11.2. Qisqa va uzoq muddatli davrlarda ishlab chiqarish xarajatlarining o‘zgarish
tamoyillari.
Ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olishda vaqt omili, ya’ni xarajat qilingandan yakuniy
natija olinguncha o‘tgan davr sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli vaqt omilidan kelib chiqib,
ishlab chiqarish xarajatlarini qisqa va uzoq muddatli davrda alohida tahlil qilinadi.
Korxona ishlab chiqarish hajmini o‘stirish uchun qisqa davrda faqat o‘zining o‘zgaruvchi
xarajatlari miqdorini o‘zgartirishi mumkin. Bu qisqa muddatli xarajatlardir. Ishlab chiqarish
quvvatlari esa (ishlab chiqarish bino va inshootlari maydoni, texnika va texnoligiyalar miqdori)
doimiy bo‘lib qoladi, hamda bu davr faqat ulardan foydalanish darajasini o‘zgartirish uchun
yetarli bo‘lishi mumkin.
Uzoq muddatli davr-bu korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarini va barcha band bo‘lgan
resurslari miqdorini o‘zgartirish uchun yetarli bo‘lgan davrdir.
Ishlab chiqarish quvvatlarining o‘zgarishini taqozo qiladigan davr davomiyligi ayrim tarmoq
va korxona xususiyatidan kelib chiqib farqlanishi mumkin.
Qisqa muddatli davr mobaynida korxona o‘zining doimiy quvvatlariga o‘zgaruvchi
resurslar miqdorini qo‘shib borish yo‘li bilan ishlab chiqarish hajmini o‘zgartirishi mumkin.
Biroq, ishlab chiqarish quvvatlariga (doimiy resurslarga) qo‘shilgan o‘zgaruvchi resurslar
ma’lum vaqtdan so‘ng kamayib boruvchi natija, ya’ni mahsulot beradi.
Bu holat marjinalistlar tomonidan ishlab chiqilgan samaraning kamayib borishi qonuni
orqali izohlab beriladi. Unga ko‘ra, ma’lum davrdan boshlab korxonaning ishlab chiqarish
quvvatlariga, ya’ni kapital yoki yerga o‘zgaruvchi resurslar birligi, ya’ni mehnatni ketma-ket
qo‘shib borish, har bir keyingi o‘zgaruvchi resurs birligi qiymatiga kamayib boruvchi
qo‘shimcha mahsulot beradi.
Samaraning kamayib borish qonuni, o‘zgaruvchi resurslarning barcha birligi, ya’ni
ishchilar sifat jihatidan bir xilligiga asoslanadi. Ya’ni, har bir qo‘shimcha jalb qilingan ishchi
bir xil aqliy layoqatga, bilimga, malakaga, harakat tezligi va shu kabilarga ega deb hisoblanadi.
Demak, qo‘shilgan mahsulot keyingi jalb qilingan ishchi kam malakaga ega bo‘lgani
uchun emas, balki capital, ya’ni fondlarning mavjud miqdoriga nisbatan ko‘p miqdorda
ishchilarni band qilish sababli kamayib boradi. Bu yerda ishlab chiqarish omillari o‘rtasidagi
nisbat, mutanosiblik buzilishi sodir bo‘ladi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, samaraning pasayib borishi degan qonun tabiiy ravishda
o‘zidan o‘zi emas, balki omillarning boshqasi o‘zgarmagani holda ayrimlarini ko‘paytirib, ular
o‘rtasidagi mutanosiblik buzilganda sodir bo‘ladi.
Qulay iqtisodiy muhit tufayli, ishlab chiqarish quvvatlarining to‘xtovsiz kengayib borishi
natijasida korxona o‘rtacha umumiy xarajatlarida qanday o‘zgarish ro‘y beradi, avvalo ma’lum
bir vaqt oralig‘ida ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi o‘rtacha umumiy xarajatlarning
pasayishi bilan birga boradi. Ammo natijada yanada ko‘proq quvvatlarni ishga tushirish
o‘rtacha umumiy xarajatlarning o‘sishiga olib keladi. Bunday hollarni samaraning kamayib
borish qonuni tushuntirib berolmaydi, chunki uning amal qilish shart-sharoiti ishlab chiqarishda
foydalanadigan resurslardan bittasi miqdorining o‘zgarmasligi hisoblanadi. Uzoq muddatli
davrda barcha resurslar miqdori o‘zgaradi. Bundan tashqari biz tahlilda barcha resurslar narxini
doimiy deb faraz qilamiz. Shu sababli uzoq muddatli davrda o‘rtacha xarajatlarning o‘zgarishi
tamoyilini ishlab chiqarish miqyosi o‘sishining ijobiy va salbiy samarasi yordamida
tushuntirish mumkin.
