www.ziyouz.com kutubxonasi
46
tursin, hatto o‘zi tep-tekis yo‘ldan arang yurardi. Endilikda hech qanday instruktsiyaning hojati yo‘q
edi. Yangi markali, juda baquvvat zamonaviy yuk mashinalari vujudga keldi-yu, ammo qog‘ozdagi
narsalar esa to hayotning o‘zi o‘chirib tashlamaguncha eskiligicha saqlanib kelaverdi. Mayli, bu
kichkina va alohida bir masala, deylik, biroq shunga o‘xshash narsalar boshqa, yanada muhimroq va
yanada kattaroq ishlarda yuz berib qolishi mumkin-ku, axir. Endi-ku, o‘rtoqlarimning yuk ortish
stantsiyasidagi beodobligim uchun salkam do‘pposlamoqchi bo‘lganlaridan xafa emasman-a. Lekin
o‘sha vaqtda xuddi ana shu narsa mening jahlim chiqib ketishiga va qiziq ustida hech narsani o‘ylab
o‘tirmay, pritsepni dovonga olib ketishimga sabab bo‘lgan edi-da...
Xullas, o‘zimning qadrdon avtobazamga qaytdim. Birinchi kuni Ermak o‘z uyiga taklif qildi.
Yaxshigina kutib oldi. Uchrashganligimiz sharafiga bir oz ichamiz, dedi. Ammo men ichmadim,
ko‘pdan beri ichmasdim, ichish niyatim ham yo‘q edi.
Avtobazada ham yaxshigina kutib olishdi. Ishga qabul qilishdi, yotoqxonada yashay boshladim.
Meni taniydigan oshna-og‘aynilarimning jig‘imga tegib, uni-buni so‘rab-surishtiravermaganlaridan
juda xursand bo‘ldim. Ko‘rib turibdilarki, bir kimsa qayoqlardadir tentirab yurib, yana o‘z o‘rtoqlari
huzuriga qaytib kelib, vijdonan halol ishlayapti — juda yaxshi. O‘tgan ishni qo‘zg‘ashning nima hojati
bor? O‘zim ham hammasini unutishga, bir umrga unutishga harakat qilardim. Men bir vaqtlar oilam
bilan yashab turgan o‘sha dovondagi baza oldidan o‘tib borayotib, atrofga nazar tashlamay, hatto
benzinkolonkadan benzin ham olmay, g‘izillaganimcha o‘tib ketardim. U yerda bir daqiqa bo‘lsa ham
ushlanib qolmaslik uchun to‘xtamasdan chetlab o‘tardim. Ammo baribir meni hech narsa qutqara
olmadi, o‘zimni o‘zim alday olmadim.
Avtobazaga qaytganimga ham ancha vaqt bo‘ldi. Trassa meni o‘ziga jalb etib oldi, unga yana
ko‘nikib qoldim. Mashinani har ohangga solib haydardim, motorni barcha tezliklarda va balandliklarga
chiqishda sinab ko‘rdim. Qisqasi, o‘z ishimni bilardim va unga sho‘ng‘ib ketdim.
O‘sha kuni Xitoydan qaytib kelayotgan edim. Bamaylixotir, hech narsani o‘ylamay papiros chekib,
rul chambaragini aylantirgancha, har tomonga nazar tashlab kelardim. Ayni bahor, tevarak-atrof kishini
o‘ziga maftun etardi. U yer-bu yerga o‘tovlar tikilayotgan edi: chorvadorlar bahorgi yaylovlarga
chiqishayotgan edilar. O‘tovlar uzra ko‘tarilgan ko‘kish tutunlar ko‘kka bo‘y cho‘zishardi. Shamol
bezovtalanib kishnayotgan ot ovozini olib keldi. Qo‘y-qo‘zilar yo‘l yoqasida o‘tlab yurishardi. Bolalik
chog‘larim esimga tushib ketdi, ko‘nglim xiyol g‘ash tortdi... Ko‘lga yaqinlashib qolganimni bilaman,
birdan cho‘chib, seskanib ketdim: oqqushlar!
Shu bilan hayotimda ikkinchi marta Issiqko‘lda bahorgi oqqushlarni ko‘rishim edi. Ko‘m-ko‘k
Issiqko‘l uzra oppoq qushlar gir aylanishib parvoz qilishardi. To‘g‘ri borayotib, nimagaligini o‘zim
ham bilmay, mashinani yo‘ldan keskin burdim-da, xuddi o‘tgan safargidek, qo‘riq yerni kesib, ko‘lga
tomon hayday boshladim.
O‘, Issiqko‘l, Issiqko‘l, qirg‘iz diyorining so‘nmas qo‘shig‘i! Nega men yana o‘sha kunni, Asal
bilan suv bo‘yida, tepalikda to‘xtagan kunni esladim-a! Ha, hozir ham hammasi avvalgidek: oq-
ko‘kish to‘lqinlar go‘yo qo‘l ushlashib olganday saf tortishib o‘rkach-o‘rkach bo‘lib, sarg‘ish
qirg‘oqlarga mingashar edilar. Yotog‘iga yo‘l olgan quyosh tog‘lar ortiga asta-sekin botib bormoqda,
etakdagi suvlar esa qontalashgandek qizg‘ish tusda tovlanardi. Oqqushlar tantanavor chag‘illashib
charx urishardi. Ular birdan qanot qoqib yuqoriga parvoz qilardilaru yana qanotlarini yozib chuvillab
pastga suzib tushar, suvga to‘sh urib, qat-qat halqachalar hosil qilardilar. Ha, hamma-hammasi ayni
o‘sha manzaraning o‘zi-yu, ammo yonimda Asal yo‘q edi, xolos.
Hozir qaerlarda yuribsan, qizil durrachali sarvqomatim?
Ko‘l bo‘yida allamahalgacha qolib ketdim. Keyin avtobazaga qaytib keldim, undan chiqib sabr-
toqatim tugab, kayfiyatim tag‘in buzila boshladi. Yuragimda qo‘zg‘algan dard-alamlarni bosish uchun
yana choyxonaga bordim. Choyxonadan juda kech qaytdim. Atrof qop-qorong‘i, osmonni bulut
qoplagan edi. Quvurdan otilib chiqayotgandek daradan guvillab esayotgan kuchli shamol quturib
daraxtlar qaddini egib-bukar, sim-yog‘ochlardagi simlarga urilib chuvillar va mayda toshlarni kishi