Daftar hoshiyasidagi bitiklar. O’tkir Hoshimov
www.ziyouz.com kutubxonasi
18
Tebranma dunyo
Mehr-yaxshilik, qahr-yomonlik belgisi, degan gap bor...
Teskarisi bo’lsa-chi?
Tasavvur qiling. Bir nomard, begunoh odamni o’ldirdi. Siz mehr ko’rgizib, uni jazodan
saqlab qoldingiz. U ertasiga boshqa bir begunohni o’ldirdi. Sizning mehringiz yaxshilikka
emas, yomonlikka sabab bo’ldi…
Dunyoda soat kapgiridek tebranib turadigan haqiqatlar ham bo’ladi…
Ildiz
Nuqul o’tmishidan noliydigan odam kelajagini barbod qilishi mumkin. O’z ildizini inkor
qilgan daraxt qurib qoladi.
O’lchov
Umr o’lchovi yolg’iz Ollohga, mazmuni esa ko’p jihatdan insonning o’ziga bog’liq.
Bolalik va keksalik
Bolalikda dunyo keng-u kiyim tor.
Keksayganda kiyim keng-u dunyo tor…
Odob
Farzandga oson tutmang. Otaning yuziga tik qarolmaydi.
Otaga oson tutmang. Farzandiga dardini ayta olmaydi.
Aql yoshda emas
Yoshligida aqli raso odam keksayib, “annaqaroq” bo’lib qolishi mumkinmi-yo’qmi, unisini
bilmadim-ku, ammo yoshligida “annaqaroq” odam keksayganda aqli raso bo’ladi,
desalar... Bilmadimov.
Tiriklar va o’liklar
Vaqti-vaqti bilan qabristonga borasiz. Ajdodlaringiz boshida turib o’tganlar ruhini
xotirlaysiz... Keyin... o’z yumushingiz bilan ketasiz.
Shoshilmang. Dunyo ishi bitganmas... iloji bo’lsa, qabristonni osoyishta aylaning.
Shunda... g’alati holat ro’y beradi. Marhumlar sizga ko’-o’-o’p narsalarni aytadi...
Ishoning, o’liklar tiriklardan ko’ra teranroq fikrlaydi...
Ne’mat
Ayollar! Yig’lab ko’nglingizni bo’shatishdek ne’matni ato etgani uchun Yaratganga
shukronalar qiling!
Dostları ilə paylaş: