Qirqinchi majlis O’LIM ACHIQLIGI BAYONI
Alloh taolo aytadi: «(Ey Muhammad), Biz sizdan avval ham birorta odamga abadiy hayot bergan emasmiz. Bas, agar siz o‘lsangiz, ular abadiy qolurlarmi? (Yo‘q, ular ham mangu qolmaslar.) Har bir jon o‘limni totib ko‘rguvchidir. Biz sizlarning (sabr-toqatlaringizni sinash uchun), yomonlik bilan ham, (shukr qilishingizni bilish uchun) yaxshilik bilan ham, «aldab», imtihon qilurmiz. (Keyin) faqat Bizgagina qaytursizlar» (Anbiyo surasi, 34–35-oyatlar).
Abu Bakr Siddiqdan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi, u kishi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga salovot aytish sovuq suv olovni o‘chirganidan ko‘ra gunohlarni o‘chirguvchiroqdir. Rasulullohga salom aytish qulni ozod qilishdan afzalroqdir», deb aytdilar («Shifoi sharif»).
Rivoyat qilinishicha, o‘lim farishtasi bilan birga yetmishta rahmat va yetmishta azob farishtasi ham bo‘lib, agar u mo‘min bandaning jonini olsa, uni rahmat farishtalariga topshiradi. Ular mo‘min kishiga jannat ne’matlarining bashoratini beradi va uni illiyyinga (ettinchi osmonda dunyodan o‘tgan mo‘minlarning ruhlari saqlanadigan makonga) olib chiqadi. Kofir bandaning esa, jonini olib, uni azob farishtalariga topshiradi, so‘ng uni sijjin – asfalasofilinga tashlab yuborishadi.
Rivoyatlarga ko‘ra, o‘lim farishtasi bandaning jonini to‘rt tomonidan – boshidan, oldidan, orqasidan va oyoqlarini ostidan sug‘urib oladi. Payg‘ambarlar va farishtalarning jonini boshi tarafidan, mo‘minlarning jonini oldlaridan, kofirlarning jonini orqalaridan, jinlarning jonini oyoqlaridan oladi. O’lim farishtasi shunchalik ulkanki, bir oyog‘i jannat, ikkinchi oyog‘i do‘zax ko‘prigining ustida bo‘lib, agar daryo-yu dengizlarning suvi uning boshidan quyilsa ham, oyog‘ining ostida bir tomchi suv yig‘ilmaydi.
Rivoyat qilinadiki, Iso alayhissalom Allohning izni bilan o‘liklarni tiriltirar edilar. Kofirlarning ba’zilari: «Sen yaqindagina o‘lgan o‘liklarni tiriltiryapsan. Ehtimol ular o‘lmagan bo‘lishi mumkin, sen bizga oldin o‘lib ketgan o‘liklarni tiriltir», deyishdi. Iso alayhissalom: «Xohlaganlaringni tanlanglar», dedilar. Ular: «Nuhning o‘g‘li Som», deyishdi. Iso alayhissalom uning qabri oldiga keldilar, ikki rak’at namoz o‘qib, Allohga duo qilgan edilar, Sam tirildi. Uning soch-soqollari oqarib ketgan edi. Iso alayhissalom: «Ey Som! Nima uchun soch-soqollaring oqargan? Vafot etgan vaqtingda bunday emas edi-ku?!», deganlarida, u: «Sen chaqirgan vaqtingda qiyomat qoyim bo‘ldimi, deb gumon qildim va dahshatdan soch-soqolim oqarib ketdi», deb javob berdi. «Vafot etganingga necha yil bo‘ldi?» deb so‘raganlarida «To‘rt ming yil. Lekin haligacha jon berish holatidagi alam va achchiqlik meni tark etmadi», deb aytdi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Jannatdagi joyini ko‘rmaguncha mo‘minning joni chiqmaydi, kofirning joni ham do‘zaxdagi joyini ko‘rmaguncha chiqmaydi», dedilar. «Yo Rasululloh, mo‘min jannatdagi, kofir do‘zaxdagi makonini qanday qilib ko‘radi», deya so‘rashdi sahobalar. Muhammad sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Albatta, Alloh Jabroilni judayam go‘zal qilib yaratgan. Uning olti yuzta qanoti bo‘lib, ikkitasi yashil. Agar qanotlarini yozsa, yeru osmonni to‘ldiradi. O’ng qanotida jannat, hurul aynlar, qasrlar va boshqa ne’matlarning, chap qanotida jahannam, ilonlaru chayonlar va boshqa azoblarning suratlari chizilgan. Agar bandaning ajali yetsa, farishtalardan bir to‘dasi uning tomirlari ichiga kirib, jonini oyoqlaridan tizzalarigacha siqib keladilar. Keyin bu to‘da chiqib ketib, boshqa to‘da kiradi. Ular bandaning jonini kindigigacha siqib kelishadi. So‘ng bu to‘da ham chiqib, uchinchi farishtalar to‘dasi kiradi va jonini qornidan ko‘kragigacha siqib kelishadi. To‘rtinchi to‘dasi kirib, bandaning jonini halqumigacha siqib kelishadi. Alloh taolo bu haqda: «Bas, qachon (vafot qilayotgan kishining joni) halqumiga yetganida…» degan (Voqea surasi, 86-oyat). Agar banda mo‘min bo‘lsa, mana shu vaqtda Jabroil alayhissalom o‘ng qanotini yoyadi. Mo‘min banda jannatdagi makonini ko‘rgach, unga mushtoq bo‘lib, boshqa narsalarga parvo qilmay qo‘yadi. Agar banda munofiq bo‘lsa, Jabroil alayhissalom chap qanotini yoyadi. U do‘zaxdagi o‘rnini
ko‘rgach, qo‘rquvdan ota-onasiga, hatto bolalariga ham e’tibor bermay qoladi. Qabri jannat bog‘laridan bo‘lgan banda juda saodatlidir. Qabri do‘zax chohlaridan bo‘lgan kimsaga vayl bo‘lsin».
Ruh uch turlidir: sultoniy, ruxoniy va jismoniy. Sultoniy ruhning o‘rni qalbda. Ruhoniy ruh ko‘krakda qaror topadi, jismoniy ruh qon va go‘shtlar bilan tomir va suyaklar orasida bo‘ladi. Odam uxlagan mahalda ruh chiqadimi, deb so‘ralsa, chiqadi, degan kishi ham, chiqmaydi, degan kishi ham xato qiladi. Agar banda uxlasa, jismoniy ruhi chiqib, osmonlaru yerning orasida sayr qiladi. Agar aqli jismoniy ruh bilan birga chiqqan bo‘lsa, tushida ko‘rganlarini o‘ngida ko‘radi. Aqli chiqmagan bo‘lsa, tushidagilarini o‘ngida ham ko‘radi, ammo tushunmaydi.
Usmondan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: U kishi qabr oldidan o‘tib qolsalar, yig‘layverar, hatto saqollari ho‘l bo‘lib ketar edi. U kishidan: «Ey amirul mo‘minin, siz jannat, do‘zax, qiyomat dahshatlarini eslasangiz, yig‘lamaysiz, ammo qabrni eslasangiz, yig‘laysiz. Buning boisi nima?» deb so‘rashdi. Usmon raziyallohu anhu aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qabr oxirat manzillarining avvalgisi, dunyo manzillarining oxirgisidir. Kim qabrda najot topsa, qolganlari yengil bo‘ladi. Kim qabrda najot topmasa, qolganlari yanada og‘irroq bo‘ladi», deganlar. Agar do‘zaxda bo‘lsam ham, odamlar bilan bo‘laman, qiyomatda bo‘lsam ham, odamlar bilan bo‘laman. Lekin qabrda bo‘lsam, men bilan hech kim bo‘lmaydi, shuning uchun yig‘layapman».
