www.ziyouz.com kutubxonasi
54
yirtqichni quvib yetadigan bizning tozi itimiz Uchar ham, o‘g‘limning chap tarafida turgan, biron marta
qisir qolmagan jiyron biya ham bizlar bilan birga o‘tinib so‘raydi Sendan...
Elomonga shunday tuyuldiki, onasi garchi pichirlab, eshitilar-eshitilmas ohangda munojot qilgan
bo‘lsa ham, uning so‘zlari hammani sehrlab qo‘ygan jo‘shqin xitob singari butun ko‘l bo‘ylab yangrab,
hamma yoqqa yoyilib taralib ketdi; go‘yo uning so‘zlari ko‘l atrofidagi tog‘larda “Tangrim, menga
quloq sol, mening so‘zlarimni eshit...” degan tashvishli va aniq aks-sado berdi.
Onasi otga minib, ko‘lning jiyagida kichkina to‘p bo‘lib uzoqlashib ketgan sheriklari ortidan shosha-
pisha jo‘nab ketgandan keyin ham Elomon sevikli tozisi Ucharni ushlaganicha ancha vaqtgacha joyida
turib qoldi. Bola hali o‘sha kunni, Ko‘lda onasi Tangriga iltijo qilgan o‘sha daqiqalarni umrida bir-ikki
martagina emas, balki ko‘p martalab esga olajagini, xursandchilik onlarida ham, boshiga ish tushgan
paytlarda ham yig‘lab eslayajagini, onasi Elomonning buyuk manaschi bo‘lishini Tangridan so‘ragani
uchun, shuning sharofati bo‘lsa kerak, xalq uni “Momaqaldiroqdek guldiragan manaschi Elomon” deb
atagani uchun taqdiridan rozi bo‘lajagini hali bilmasdi. U o‘zining yoshlik davri o‘yrotlarning
bosqinchilik yillariga to‘g‘ri kelishini, qirg‘izlarning “Manas”ni Elomon ijrosida ovloq daralarga
yashirinib olib, yig‘lab eshitajaklarini xayoliga ham keltirmasdi. Elomon “Manas” aytishga kirishishdan
avval onasining Ko‘l bo‘yidagi duosini albatta eslayajagini, manaschi o‘g‘li Elomonni yashirgani uchun
onasini o‘yrotlar o‘ldirajaklarini, dostonning yurakdan chiqqan boshlamasi Elomon uchun ham taskin,
ham xalq ruhi buyukligi, ham xalqning umrboqiyligi kuylangan So‘zning go‘zalligi va teranligi ifodasi
bo‘lajagi haqida o‘ylab ham ko‘rmagandi. U “Manas”ning Elomon og‘zidan chiqqan quyidagi so‘zlarini
odamlarning butun vujudi quloqqa aylanib, nafas olishdan ham o‘zlarini tiyib eshitajaklarini bilmasdi:
“Qirg‘izlar, qirg‘izimiz, hammamizdan buyugimiz Manas haqida so‘z ochay.
O’sha kunlardan to shu kunlargacha qancha kunlar qumday oqib ketdi, bir-birlarini quvib son-
sanoqsiz tunlar o‘tdi qaytib kelmasdan, yillar va asrlar karvoni izsiz poyonsizlikda yo‘qoldi... Bu
dunyoda o‘sha kunlardan buyon qancha jonlar kelib-ketdi, dunyoda qancha toshlar bo‘lsa shuncha
odamlar, balki undan ham ko‘p odam kelib, ketgandir. Ular orasida buyuk kishilar, ko‘plar
tanimaydigan kishilar ham bor edi. Yaxshi odamlar ham, yomon odamlar ham o‘tdi. Tog‘qomat
polvonlar ham, yo‘lbarskelbat bahodirlar ham bor edi, alloma donishmandlar ham, qo‘li gul ustalar
ham o‘tdi, qancha xalqlar kelib-ketdi, ularning faqat nomlari qoldi.
Kechagi bor narsa — bugun yo‘q. Bu dunyoga hamma keladi va hamma ketadi. Bu dunyoda faqat
yulduzlar mangu turadi, mangu oyga qarab olam kezadi, faqat mangu quyosh abadiy Sharqdan
chiqadi, faqat Yergina o‘zining abadiy o‘rnida turadi. Yerda faqat odamlarning xotirasi hammadan
uzoq yashaydi, odamning umr yo‘li esa qisqa — qosh bilan qovoq orasicha. Odamdan odamga
o‘tadigan fikrgina boqiydir; avlodlardan avlodlarga qoladigan so‘zgina abadiydir...
O’sha kunlardan buyon o‘tgan vaqtda Yer o‘z qiyofasini ko‘p marta o‘zgartirdi. Tog‘lar yo‘q
tekisliklarda o‘rkach-o‘rkach tog‘lar yuksaldi. Oldingi tog‘lar o‘rnida quruq dashtlar paydo bo‘ldi. Jarlar
yemirilib sayxonliklarga aylandi; daryo-soylar oqib yotgan o‘zanlar tekislanib ketdi. Ayni vaqtda, yer
ustida yomg‘ir-qor suvlari chuqurliklar — jarliklaru daralar hosil qildi. Dunyo yaratilgandan beri
chayqalib turgan moviy dengizlar o‘z o‘rnini qumli cho‘llarga bo‘shatib berdi... Shaharlar qad ko‘tardi,
shaharlar vayron bo‘ldi va choldevorlar o‘rnida yangi devorlar tiklandi...
O’sha kunlardan bu kunlargacha so‘z so‘z tug‘di, fikr fikrga qo‘shildi, qo‘shiq qo‘shiqqa ulanib
ketdi, ertak cho‘pchakka aylandi. Sanoqsiz dushmanlarga qarshi kurashgan qirg‘iz qabilalarining
xaloskorlari bo‘lib qolgan Manas bilan uning o‘g‘li Semetey haqidagi doston bizga ana shunday yetib
keldi...
Bu dostonda biz ota-bobolarimizning ovozini eshitamiz, ayni vaqtda, necha asrlar oldin uchib
o‘tgan qushning yuksak parvozi, tulpor tuyoqlarining allaqachon so‘ngan dukur-dukurlari, dushmanlar
bilan yakkama-yakka olishgan botirlarning hayqiriqlari qulog‘imizga keladi. Yig‘i ovozlariyu g‘alaba
suronlari quloqqa chalinadi. Ana shu so‘zimizda o‘tmish hayot tiriklarning ko‘z oldida, tiriklarga hamdu
sano aytish, tiriklarni sharaflash uchun yana namoyon bo‘ldi...
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov