www.ziyouz.com kutubxonasi
44
— Xo‘p, mayli, ketaver bo‘lmasa, salomat bo‘l! Mashina yo‘lga tushdi, u hovlilar ortidagi
ko‘chaga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Men esa es-hushimni yig‘ishtirolmay hamon yo‘l ustida
turardim. Shamolga chap berib sigareta tutatdim. Sigaretani labimga keltirar ekanman, barmoqlarim
dir-dir titrardi. Bir necha bor bosib-bosib, ichimga tortdim-da, so‘ngra g‘ildirak iziga tashlab toptab,
yo‘lga ravona bo‘ldim. «Mana, yetib ham keldim», deb g‘o‘ldiradim o‘z-o‘zimga. Boshqa aytadigan
gapim ham yo‘q edi. Yuragim fikr-xayollarimni bosib ketmoqchidek gurs-gurs urar, go‘yo bir narsani
bolg‘alayotgandek qulog‘im shang‘illardi.
Ovul ajabtovur o‘zgarib, xiyla kengayib qolibdi, yangidan solingan ko‘pgina shifer tomli binolar
paydo bo‘libdi. Ko‘chalarga simyog‘ochlar o‘rnatilib, simlar tortilibdi, kolxoz boshqarmasi binosi
oldidagi simyog‘ochda radio gapirardi. Bolalar maktabga chopqillab ketishyapti. Ulardan sal kattaroq
bolalar esa universitetni bitirgan yosh o‘qituvchilari bilan (bu ko‘kragidagi znachogidan ko‘rinib
turardi) bir gala bo‘lishib, allanimalar haqida o‘zaro gaplashib borishardi. Ehtimol, ularning orasida
menga tosh va tayoqlar otib qolgan bolalar ham bordir. Mayli, hechqisi yo‘q, o‘sha kezlarda hali ular
yosh bola emasmidi.
Garchand meni bu yerda hech kim tanimasa ham, birov sezib qolmasin deb ko‘chaning bir
chekkasidan shoshib borardim.
Mana o‘sha sambittolli va paxsa devorli hovli. To‘xtab, nafasimni rostladim. Qo‘rquv va
tashvishdan badanim muzlab, ko‘cha eshigi tomon qat’iyatsizlik bilan yurib boraverdim. Taqillatdim.
Qo‘lida portfel ko‘targan qiz chopib chiqdi. Bu — menga tilini ko‘rsatib qochgan o‘sha qizcha edi.
Endi u maktabga boradigan bo‘lib qolibdi. Qiz shoshilib turardi. U menga hayron bo‘lib qaradi-da:
— Uyimizda hech kim yo‘q! — dedi.
— Hech kim yo‘q?
— Ha, oyim lesxozga mehmon bo‘lib ketdi... Dadam traktorlarga suv tashiyapti.
— Asal-chi, qaerda u? — deb qo‘rqa-pisa so‘radimu shu zahotiyoq og‘zim qaqrab ketayotganini
sezdim.
— Asal? — deb ajablandi qiz. — Asal allaqachon ketib qolgan...
— Keyin hech kelmadimi?
— Har yili pochcham bilan birga keladi. Oyim uni juda yaxshi kishi deb maqtaydi.
Qizdan bo‘lak hech narsa haqida surishtirib o‘tirmadim. U maktabiga chopib ketdi, men esa orqaga
qaytdim.
Bu yangilik meni shu qadar dovdiratib qo‘ydiki, uning kimga va qachon turmushga chiqqani endi
menga baribir edi. Bilib nima ham qildim? Biroq o‘tgan yillar orasida nima uchundir Asal boshqa
birovga turmushga chiqib ketgandir, degan fikr hech qachon xayolimga ham kelmagan edi. Axir
shunday bo‘lishi ham mumkin edi-ku. Hech qanday dom-daraksiz bir necha yillar qoramni ko‘rsatmay
ketganimdan keyin, hammani qo‘yib meni kutib o‘tirarmidi...
Ovuldan chiqiboq, hech qanday mashinani kutib o‘tirmasdan, to‘g‘ri yo‘l yoqalab ketaverdim.
Agar biror mashina quvib yetganida ham uni to‘xtatmas edim. Har qalay, biron yoqqa yurishim kerak
edi, qayoqqa bo‘lsa ham — dunyoning narigi chekkasiga bo‘lsa ham menga baribir edi endi.
Men bir vaqtlar Asalni olib ketgan yo‘ldan borardim. Ammo yo‘l burungicha emas — yaxshilab
shibbalanib, shag‘al yotqizilgandi, Faqat dashtgina ilgarigicha: atrofda qop-qora shudgoru o‘rib
olingandan keyin qolgan sarg‘ish poyalar ko‘zga tashlanardi. Bepoyon dasht issiqko‘lning nurli
hoshiyadek ajralib turgan uzoq qirg‘oqlarini yorib kirib, tog‘ yonbag‘irlaridan tortib to ufqqa qadar
yastanib yotardi. Qorlar erib, yalang‘ochlanib qolgan yer namga to‘yib ko‘pchib yotardi.
Allaqayoqlarda traktorlar tarillab, bahorgi shudgorlash boshlab yuborilganidan darak berardi.
Rosa xuftonda rayonga yetib keldim, tunni mehmonxonada bir amallab o‘tkazdim-da, ertalab
avtobazaga borishga ahd qildim.
Qayoqqadir, o‘zga o‘lkalarga ketishdan endi foyda yo‘q edi. Hamma orzu-istaklarim barbod bo‘lib,
hammasidan mahrum bo‘lgan edim. Endi shunchaki yashash-u ishlashdan o‘zga iloj qolmagan edi —