Vahb ibn Munabbah aytadi: «Iso alayhissalom kunlarning birida onalariga: «Bu dunyo foniydir, oxirat esa boqiy. Ey onajon, keling toqqa ketaylik», dedilar. So‘ng toqqa ketishdi. Ular kunduzi ro‘za tutishar, kechasi namozda qoim bo‘lishar edi. O’simliklardan yeb, yomg‘ir suvidan ichishardi. U yerda uzoq turib qolishdi. Bir kuni Iso alayhissalom iftorlikka o‘simlik olib kelish uchun tog‘dan pastga tushdilar. Shu payt o‘lim farishtasi kelib: «Senga salom bo‘lsin, ey Maryam», dedi. Maryam: «Sen kimsan, ovozingdan badanim titrab ketdi, haybatingdan aqldan ozishimga oz qoldi», dedi. «Men kichiklarga kichik bo‘lgani uchun, kattalarga katta bo‘lgani uchun rahm qilmayman, men jon oluvchi farishtaman», dedi u. Maryam: «Ey o‘lim farishtasi, jonimni olish uchun keldingmi?» deb so‘radi. O’lim farishtasi: «O’limga hozirlanaver», dedi. Maryam: «Ko‘zimning quvonchi, qalbimning mevasi bo‘lmish farzandim kelguncha izn bera olmaysanmi?», dedi. Farishta: «Men buyurilganman, orqaga surishga qodir emasman», dedi. Maryam: «Unday bo‘lsa, Allohning amriga buysunib, jonimni ol», dedi va farishta Maryamning jonini oldi. Iso alayhissalom kech keldilar, o‘zlari bilan o‘simliklar ham bor edi. Qarasalar, onalari mehrobda «uxlab» yotibdi. O’simliklarni oldilariga qo‘ydi va namoz o‘qishga kirishdi. Bir muddatdan keyin onalariga qaradilar va g‘amgin ovoz bilan: «Sizga salom bo‘lsin, ey onajon! Kech kirdi, ro‘zadorlar iftor qildi, ibodat qiluvchilar ibodatga kirishdi. Sizga nima bo‘ldi, ibodatga turmayapsiz», dedilar. So‘ng qaytib ibodatni boshladilar, biror narsa yemadilar, hatto kechaning uchdan ikki qismi o‘tdi. Onalari bilan iftor qilishni judayam xohlagan edilar. Keyin yana g‘amgin ovoz bilan: «Sizga salom bo‘lsin, ey onajon!» dedilar. Onalaridan javob bo‘lmadi. Qaytib namoz o‘qidilar, xatto tong otdi. So‘ng yonoqlarini onalarining yonoqlariga qo‘yib yig‘lab aytdilarki:
«Sizga salom bo‘lsin, ey onajon, tong otdi, namoz vaqti kirdi». Shunda osmondagi farishtalar, atrofdagi jinlar yig‘lab yubordi, ostilaridagi tog‘ titrab ketdi. Alloh taolo farishtalarga: «Sizlarni nima yig‘latdi», deb so‘radi. Farishtalar: «Ey Parvardigor, o‘zing bilguvchiroqsan», dedilar. So‘ng Iso alayhissalomga: «Ey Iso, boshingni ko‘tar, onang vafot etdi», deb nido qilindi. Iso alayhissalom yig‘lab boshlarini ko‘tardilar-da: «Endi kim menga ibodat qilishimga yordam qiladi», dedilar. So‘ng tog‘dan tushib, Bani Isroil qishloqlaridan biriga borib: «Assalomu alaykum, ey Bani Isroil», dedilar. Ular: «Sen kimsan, ey Xudoning bandasi? Yuzing juda ham nurafshon bo‘lib, atrofimizni yoritib yubordi», deyishdi. «Men Ruhullohman. Onam g‘ariblikda vafot etdi. Menga uni yuvishga, kafanlashga hamda dafn qilishga yordam beringlar», dedilar. Ular: «Ey Ruhulloh, bu tog‘da ilonlar juda ham ko‘p. Ota-bobolarimiz uch yuz yildan buyon unda yurmagan», deya javob berishdi. Iso alayhissalom toqqa qaytib ketdilar. Qarasalar, ikki chiroyli yigit turgan ekan, ularga salom berdilar va:
«Onam g‘ariblikda vafot etdi, menga uni dafn qilishga yordam beringlar», dedilar. Ular salomga javob qaytarib, birlari: «Bu Mikoil, men Jabroilman. Hozirgina jannatdan hurlar tushib, uni yuvishdi va
kafanlashdi», dedi. Jabroil alayhissalom tog‘ning tepasidan qabr kovladilar. Maryamga namoz o‘qishdi, so‘ng ko‘tarishdi. Shunda Iso alayhissalom: «Ey Allohim, Sen meni ko‘rib, eshitib turibsan. Birorta ishim sendan maxfiy emas. Onam vafot etdi, uning vafoti vaqtida men hozir bo‘lolmadim. Bas, onamga izn ber, men bilan gaplashsin», deb iltijo qildilar. Alloh taolo izn berdi. U kishi aytdilar:
«Sizga salom bo‘lsin, ey onajon, yotgan joyingiz qanday? Rabbingizga qay holatda yo‘liqdingiz, o‘limning alamiga qanday chidadingiz?» Bibi Maryam shunday javob berdi: «O’tgan joyim eng yaxshi joy, Rabbimga U mendan rozi bo‘lgan holatda yo‘liqdim, o‘limning achchiqligi xalqumimdan, o‘lim farishtasi haybati esa ko‘z o‘ngimdan ketgani yo‘q, qiyomatgacha xayr, ey farzandim!»
