Alloh aytadi: «Ey mo‘minlar! Allohni ko‘p zikr qilinglar! Va ertayu kech U zotni poklab tasbeh aytinglar! U sizlarni (kufr) zulmatlaridan (iymon) nuriga chiqarish uchun sizlarga marhamat ko‘rsatadigan Zotdir. Uning farishtalari ham (haqlaringizga duo qilurlar). U mo‘minlarga mehribon bo‘lgan zotdir» (Ahzob surasi, 41–43-oyatlar).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Kim menga bir kunda besh yuz marta salovot aytsa, aslo faqir bo‘lmaydi».
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Allohning zikridan boshqa gaplarni ko‘paytirmanglar! Chunki zikrdan o‘zga gaplarni ko‘paytirish qalbni qattiqlashtiradi. Odamlar ichida Allohdan eng uzoqrog‘i qalbi qattiqlaridir», deganlar.
Hikoya qilinishicha, Allohning solih bandalaridan biri vafot etdi. Uni odamlardan biri tushida ko‘rib, ahvol so‘radi. U aytdi: «Mening oldimga yuzlari go‘zal, hidlari judayam xushbo‘y bo‘lgan ikkita farishta keldi va mendan «Rabbing kim?» deb so‘rashdi. Men: «Agar imtihon-sinash uchun so‘rayotgan bo‘lsalaring, bu haromdir, agar sizlar bilish uchun so‘rayotgan bo‘lsalaring: «Rabbim Alloh», deb aytdim. Ular keta boshladi. Men esa: «Menga sayyidimdan xabar keltirmagunlaringcha ketmanglar», dedim. Shu payt «Bu mening bandamdir», degan nido eshitildi va ular ketishdi».
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Me’roj kechasida bir dengizni ko‘rdim, uning miqdorini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Uning qirg‘og‘ida qush suratidagi bir farishta o‘tirardi. Uning yetmish mingta qanoti bor. Agar banda: «Subhonalloh», desa, joyidan qo‘zg‘aladi, agar: «Alhamdulillah», desa, qanotini yozadi va: «La-a ilaha illalloh», desa, uchadi, «Allohu akbar» deganda, o‘zini dengizga tashlaydi, agar: «La-a havla va la-a quvvata illa billahil aliyyil ‘aziym», desa, dengizdan chiqadi-da, qanotlarini silkitadi, har bir qanotidan yetmish mingta tomchi tushadi. Har bir tomchidan Alloh bittadan farishta yaratadi. Bu farishtalar qiyomatgacha yuqorida aytilgan zikrlarni aytguvchi mo‘min uchun tasbeh, tahlil va istig‘for aytadi».
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Alloh arshning qarshisida bir ustun yaratgan. Agar banda «La-a ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh», desa, ustun tebrana boshlaydi. Alloh: «Ey ustun, to‘xta!» deganda, ustun: «Qanday to‘xtayin, haligacha bu so‘zni aytuvchini mag‘firat qilmading?!» deb aytadi. Alloh: «Uni mag‘firat qildim», degach, ustun to‘xtaydi».
Hikoya qilinadiki, Muso alayhissalom ketayotgan vaqtlarida judayam qari bir cholning olov yoqib, unga sig‘inayotganini ko‘rdilar. Shunda Muso alayhissalom: «Ey qariya! Necha yildan buyon bu olovga sig‘inyapsan?» deb so‘radilar. U: «To‘rt yuz to‘qson yildan beri», deb javob berdi. Muso alayhissalom: «Ey qariya! Olovga sig‘inishdan tavba qilish va Allohga qaytish vaqti kelmadimi?!» deganlarida, qariya: «Ey Muso! Agar Allohga qaytsam, meni kechiradimi?!» deb so‘radilar. Muso alayhissalom: «Nega kechirmaydi?! Vaholanki, U arhamur-rohimiyn bo‘lsa», dedilar. Shunda u: «Ey Muso! Agar Alloh o‘ziga qaytuvchilarning tavbasini lutfi-karami bilan qabul qilarkan, menga Islomning xabarini ber», dedi. Muso alayhissalom Islomni xabarini bergan vaqtlarida, u Islomga kirdi va «La-a ilaha illallohu Muso Rasululloh» dedi hamda islomga kirganidan xursand bo‘lib, bir qichqirdi-da, yiqildi. Muso alayhissalom uni qimirlatib ko‘rsalar, vafot etgan ekan. So‘ng uni kafanlab, dafn qilib, qabrining ustida: «Ey Rabbim, faqatgina bitta tavhid kalimasinigina aytgan bu bandangga qanday muomala qilganingni bilmoqchi edim», dedilar. Shunda Jabroil alayhissalom kelib: «Ey Muso! Rabbing senga salom aytdi va: «Kimki: «La-a ilaha illalloh Muso Rasululloh», desa biz uni o‘zimizga yaqinlashtirishimizni va jannat liboslari bilan kiyintirishimizni bilmaysizmi?» dedi», dedilar. Muso alayhissalom qavmlarining oldiga qaytib bordilar va qissani aytib berdilar. Ular tavhid kalimasining harflarini sanashsa, yigirma to‘rtta chiqibdi. Alloh bu kalimaning har bir harfi uchun yigirma yillik gunohni kechiribdi.
Xabarlarda kelishicha, bir banda qiyomat kuni Allohning huzuriga keltirilib, hisob-kitob qilinadi. Gunohining ko‘pligi va savobining ozligi sababli do‘zaxga haqli bo‘ladi. Do‘zaxga yaqinlashtirilgach, u qaltiray boshlaydi. Shunda Alloh: «Ey Maloikalar! Uning nomai a’moliga qaranglar-chi, biror savobi bormikan?» deydi. Ular: «O’ Parvardigor, biror narsa topmadik», deydilar. Shunda Alloh: «Mening huzurimda uning uchun bir amal bordir. Kechalarning birida u uyqusidan uyg‘ondi va meni zikr qilmoqni xohladi, lekin uyqu g‘olib kelib, meni zikr qilolmay uxlab qoldi. Shu sababli Men uni mag‘firat qildim», deydi.
Said raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh alayhissalom aytdilar: «Shayton alayhi la’na Allohga aytdiki: «Ey Rabbim! Izzating va jalolingga qasam, modomiki bandalaringning ruhlari jasadlarida ekan, men ularni adashtirish, kufr va masiyatga boshlash harak’atida bo‘laman». Alloh shunday javob berdi: «Ey mal’un! Izzatim va jalolimga qasam, modomiki bandalarim Meni zikr qilishda va Mendan istig‘for so‘rashda davomiy bo‘lar ekanlar, Men ham ularni kechirishda davomli bo‘laman».
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Qiyomat kuni bir bandani tarozining oldiga keltiradilar. Uning to‘qson to‘qqiz daftari bo‘lib har bir daftar ko‘zining nuri yetadigan darajada uzunlikda bo‘ladi. Bu daftarlar uni xato va gunohlari bilan to‘lgan bo‘ladi. Ular tarozining bir pallasiga qo‘yiladi. So‘ng chumolidek keladigan varaq keltiriladi. Unda «La-a ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh», deb yozilgan bo‘ladi. U tarozining ikkinchi pallasiga qo‘yiladi. Tavhid kalimasi barcha xatolardan og‘ir keladi. Alloh uni do‘zaxdan qutqarib, jannatga kirgizadi».
Faqih Abu Lays aytadilar: «Kim, yettita kalimani yodlab, muhofaza qilsa, u Alloh huzurida ham, farishtalar huzurida ham sharaflidir. Agar-chi gunohlari dengiz ko‘pigichalik ko‘p bo‘lsa ham, Alloh uni mag‘firat qiladi va u ibodatning halovatini topadi. Birinchisi – har bir ishni boshlashdan avval
«Bismillah» demoq. Ikkinchisi – har bir ishdan forig‘ bo‘lgach, «Alhamdulillah», demoq. Agar bekorchi, foydasiz gaplarni gapirib qo‘ysa, «Astag‘firulloh», demoq. To‘rtinchisi – agar ertaga bir ishni qilishni xohlasa, «Inshaalloh» demoq. Beshinchisi – yomon amalga ro‘baro‘ bo‘lsa, «La-a havla va la-a quvvata illa billahil aliyyil ‘aziym» demoq. Oltinchisi – agar musibat yetsa, «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un» demoq. Yettinchisi – «La-a ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh» deyishda davomli bo‘lmoq».
Yettita narsa qabrni nurafshon qiladi. Ulardan har biri Qur’oni karimda mavjuddir. Birinchisi – ibodatda ixlos qilmoq. Zero, Qur’oni karimda: «Holbuki, ular faqat yagona Allohga, U zot uchun dinni xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni to‘kis ado etishga, hamda zakotni (haqdorlarga) ato etishga buyurilgan edilar», deyilgan. Ikkinchisi – ota-onaga yaxshilik qilish. Zero, Qur’oni karimda: «Allohga ibodat qilinglar, unga biron narsani sherik qilmanglar va ota-onaga yaxshilik qilinglar», deyilgan. Uchinchisi, silai rahm, ya’ni qardoshlik aloqalarini bog‘lash. Qur’oni karimda: «Qarindoshlarning haqqini ado eting», deyilgan. To‘rtinchisi – umrni ma’siyatda zoe qilmaslik. Qur’oni karimda bu haqda shunday deyilgan: «Sizlar Allohga qaytadigan kundan qo‘rqinglar». Beshinchisi – Nafsu havoga ergashmaslik, zero, Qur’oni karimda: «Ey iymon keltirganlar, o‘zlaringizni va ahllaringizni do‘zaxdan saqlanglar»; «Endi kim (hayoti dunyodalik paytida qiyomat kuni mahshargohda) Parvardigorining (huzurida) turishi (va U zotga hisob-kitob berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havoyi xohishlardan qaytargan bo‘lsa, u holda faqat jannatgina (uning uchun) joy bo‘lur», deyilgan. Oltinchisi – Allohga toat-ibodat qilishga sa’y-harak’at qilish. Qur’oni karimda: «Rabbingiz tarafidan bo‘lgan mag‘firatga va kengligi osmonlaru yercha bo‘lgan, taqvodorlar uchun hozirlab qo‘yilgan jannatga shoshilinglar», deyilgan. Yettinchisi – Allohni ko‘p zikr qilish. Zero, Qur’oni karimda: «Ey mo‘minlar! Allohni ko‘p zikr qilinglar va ertayu kech U zotni poklab tasbeh aytinglar», deyilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Zikrning afzali «La-a ilaha illalloh»dir. Bu hadisni Jobir raziyallohu anhu rivoyat qilganlar. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Alhamdulillah» duoning afzali», deganlar. Chunki duo banda Rabbini zikr qilish va Undan fazlini so‘rashdan iboratdir.
«Alhamdulillah» kalimasida shu ma’no mavjud. Shukrning boshi ham «Alhamdulillah»dir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Alhamdulillah shukrning boshidir. Allohga hamd aytmagan banda Allohga shukr qilmabdi», deganlar. Shukr esa, ne’matning ziyoda bo‘lishiga sabab. Zero, Alloh: «Agar shukr qilsalaring, batahqiq, ziyoda qilaman», degan. Bas, shunday ekan, kim «Alhamdulillah» desa, Allohga hamdu sano aytish bilan birga fazlu rahmatini ham so‘ragan bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |