Qirq ikkinchi majlis TAVOZU’ HAQIDA
Alloh taolo aytadi: «Rahmonning (suyukli) bandalari yerda tavozu’ bilan yuradigan, johil kimsalar (bema’ni) xitob qilgan vaqtlarida ham «Salomat bo‘linglar», deb javob qiladigan kishilardir» (Furqon surasi, 63-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Kimning huzurida men zikr qilinsamu, u menga salovot aytmasa, do‘zaxga kiradi». Payg‘ambarimizga har bir zikr qilinganlarida salovot aytish Imom Tahoviy nazdlarida vojibdir. Ba’zi ulamolar xuddi tilovat sajdasi kabi, bir majlisda bir marta aytsa, kifoya qiladi, deganlar. Fatvo ham shunga berilgan. Afzali har bir zikr qilinganlarida aytishdir.
Ibn Abbos raziyallohu anhu aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:
«Har bir kimsaning boshi ustida ikkita zanjir bo‘ladi. Biri yettinchi qavat osmongacha, ikkinchisi yetti qavat yergacha yetadi. Agar inson tavozu’ qilsa, Alloh yettinchi qavat osmongacha bo‘lgan zanjir bilan uni ko‘taradi. Agar takabburlik qilsa, yetti qavat yergacha bo‘lgan zanjir bilan tubanga tushiradi».
Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Alloh taolo aytdi: «Ulug‘lik ridoimdir, buyuklik izorimdir, kim ikkalasida Men bilan talashsa, uni do‘zaxga uloqtiraman va unga e’tibor bermayman».
Bu hadisda ulug‘lik ridoim, buyuklik izorim, deyishdan maqsad, bu ikkalasi Allohning ikkita sifatidir. Zaif bandaga takabburlanish to‘g‘ri kelmaydi. Amr ibn Shuayb rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Qiyomat kuni mutakabbirlar mahsharga odam suratidagi chumolidek bo‘lib keladi. Ularni har tarafdan xorlik o‘rab oladi. Ular jahannamdagi zindonlarga tashlanadilar va do‘zaxning eng shiddatli olovi bilan azoblanadilar, ahli jahannamdan oqqan suyuqliklar bilan sug‘oriladilar».
Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Uch toifa borki, qiyomat kuni Alloh ular bilan gaplashmaydi, ularni poklamaydi, ularga nazar ham solmaydi, ular uchun alamli azob bo‘ladi: zinokor qariya, yolg‘onchi podshoh, mutakabbir kambag‘al».
Kambag‘aldan murod oilali bo‘lib, ularni boqishga qodir bo‘lmasa ham, kibrlanib, na zakot, na baytul moldan nafaqa oladi. U oilasiga zarar yetkazayotgani uchun gunohkordir.
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim tavozu’ qilsa, Alloh uning darajasini ko‘taradi, kim takabburlik qilsa, Alloh uni xor etadi» deganlar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Kimning qalbida zarracha kibri bo‘lsa, jannatga kirmaydi. Uning kibri o‘zi bilan jannat o‘rtasida parda bo‘ladi. Chunki kibri uni mo‘minlarning axloqidan to‘sgan edi. Bu axloqlar jannatning eshiklaridir».
Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar alayhissalom: «Birodaridan qolgan suvni ichish tavozu’dandir. Kim birodaridan qolgan suvni ichsa, uning uchun yetmishta hasanot yozilib, yetmishta gunohi o‘chiriladi», deganlar.
Nuh alayhissalom o‘g‘illariga aytdilar: «Men sizlarga bir necha xislatlarning xabarini beraman, bu xislatlar kimda bo‘lsa, unda takabburlik bo‘lmaydi: qo‘y boqish, eshak minish, jun kiyim kiyish, faqir mo‘minlar bilan birga o‘tirish, oilasi bilan birga ovqatlanish».