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qizlari Fotimai Zahro vafot etganlarida, u kishining janozalariga to‘rt kishi – Hazrati Ali raziyallohu anhu, ikki o‘g‘illari Hasan va Husayn, Abu Zarr raziyallohu anhu hozir bo‘ldi. Qabrga qo‘ygan vaqtlarida Abu Zarr aytdilar: «Ey qabr! Senga kimni olib kelganimizni bilasanmi? U Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qizlari, Alining raziyallohu anhu jufti haloli, Hasan va Husaynning onalari Fotimai Zahrodir». Shunda ular qabr tomondan: «Men hasab va nasab o‘rni emasman. Faqatgina solih amal o‘rniman. Mendan faqat yaxshiligi ko‘p, qalbi salomat, amali solih bo‘lganlargina salomat qoladi», degan nidoni eshitdilar.
Abu Lays Samarqandiy aytadilar: «Qabr azobidan salomat qolishni istagan kimsa to‘rt narsani lozim tutishi va to‘rt narsadan chetlanishi kerak. Lozim tutishi kerak bo‘lgan to‘rt narsa: namoz, sadaqa, Qur’onni ko‘p tilovat qilish, tasbehni ko‘p aytish. Bular qabrni nurafshon va keng qiladi. Chetlanishi lozim bo‘lgan to‘rt narsa: yolg‘on gapirish, xiyonat qilish, chaqimchilik, tik turib bavl qilish».
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Siydikdan ehtiyot bo‘linglar, chunki qabr azobining aksariyati shu sabablidir», deganlar.
Abu Bakrdan raziyallohu anhu: «Jon tanadan chiqqandan keyin qaerga ketadi?» deb so‘rashganda, u kishi: «Yetti joyga ketadi. Payg‘ambarlarning ruhlari Adn jannatiga, ulamolarning ruhlari Firdavs jannatiga, saodatli kimsalarning ruhlari Illiyyinga, shahidlarning ruhlari jannatda xohlagan yerlarida uchib yuradigan qushlarning ichiga ketadi. Gunohkor mo‘minlarning ruhlari qiyomatgacha osmon bilan yerning o‘rtasida muallaq turadi. Mo‘minlar farzandlarining ruhlari mushkdan bo‘lgan tog‘da bo‘ladi. Kofirlarning ruhlari sijjinda qiyomatgacha jasadlari bilan birga azoblanadi».
Rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Xaloyiq qabrdan qayta tirilganida, qirq yil yemasdan, ichmasdan, o‘tirmasdan, gaplashmasdan tik turadi», dedilar. So‘rashdiki: «O’ Rasululloh, qiyomat kuni ummatingizni qanday qilib taniysiz?» Rasululloh: «Qiyomat kuni ummatimni ularni tahorat olib yuvgan a’zolari yaltirab turishidan taniyman», deb javob qildilar.
Hadislarda kelishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qiyomat kuni odamlar mashharga onalaridan tug‘ilgan kunidagidek yalangoyoq, yalong‘och holatda keladi», dedilar. Oyisha raziyallohu anhu: «Voy sharmandalik! Odamlar bir-birlariga qaraydilar-ku?!» dedilar shunda. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Ey Abu Bakrning qizi! U kunda odamlarning bir-birlariga qarashga hollari qolmaydi, hammalarining ko‘zlari osmonga tikilgan bo‘ladi. Qirq yil yemasdan, ichmasdan turadilar. Ayrimlarning badanidan oqqan ter to‘pig‘igacha, ayrimlarniki boldirigacha, ba’zilarniki qornigacha, ayrimlarniki ko‘kragigacha, ba’zilarniki bo‘g‘zigacha ko‘tariladi», dedilar.
Dostları ilə paylaş: |