www.ziyouz.com kutubxonasi
218
— Hechqisi yo‘q, pochcha, bir necha yildan keyin yana ruxsat olib kelaman. Xafa
bo‘lmang, hali oldimizda ancha kun bor, halitdan o‘zimizni dili siyoh qilish juda ham za-
rurmi? — deyardi.
Choliqushi tamomila eski Choliqushiga aylangan edi. O‘tkinchi bo‘ronda sovrilgandan
so‘ng yana quyoshga yetgan toza gul singari kun sayin ochilib borardi.
Choliqushi yana uydagi bolalarga onaboshi bo‘lib oldi. Mujgonning uch yashar qizidan
va undan xiyol katta Najdaddan boshlab to o‘n yetti yoshli Narmingacha katta-kichik bo-
lalarning hammasi uning pinjiga kirib oldi. Bular ertadan-kechgacha Choliqushidan bir
odim ham qolmay chorbog‘ni to‘s-to‘polonga, qiy-chuvga, o‘yin-kulgilarga to‘lg‘azishardi.
Gohi mahallar ularning to‘poloni shu darajaga yetardiki, kattalar tanbeh qilishga majbur
bo‘lardilar. Lekin kattalarni suyuntiradigan boshqa tomon ham bor edi. Komron bilan Fa-
rida har nima bo‘lganda ham eski nishonlilar, unashilgan kishilar edi, shuning uchun
so‘nggi besh yil ichida bitib ketganday ko‘ringan eski yaraning yana ochilishidan qo‘rqar-
dilar. Faridaning yosh bolalarcha sho‘xligi, uni faqat uzoqdan tomosha qilishdan
boshqasini xohlamaganday ko‘ringan Komronning halim, sokin baxtiyorligi uydagilarni
tashvishdan qutqara boshlagan edi. Shunday bo‘lsa ham ular Komron bilan Faridada eski
vaqtlardagi “aka” va “singil” hislarini yana ehtiyoti shartdan kuchaytirishga harakat qildi-
lar. Uxlab qolgan kasalning uyida uni uyg‘otib qo‘yishdan qo‘rqib, qanchalik shivirlab ga-
pirilsa, ular oldida ham ehtiyotsiz bir so‘z bilan u alamli o‘tmishni uyg‘otib yuborishdan
shunday qo‘rqar edilar.
Ba’zan Azizbey Faridadan:
— Munchalik shoshilmay, ko‘proq tursang bo‘lmaydimi? — deb so‘rardi.
Choliqushi esa ketish so‘zini eshitib, har doim mashqi tushar:
— Iloji yo‘q-da, pochcha. Har nima bo‘lganda ham Choliqushi boshqa uyaning onasi,
uning yo‘liga ko‘zlari to‘rt bo‘lib turganlar ham bor, — deyar edi.
* * * Komronga qattiq tegayotgan bir narsa bo‘lsa, u ham Farida bilan Najdad o‘rtasidagi
ahillik edi. Komron bolaning Choliqushi qo‘llarida uxlashini, ana shundan ke- yingina
ularning ayrilishini kutishga majbur bo‘lardi.
Komron bir kuni Faridaning bola bilan janjal qilayotganini eshitib qoldi. Choliqushi
bo‘g‘ilib:
— Qani, Najdad, ayt-chi, yana bir marta “amma” de-chi, amma, amma... — deyardi.
Lekin Najdad unga bo‘ysunmas, o‘jarlik bilan sariq boshini silkitib:
— Oyi, oyi, oyi, — deyardi.
Komron hayiqibroq:
— Qo‘y, Farida, oyi desa deyaversin, nima ziyoni bor? — dedi. — Kim biladi, balki
shunday deyishga ehtiyoj sezayotgandir.
Farida hech nima demadi. Faqat egilib, bolaning boshini silay boshladi.
V Boshqa bir kuni ertalab Komron yopiq derazaga mayda toshlar kelib urilganini eshi-
tib uyg‘ondi. Faqat Faridagina shu taxlit uyg‘otishini u bilardi. Choliqushi yana katta
yong‘oq tagida nonushta qilishga chaqirib kelgan edi. Dasturxonda dastlabki kunlari va’-
da qilgandek, juda ham yoqimli nok hidi anqib turgan ajoyib sut, buning yonida qish-
loqlarda yopiladigan mayda kulchalar, murabboga o‘xshash pushtirang bir nima solingan
likopcha bor edi.
Farida kulchalarga murabbo surtib Komronga uzatdi-da:
— Mana, totib ko‘r, keyin mening qanchalik pazanda ekanimni bilasan, — dedi. — Bu