802bce2e50edb4c06a74a5b3fe5b7060 DAFTAR HOSHIYASIDAGI BITIKLAR
Kuchsizniki-kuchli Kuchli odamning g’azabidan qo’rqmang. Ojiznikidan qo’rqing! Kuchli to’ksa, o’z g’azabini
to’kadi. Ojiz esa o’z g’azabi bilanbirga o’zgalardan ko’rgan sitamini ham qo’shib
sochadi...
Tarnov Erta bahor edi. Hordiq kuni edi. Kech turdim. Hovliga tushsam, havoning avzoyi buzuq.
Yuvunib chiqib qarasam, tunuka tom peshidagi tarnov bir tomonga qiyshayib yotibdi.
Qishda yoqqan qor zalvoridan qiyshayib qolgan shekilli… Qatiqroq shamol bo’lsa, tushib
ketadigan…
Yo’lakda yotgan narvonni ko’tarib kelib tomga tiraguncha tinkam quridi, zax tortib,
zildek bo’p ketibdi.
Narvon zinasiga oyoq qo’yishim bilan ayvondan onam tushib keldi.
- Nima qilmoqchisan?- dedi ko’zimga termulib.
- Hozir,- dedim beparvo qo’l siltab.- Tarnov qiyshayib qopti.
- Shoshma, bolam, avval choyingni ichib ol...
- Hozir tushaman.
Shunday dedim-u narvonga tirmashdim. Tomga chiqishim bilan pastdan onamning
xavotirli xitobi eshitildi:
- Ehtiyot bo’l, tom labiga borma!
- Uyga kirsangiz-chi! – dedim og’rinib.
Tunuka tomni taraq-turuq bosib, qiyshaygan tarnov oldiga keldim. Uvallo urinaman,
tarnov la’nati o’nglansa qani! Zanglab ketganmi, bo’yo’g’i yopishib qolganmi...
Aksiga olib, yomg’ir shivilay boshladi. Avvaliga tomchilab turdi-da, keyin shiddat bilan
yog’ib ketdi. Tom labida o’tirgancha, tarnovini qo’shqo’llab surishga urindim. Qilt
etmaydi!
Pastdan yana onamning ovozi keldi:
- Menga qara, bolam.
Narvon oldiga qaytib keldim.
- Nima deysiz?
- Jon bolam, mana buni kiyib olgin...
Qarasam, onam bir qo’li bilan narvonni changallagancha, ikkinchi qo’lidato’n ushlab
turibdi. Yupqa ro’moli, nimchasi ho’l bo’lib ketgan...
Xunobim oshdi.
- Hozir tushaman, dedim-ku! Men yosh bolamanmi?
- Shamollab qolasan!
- Obbo! Siz uyga kiravering! Hozir tushaman.
Shunday deb, tag’in tarnov oldiga qaytdim. Jahl bilan tarnovni mushtlay boshladim.
Bir mahal pastdan yana ovoz keldi:
- Ada! Adajon!
- Ha! – dedim battar xunob bo’lib.
- Varragim yirtildi!
Qarasam, yetti yashar o’glim hovli o’rtasida turibdi. Oyog’i ostida yirtilib, qamishlari
qovurg’adek turtib chiqqan varrak loyga qo’rishib yotibdi. O’zi ko’ylakchan. Boshyalang.
Yomg’ir ostida diydirab turibdi.
-uyga kir, Farruh!- dedim baqirib.- Uyga kir, shamollab qolasan!