Umar raziyallohu anhu aytadilar: «Tavozu’ning boshi – yo‘liqqan musulmonga birinchi bo‘lib salom berish, majlisda pastroq o‘ringa ham rozi bo‘lish, taqvo va yaxshilik bilan eslanishni yomon ko‘rish».
Umar raziyallohu anhu Shomga ketayotib, g‘ulomlari bilan bitta tuyani navbatlashib mindilar. Umar raziyallohu anhu tuyaga minsalar, g‘ulom uning jilovidan yetaklardi. Bir farsax yurgach, Umar raziyallohu anhu tushib, g‘ulom tuyaga minardi, Umar raziyallohu anhu bir farsax masofada tuyani jilovidan ushlab yetaklar edilar. Shomga yaqinlashib qolganlarida tuyaga minish navbati g‘ulomga to‘g‘ri keldi. ¢ulom tuyaga mingach, Umar raziyallohu anhu tuyaning jilovini ushlab, yetaklay boshladilar. Yo‘lda suvga duch kelishdi. Umar raziyallohu anhu kovushlarini chap qo‘ltiqlariga
qistirib, tuyani yetaklab suvga tushdilar. Shu payt ularga Abu Ubayda ibn Jarroh raziyallohu anhu peshvoz chiqdilar. U kishi Shomning amiri edilar. «Ey Amirul mo‘minin, Shomning ulug‘lari oldingizga peshvoz chiqmoqda. Ular sizni u ahvolda ko‘rsalar, yaxshi bo‘lmaydi», deb aytganlarida, Umar raziyallohu anhu: «Alloh bizlarni Islom bilan aziz qildi. Shunday ekan, men odamlarning gaplariga parvo qilmayman», deb javob qildilar.
Bir musulmon kishi hokimning gerdayib yurganini ko‘rib: «Ey Allohning bandasi, bunday yurishni Alloh va Rasuli yomon ko‘radi», dedi. Hokim: «Meni tanimadingmi?» deganida, «Albatta tanidim, avvaling jirkanch nutfa, oxiring sassiq o‘laksa, hozir ko‘rsatib turgan narsaning barchasi najosat», deb javob berdi. Shunda hokim kibrli yurishini tark etib tavba qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makkadan hijrat qilib, Madinaga kirganlarida, boylar tuyaning jiloviga yopishib olishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Tuyaning jilovini qo‘yib yuboringlar, unga qaerda to‘xtashi buyurilgandir», dedilar. So‘ng qo‘yib yuborishdi. Har gal tuya bir hovlidan o‘tib ketsa, u hovlining egasi xafa bo‘lib: «Agar mening davlatim bo‘lganida, albatta, Muhammad sollallohu alayhi va sallam mening mehmonim bo‘lar edi», derdi. Tuya Abu Ayyub Ansoriyning eshigi oldiga kelgan vaqtda yerga cho‘kdi. Uni turg‘izmoqchi bo‘lishgan edi, turmadi. Shunda Jabroil alayhissalom kelib: «Mana shu hovliga tushing, chunki siz Madinaga kirgan vaqtingizda bu hovlining egasi Allohga tavozu’ qildi. Odamlar esa hovlilarini bezashdi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizning hovlimizga tushadi», deyishdi. Abu Ayyub esa o‘zicha o‘ylaydi:
«Men bir faqir bo‘lsam, qaerdan ham Alloh huzurida mening qadrim bo‘lsinki, Nabiyini mening hovlimga tushirsa». Alloh uning tavozu’si uchun hovlisiga payg‘ambarini tushirdi», dedi.
Bani Isroildan bo‘lgan bir kishi yetmish yil Allohga ibodat qildi va og‘iz ochmasdan ro‘za tutdi. So‘ng o‘zining hojatini Allohdan so‘radi. Alloh hojatini o‘tamadi. Shunda u: «Agar men uchun Allohning huzurida bir manzil, bo‘lganda, hojatimni chiqarardi», dedi. Shunda Alloh bir farishtani yubordi va u: «Ey Odam bolasi, sening tavozu’ing Alloh huzurida yetmish yil qilgan ibodatingdan afzaldir. Bas, shu tavozu’ sababli Alloh hojatingni o‘tadi», dedi.
