Qirq sakkizinchi majlis
JAHANNAMDA KOFIRLARNING AZOBLANISHI BAYONI
Alloh taolo aytadi: «Ey jinoyatchi kimsalar, mana bu Kunda (mo‘minlardan) ajralinglar! Men sizlarga: «Ey Odam bolalari, shaytonga ibodat qilmangiz, chunki u sizlarga ochiq dushmandir, Mengagina ibodat qiling! Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir», deb buyurmaganmidim?! Aniqki, (shayton) sizlarning ichingizdan ko‘p avlodni yo‘ldan ozdirdi. Axir aql yurituvchi bo‘lmadingizlarmi?! Sizlarga va’da qilingan jahannam mana shudir! Sizlar (hayoti dunyoda) kofir bo‘lib o‘tganlaringiz sababli mana bu Kunda (jahannamga) kiringiz!» (Yosin surasi, 59–64-oyatlar).
Hasan ibn Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
«Uylaringizni qabr qilib olmanglar (ya’ni, uylaringizda ham namoz o‘qib turinglar) va qaerda bo‘lsangiz ham, menga salovot aytinglar. Albatta, qaerda bo‘lsangiz ham, salovotlaringiz menga yetib turadi», dedilar.
Avsdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Juma kuni menga salovotlaringizni ko‘paytiring».
Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kunlarning birida masjiddan chiqdilar, qarasalar, shayton eshikning oldida turibdi. Shunda ul zot: «Seni masjidning oldiga nima olib keldi, ey mal’un?!» dedilar. U: «Ey Muhammad! Meni Alloh yubordi», dedi. «Nima uchun?» deb so‘raganlarida, «Siz xohlagan masala haqida mendan so‘ramog‘ingiz uchun», deb javob berdi. Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam shaytondan birinchi so‘ragan narsalari namoz haqida bo‘ldi:
Ey Iblis! Nima uchun ummatimni jamoat bilan namoz o‘qishdan qaytarasan?
–Agar ummatingiz namozga kelsalar, men isitmalay boshlayman. Bu isitma ular tarqalgunlaricha mendan arimaydi.
Nima uchun ummatimni Qur’on qiroatidan qaytarasan?
Ular qiroat qilayotgan vaqtlarida men qo‘rg‘oshindek eriyman.
Nima uchun ummatimni hajdan qaytarasan?
Ular hajga chiqsalar, mening bo‘ynim va qo‘l-oyoqlarimga zanjir solinadi. Agar ular sadaqa bersalar, mening boshimga arra qo‘yilib, o‘tin arralangandek arralanaman».
Hikoya qilinadiki, do‘zax ahli do‘zaxga kirgach, iblisga olovdan bo‘lgan minbar keltiriladi, olovdan bo‘lgan liboslar va olovdan bo‘lgan toj kiydiriladi hamda olovdan bo‘lgan zanjirlar bilan kishanlanadi. So‘ng unga: «Ey Iblis, minbarga chiqib, ahli do‘zaxga xutba qil», deyiladi. U minbarga chiqadi va:
«Ey ahli do‘zax!» deydi. Uning tovushini do‘zaxdagi jamiki kimsalar eshitib, uning oldiga keladilar. Shunda u: «Ey kofirlar, munofiqlar jamoasi! Allohning sizlarga: «Albatta, sizlar vafot etasizlar, so‘ng mahsharga kelib, hisob-kitob qilinasizlar, so‘ngra sizlar ikki firqaga bo‘linasizlar, bir firqa jannatga, bir firqa do‘zaxga kiradi», degan va’dasi haq va’da edi. Sizlar esa: «Bu dunyoda abadiy qolamiz», deya gumon qildingiz. Menda sizlarning ustingizda hukmronlik qilish huquqi yo‘q edi, faqatgina sizlarni vasvasa qildim, sizlar ijobat etdingiz va menga ergashdingiz. Meni malomat qilmangiz, balki o‘zingizni malomat qilingiz, chunki sizlar mendan ko‘ra malomatga haqliroqdirsizlar. Nima uchun Allohga ibodat qilmadingiz, vaholanki, U har bir narsani xoliqi, parvardigoridir. Bugun men sizlarni Allohning azobidan qutqara olmayman. Sizlar ham meni qutqarishga qodir emassizlar. Albatta, men bugun sizlarga aytgan narsalarimdan tonaman. Men Rabbul olamin huzuridan quvilganman», deydi. Bu so‘zlarini eshitgan ahli do‘zaxning hammasi uni la’natlaydi. Shunda do‘zax posbonlari uni olovdan bo‘lgan o‘qlar bilan o‘rab, do‘zaxdagi minbardan asfalasofilinga (do‘zaxning eng tubiga) qulatadi. U yerda abadiy qoladi. Shaytonga tobe’ bo‘lganlar ham do‘zaxda abadiy shayton bilan birga bo‘ladi. Zaboniyalar (do‘zax posbonlari) ularga: «Endi sizlarga abadiy o‘lim ham, rohat ham bo‘lmaydi», deydilar.
