www.ziyouz.com kutubxonasi
55
Alqissa, biz buyuklardan buyuk Manas haqidagi va uning jasur o‘g‘li Semetey to‘g‘risidagi
dostonimizni boshlaymiz — tiriklarga hamdu sano aytish uchun, tiriklarni sharaflash uchun...”
Bu bolakay o‘zining Xudoning marhamati ila qirg‘izlarning jung‘orlarga qarshi hayot-mamot
kurashining jarchisi bo‘lib qolajagini hali bilmasdi, u o‘z boshi uchun dushman mingta tulpor va’da
qilajagini, xoinlar ushlab bergach, qozoqlarning jazirama cho‘lida butun tanasi chavaqlanib, ko‘zlari
o‘yilib, qiynoqlarda o‘lajagini hali xayoliga ham keltirolmasdi. Axiri, qoniga belanib, tashnalikdan jon
berayotgan so‘nggi onlarda yana mana shu kunni, shu soatni, shu Ko‘lni — onasi iltijo qilgan Ko‘lni;
uzoq o‘lkalarga uchib ketish uchun to‘plangan ana shu qushlarni yana esga olajagini va bularning
hammasini o‘ngidagidek ko‘z oldiga keltirgach, “Onajon ”degan xitob bilan jon berajagini hali
bilmasdi.
Bularning hamma-hammasi — shon-shuhrat ham, kurash ham, halokat ham oldinda edi...
hozir esa, u Issiqko‘l yoqasida, onasi sajda qilgan joyda tozisi Ucharni o‘z qo‘lidan chiqib, odamlar
ortidan chopib ketmasligi uchun bo‘ynidan qattiq ushlab turar edi. U birdan kasal otasi esiga tushib,
shoshilib qoldi.
— Ketdik, Uchar, ketdik, — dedi u itiga buyruq bergandek va tog‘ yonbag‘ridagi ovulga qarab
shosha-pisha yura ketdi. Ko‘ldan uzoqlashganda ham qush galalarining betinim chag‘ir-chug‘ur, g‘oq-
g‘oq ovozlari quloqqa chalinib turdi...
* * *
O’sha kechasi tong saharda kenjatoy Elomonning ko‘zi oldida buyuk o‘tovsoz Sengirboy foniy
dunyodan ko‘z yumdi. Otasining oxirgi daqiqalarida xirillab, nafasi tiqilib g‘aliz aytgan so‘zlarini deyarli
tushunib bo‘lmasdi. Lekin bola titrab-qaqshab va yig‘lab otasining yuziga egilib turar ekan, o‘choqdagi
olovning nim yorug‘ida chol lablarining harakatidan otasining nima demoqchi bo‘lganini payqadi. bola
ikki so‘zni tushundi:
— Tolchuyda... nima..
Tushundi-yu, labini tishlab yig‘lab yubordi, so‘ngra qattiq ho‘ngradi va o‘zini yig‘idan tiya olmasdan
dedi:
— Yo‘q, ota, hech qanday xabar yo‘q! Men sizga qanday yolg‘on gapiray! hech darak yo‘q. Men
bir o‘zimman. Eshityapsizmi? Men qo‘rqyapman. O’lmang, otajon, siz o‘lmang. Tezda onam keladi,
tezda onam keladi...
O’g‘lining so‘zlariga ota tushundimi-yo‘qmi, Xudo biladi. Shu zahoti uning joni chiqib ketdi, ko‘zlari
ochiq qoldi. Otasi jon taslim qilish bilan, yashin tezligida kelgan o‘lim cholning yuzini qo‘rqinchli tusga
kiritib, butunlay o‘zgartirib yuborgani zahoti bola qo‘rqqanidan o‘tovdan otilib chiqdi va nima qilarini
bilmay, vahimaga tushib, dod solib ho‘ngrab boshi oqqan tomonga chopa ketdi. Uchar ham nima
bo‘lganini tushunmasa-da, dumini qisib, qo‘rqa-pisa Elomon ortidan chopaverdi. Elomon Issiqko‘lning
to‘lqinlari mavjlanib yotgan qirg‘og‘iga yetganidagina o‘ziga keldi. Shu yerda u serrayib, turib qoldi.
Issiqko‘l o‘sha kecha junbushga kelib, shiddatli chayqalib, to‘lqinlarni o‘ynatmoqda edi. Biroq
Elomonning qulog‘iga boshqa tovushlar — to‘xtovsiz qiy-chuv eshitildi. U Osmonga qaradi va
nimqorong‘i osmonda son-sanoqsiz qushlar bulutini ko‘rdi. Beadad, tumonat qushlar. Qushlar Ko‘l
ustida katta doira hosil qilib, aylanib uchmoqda, yo‘lda uchraydigan tog‘lar tepasidan oshib o‘tish
uchun yuksaklikka ko‘tarilayotgan edi. Nihoyat, qushlar Ko‘l ustidan oxirgi marta aylanib uchib o‘tdi va
turnaqator tizilishib, yanada balandga ko‘tarila borib Bo‘o‘m darasi tomon yo‘l oldi va dovondan oshib
Tolchuy vodiysi yo‘nalishida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bola qushlar yiroq o‘lkalarga uzoq muddatga uchib
ketganini, ularning Tolchuy vodiysidan o‘tishini, undan naridagi noma’lum va notanish yurtlarga
borajagini tushundi va o‘zini qo‘lga olib, joni boricha qichqirdi:
— Bizning otamiz o‘ldi! Qo‘ychiman akamga aytinglar — otamiz vafot etdi! Otamiz o‘ldi, o‘ldi!..
* * *