xadicha. — Seni Sintszyan yo‘liga o‘tkazishdi!