Ishlab chiqarish miqyosining ijobiy samarasi shunda namoyon bo‘ladiki, korxonada ishlab
chiqarish hajmi o‘sib borishi bilan, bir qator omillar ishlab chiqarish o‘rtacha xarajatlarining
pasayishiga ta’sir ko‘rsata boshlaydi. Bu omillar quyidagilar:
-
mehnatning ixtisoslashuvi;
-
boshqaruv xodimlarining ixtisoslashuvi;
-
kapitaldan samarali foydalanish;
-
qo‘shimcha turdagi mahsulotlarning ishlab chiqarilishi.
Vaqt o‘tishi bilan firmaning kengaytirilishi salbiy iqtisodiy oqibatlarga va bundan kelib
chiqqan holda, mahsulot birligi ishlab chiqarish xarajatlarining o‘sishiga olib kelishi mumkin.
Salbiy miqyos samarasi ro‘y berishining asosiy sababi yirik miqyosdagi ishlab
chiqaruvchiga aylangan firmaning faoliyatini samarali nazorat qilish va muvofiqlashtirishga
harakat qilish chog‘ida vujudga keluvchi ma’lum boshqaruv qiyinchiliklari bilan bog‘liq.
Uncha katta bo‘lmagan korxonada bitta-yagona boshqaruvchi uning faoliyatiga doir barcha
muhim qarorlarni shaxsan o‘zi qabul qilishi mumkin. Firma hajmining uncha katta
bo‘lmaganligi tufayli mazkur boshqaruvchi barcha ishlab chiqarish jarayonini yaxshi tasavvur
qila oladi hamda firma faoliyatining barcha yo‘nalishlarini tezlik bilan o‘zlashtira olishi, o‘z
qo‘l ostidagilaridan olayotgan axborotlarni osonlik bilan tahlil qilishi, ular asosida aniq va
samarali qaror chiqara olishi mumkin bo‘ladi.
Biroq bunday qulay holat firma miqyosining kengayishi bilan o‘zgaradi. Ma’muriy
xodimlar va ishlab chiqarish jarayonini alohidalashtiruvchi boshqaruv qatlamlari ko‘payib
boradi; yuqori rahbariyat korxonadagi haqiqiy ishlab chiqarish jarayonidan alohidalashib
qoladi. Yirik korxona miqyosida oqilona qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan barcha
ma’lumotlarni yig‘ish, tushunish va qayta ishlash bir kishi uchun imkon darajasidan tashqarida
bo‘ladi. Boshqaruv apparatining chuqurlashuvi va kengayishi esa axborot almashinuvi,
qarorlarni muvofiqlashtirishdagi muammolarni hamda byurokratik holatni keltirib chiqaradi,
Boshqaruvning turli bo‘g‘inlari tomonidan qabul qilingan qarorlar bir-biriga zid kelish ehtimoli
kuchayadi. Natijada samaradorlik pasayib, ishlab chiqarishning o‘rtacha xarajatlari oshadi.
Boshqacha aytganda, barcha resurslar miqdorining 10%ga o‘sishi ishlab chiqarish hajmining
nomuvofiq ravishda 5%ga o‘sishiga olib keladi.
Ishlab chiqarish miqyosining o‘sishidan doimiy ravishda olinuvchi samara, ba’zi hollarda
ijobiy miqyos samarasi ta’siri barham topuvchi ishlab chiqarish hajmi bilan salbiy miqyos
samarasi kuchga kiruvchi ishlab chiqarish hajmi o‘rtasidagi tafovut juda ahamiyatli bo‘lishi
mumkin. Bu ikkala chegara orasidagi maydonda barcha resurslarning 10%ga o‘sishi ishlab
chiqarish hajmining mutanosib ravishda 10%ga ko‘payishiga olib keladi.
Ishlab chiqarish miqyosining kengayib borishi chuqur ixtisoslashuv tufayli boshqarish
bo‘yicha mutaxassislar mehnatidan ancha yaxshi foydalanish imkoniyatini beradi. Bu natijada
samaradorlikning ortishi va mahsulot birligiga ishlab chiqarish xarajatlarining kamayishiga olib
keladi.
Dostları ilə paylaş: |