Zohid Abu Zakariyoning o‘limi yaqinlashganida, do‘sti uning oldiga keldi. O’lim talvasasi tutgan paytda: «La-a ilaha illallohu, Muhammadur Rasululloh», degin», dedi do‘sti. Zohid yuzini o‘girib, kalimani aytishdan bosh tortdi. Ikkinchi marta aytganida ham yuz o‘girdi. Uchinchi martasida:
«Aytmayman», dedi. Do‘sti qo‘rqib ketdi. Bir muddatdan so‘ng Abu Zakariyo yengil tortib, ko‘zini ochdi va: «Biron nima dedinglarmi?» deb so‘radi. Ular: «Ha, senga uch marta shahodat kalimasini arz qildik, sen ikki marta yuz o‘girding, uchinchi marta aytmayman, deding», dedilar. Shunda zohid quyidagilarni aytdi: «Mening oldimga Iblis bir qadah suv bilan keldi va o‘ng tarafimdan kelib: «Suvga muhtojmisan? Iso Allohning o‘g‘li degin», deb qadahni qimirlatdi. Men yuz o‘girdim. Keyin oyog‘im oldidan keldi va avvalgi gapini qaytardi. Uchinchisida: «La-a ilaha» (Xudo yo‘q) degin», dedi. Men esa: «aytmayman», dedim. Shundan keyin u qadahni yerga tashlab qochib ketdi. Men bu so‘zni sizlarga emas, unga aytdim. Men guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad uning bandasi va rasulidir», dedi.
Hikoya qilinishicha, avvalgi zamonda iblis alayhi la’na odamlarga ko‘rinar ekan. Shunda bir kishi unga: «Ey Abu Murro! Nima qilsam, sendek bo‘laman?» debdi. U: «Senga voy bo‘lsin! Biror kimsa mendan buni talab qilmagan edi, sen nima uchun buni so‘rab qolding», debdi. «Men seni yaxshi ko‘raman», debdi xaligi kishi. Shunda shayton: «Agar menga o‘xshashni xohlasang, namozga beparvo bo‘l va yolg‘ondan ham, rostdan ham, qasam ichaver», deb aytibdi. Keyin u kimsa: «Allohga qasamki, endi hecham namozni tark qilmayman va qasam ham ichmayman», debdi. Iblis aytibdiki: «Sendan o‘zga biror kimsa hiyla bilan mendan nasihat olmagan edi. Endi biror kimsaga nasihat bermayman».
Donishmandlar aytishgan ekan: «Kim oriflardan bo‘lishni va shaytondan qutilishni xohlasa, to‘rtta narsani bilib olishi lozim: «Iblis va u xohlagan narsani; nafs va uning xohishini; havoi xohish va u xohlagan narsani; dunyo va uning xohishini. Iblis dining ketishi va o‘zi bilan birga abadiy do‘zaxda qolishingni xohlaydi. Nafs esa, ma’siyatni va tarki ibodatni istaydi. Havoi xohish shahvatlarni va tarki ijtihodni xohlaydi. Dunyo esa dunyo amalini oxirat amalidan afzal ko‘rishingni xohlaydi. Kim bu narsalarni bilib olsa, oriflardan bo‘ladi. Kim shaytonga itoat qilsa, shayton kabi do‘zaxda abadiy qoladi. Kim nafsga itoat qilsa, ma’lum muddat azoblanadi. Kim havoi xohishga ergashsa, hisobi qattiq bo‘ladi. Kim dunyoga itoat qilsa, dunyoyu oxiratda xasratda bo‘ladi».
Abu Said Xudriy raziyallohu anhu aytadilarki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Mo‘minlar jannatga kirishgach, do‘zaxdagi mo‘minlar haqida Alloh bilan mujodala qilishadi. Ular: «O’ Parvardigoro! Birodarlarimiz biz bilan birga namoz o‘qir, ro‘za tutar edilar, Sen ularni do‘zaxga kiritding», deyishadi. Alloh deydi: «Boringlar, do‘zaxdan tanigan birodarlaringizni olib chiqinglar». Ular do‘zaxdagi birodarlarini tanishadi, chunki ularning yuzlarini do‘zax kuydirmaydi, ularni do‘zaxdan olib chiqishadi. So‘ngra Alloh: «Qalbida zarracha iymoni bor kimsani ham do‘zaxdan olib chiqinglar», deydi», dedilar.
Abu Hurayra raziyallohu anhu aytadilar: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Kim besh vaqt namozni tahoratlarini komil etib, vaqtlariga rioya qilib, ruku’-sajdalarini komil qilib, ulardan birortasini nuqsonli qilmasdan kelsa, Allohning huzurida uni azoblamaslikka ahd bo‘ladi. Kim bularni nuqsonli qilgan bo‘lsa, uning uchun ahd bo‘lmaydi. Alloh xohlasa, unga rahm qiladi, xohlasa, azoblaydi».
Dostları ilə paylaş: |