Ka’bul Axbor aytadilar: «Alloh Musoga vahiy qilib dedi: «Ey Muso! Nima uchun sen bilan vositasiz gaplashganimni bilasanmi?!» Shunda Muso alayhissalom: «Ey Rabbim! Buning sababini o‘zing bilguvchiroqsan», dedilar. Alloh: «Albatta, Men bandalarimning qalbiga nazar soldim va sening qalbingdan ko‘ra tavozu’roq qalbni ko‘rmadim, shu sababli sen bilan gaplashdim», dedi.
Aytishlaricha, oltita narsani tavozu’ qilgani uchun Alloh tengqurlaridan balandga ko‘tardi. Birinchisi – Judiy tog‘i. Alloh tog‘larga vahiy qildi: «Albatta, Men Nuhning kemasini sizlarning ichingizdan bir toqqa qo‘ndiraman». Tog‘larning barchasi gerdayib takabburlik qildi. Judiy tog‘i esa:
«Menda qaerdan ham qadr bo‘lsinki, Alloh menga Nuhning kemasini qo‘ndirsa», dedi. Tavozu’si sababli Alloh uning martabasini boshqa tog‘lardan baland qildi va unga Nuh alayhissalomning kemasini qo‘ndirdi. Shunda tog‘lar: «O’ Parvardigoro, nega Judiyni bizlardan afzal qilding?! Vaholangki, u bizning eng kichigimiz», deyishganida, Alloh: «Chunki u tavozu’ qildi, sizlar esa takabburlik qildinglar», deb javob berdi. Ikkinchisi – Tur tog‘i. Alloh tog‘larga: «Men bandalarimdan biri bilan sizlarning biringizning ustida gaplashaman», deya vahiy yubordi. Tog‘larning hammasi takabburlik qilishdi. Turi Siyno esa tavozu’ bilan: «Qanday qilib, Alloh mening ustimda bandalarining biri bilan gaplashadi», dedi. Shu sababli Alloh uning ustida Muso bilan gaplashdi. Uchinchisi – Hut. Alloh baliqlarga: «Albatta, Men sizlardan biringizning qorningizga Yunusni kiritaman», deb vahiy qildi. Baliqlarning hammasi takabburlik qilishdi, faqat bir baliq tavozu’ bilan: «Men kimmanki, Alloh qornimni payg‘ambari uchun panohgoh qilsa», dedi.
Tavozu’ qilgani uchun Alloh uning darajasini balandga ko‘tardi. To‘rtinchisi – asalari. Alloh qushlarga vahiy qildi: «Albatta, Men sizlardan biringizda odamlar uchun shifo bo‘lgan suyuqlikni quyguvchiman». Qushlarning hammasi takabburlik qildi, magar asalari tavozu’ bilan: «Men kimmanki, uni menga quysa», dedi. Tavozu’ qilganligi uchun Alloh uning darajasini ko‘tardi. Beshinchisi – Muhammad alayhissalom. Alloh Ibrohim alayhissalomga: «Sen kimsan?» dedi. U kishi: «Men
Xalilman», dedilar. Muso alayhissalomga: «Sen kimsan?» dedi. Muso alayhissalom: «Men Kalimman», dedilar. Iso alayhissalomga: «Sen kimsan?» dedi. «Men Ruhman», dedilar. Muhammad sollallohu alayhi va sallamga: «Sen kimsan?» deganida, «Yetimman», dedilar. Shuning uchun Alloh u kishining darajalarini boshqa payg‘ambarlardan baland qildi. Oltinchisi – Allohga sajda qilish bilan tavozu’ qilgan mo‘minki, Alloh uning qalbini Islomga ochib qo‘yish bilan mukarram etdi.
Dostları ilə paylaş: |