www.ziyouz.com kutubxonasi
173
— Men o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim-ku! Kecha balandiya kazinosida edik. Burhoniddinbey
bilyard o‘ynayotgan edi. Shu mahal Ehson eshikdan kirdi-yu, mayorni bir chetga tortib,
allanimalar deya boshladi. Oldin hovliqishmasdan, past ovoz bilan gaplashishdi. O‘rtada
nima o‘tganini bilmayman. Birdaniga Ehson picha orqasiga chekindi-yu, Burhoniddinbey-
ga o‘xshatib shapaloq tushirdi. Mayor to‘pponchasiga qo‘l yugurtirdi. Lekin Ehson undan
oldinroq to‘pponchasini chiqardi. Shu on bir necha kishi birdaniga ustlariga tashlanmasa,
qon to‘kilishi turgan gap edi. Ertaga harbiy tribunal Ehson masalasini ko‘radi. Bizlardan
birontamiz shu ishni qilganimizdami, holimizga maymunlar yig‘lardi. Chamamda, Ehson
poshoning bir nimasi bo‘lsa kerak.
— Xotinining jiyani, emizib katta qilgan o‘g‘li.
— Unday bo‘lsa, kichkina jazo bilan qutulib ketadi. Ammo-lekin Burhonning betiga tu-
shirib xo‘p yaxshi qilibdi. Yomon quturib ketgan edi muttaham.
— Darvoqe, nimaga janjal qilishibdi?
— Ikkalasining ham gapiga qaraganda, siyosat talashib janjal qilishgan emish. Shu
armiyani siyosatdan hech qutqazishmadi, qutqazishmadi-da!
— Xudo haqqi, menga qolsa, bu yerda xotin janjali bor. Burhonni bilmaysanmi?
Ofitserlar o‘zaro gaplashishib yonimdan o‘tib ketishdi.
Kema jo‘nash oldida bir chol qayiqchi kayutamga keltirib bergan guldastaning kimdan
ekanligini endi payqadim.
Ehsonbey, hayotda sizni balki hech mahal uchratmasman yoki uchratsam ham sizni
tanimaganga solib o‘tib ketarman. Lekin meni deb harbiy sudga tushishdan toymagan
kuningizda meni yana eslaganingiz uchun sizni bir umr unutmayman. Kimdan ekanligini
ayttirmay kirgizgan va shu bilan qalbingizning nozikligini bildirgan gullaringizdan bitta
yaproqchasini daftarimda, xotiringizni esa eng toza, pok narsa kabi qalbimda saqlay-
man!
Tashqarida boyagi kimsasiz yo‘lchi mungli kuylarini hamon hushtak bilan chalib turar-
di. Kayutamning ochiq derazasidan boshimni chiqardim. Dengiz ustida harir tong pardasi
ko‘rindi. U xuddi suvdan ko‘tarilayotgan bug‘ni eslatardi.
Choliqushi, yot endi! Uyqusiz kecha va horg‘inlik bechora ko‘zlaringni achishtiryapti.
Tongdan nimani kutasan? Axir tong — uzoq-uzoqlarda uyquga va yana boshqa narsalar-
ga qongan sariq gullarning baxtiyor ko‘zlarini ochadigan dam-ku!
To‘rtin-chi qism
Iz-mir, 20 sen-tyabr. Mana, uch oydan beri Izmirdaman. Ishlarimning mazasi yo‘q. Endi bitta umidim qoldi.
Ertaga u ham puchga chiqsa, bilmayman, nima qilar ekanman. Buni o‘ylashga yuragim
betlamaydi. Ch... dagi maktab mudirasining tavsiyanomasi bilan uchrashishim lozim
bo‘lgan kishi men kelmasdan bir oy avval kasal bo‘lib, Istambulga olti oy dam olgani ke-
tibdi. Chor-nochor o‘zim maorif bo‘limining mudiriga bordim. U yerda kimni ko‘rdim
deng?.. B... dagi o‘sha mudrab o‘tiradigan, allahlayotganga o‘xshab gapiradigan battolni
ko‘rmayinmi! Tabiat qarashdan ham ko‘proq uxlash uchun yaratgan u mudroq ko‘zlar me-
ni hech tanimadi.
— Uch-to‘rt kundan keyin xabar oling, bir nima qilamiz, — dedi.
Uch-to‘rt kun degani — uning tilida bir-ikki oy degani edi. Nachora, shunday ham
bo‘ldi.
Bugun yana xabar olgani bordim. Mudir bu safar qittay iltifot ko‘rsatdi. Halim, mas’um
tovushi bilan yorila boshladi: