Monopsoniya-tarmoqdagi ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchilar soni juda ko‘p bo‘lib, ular
tovar yoki xizmatlarining yagona iste’molchisi yoki xaridori mavjud bo‘lgan
sharoitdagi
yakkahukmronlik holati hisoblanadi. Bunga «GM Uzbekistan» kompaniyasi yaqqol misol bo‘la
oladi. Mazkur yirik korxona mamlakatimizdagi yengil avtomobillarni ishlab chiqarishda zarur
bo‘lgan ko‘plab ehtiyot va butlovchi qismlarni ularning nisbatan mayda ishlab
chiqaruvchilaridan sotib olishda yakkahukmronlik mavqeiga ega bo‘ladi.
2. Monopoliyaning vujudga kelishi sababi va tavsifiga ko‘ra: tabiiy monopoliya, qonuniy
monopoliya, sun’iy monopoliya.
Tabiiy monopoliya tarkibiga kamyob va ishlab chiqarishning erkin tarzda takror hosil qilib
bo‘lmaydigan unsurlariga (nodir metallar, foydali qazilmalar va h.k.) ega bo‘lgan mulkdorlar va
xo‘jalik tashkilotlari kiradi. Shuningdek, mazkur monopoliya tarkibiga o‘ziga xos
texnologiyaning qo‘llanishi sababli raqobatni rivojlantirib bo‘lmaydigan ba’zi bir tarmoqlar va
ishlab chiqarish turlari ham kiritiladi.
Tabiiy monopoliya-korxonaning texnologik xususiyatlari sababli mahsulotga bo‘lgan
talabni qondirish raqobat mavjud bo‘lmagan sharoitda samaraliroq amalga oshiriluvchi tovar
bozorining holati. Bunday samaradorlik ishlab chiqarish hajmining ko‘payib borishi bilan tovar
birligiga to‘g‘ri keluvchi xo‘jalik xarajatlarining ahamiyatli darajada pasayib borishida
namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, tabiiy monopoliya sub’yektlari tomonidan ishlab chiqarilgan
mahsulotlar iste’molini boshqa turdagi mahsulotlar bilan almashtirib bo‘lmaydi.
Qonuniy monopoliya-bu qonuniy tarzda tashkil etiluvchi monopolistik holat. Ular
tarkibiga raqobatdan himoya qiluvchi quyidagi monopoliya shakllarini kiritish mumkin:
1) patent tizimi-bu ixtirochi va mualliflar tomonidan yaratilgan ixtirolar, foydali modellar,
sanoat namunalarini tasdiqlovchi hamda ularga mutloq huquqni taqdim etish tizimi. Bu jarayon
maxsus guvohnomalar-patentlar orqali amalga oshiriladi;
2) mualliflik huquqi-ilmiy, badiiy va san’at asarlari, ijro san’ati fonogrammalari,
ko‘rsatuvlar, efir to‘lqini yoki kabel orqali tasvir uzatish kabilarni
yaratish va ulardan
foydalanish munosabatlarini qonuniy tarzda tartibga solish shakli. Mualliflik huquqi faqat
mualliflar tomonidan o‘z mahsulotlarini ma’lum vaqtga yoki butunlay sotish, ulardan nusxa
olish va ko‘paytirishga ruxsat berish imkonini ta’minlaydi;
3) tovar belgilari-bu savdo belgilari, nishonlari, maxsus ramzlari, nomi va boshqalarni
ro‘yxatga olish, huquqiy jihatdan himoya qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha paydo bo‘lgan
munosabatlarni qonuniy tarzda tartibga solish shakli.
Sun’iy monopoliya-monopol foyda olish maqsadida tashkil etiluvchi birlashmalarning
shartli, tabiiy monopoliyalardan ajratib turish uchun nomi.
Sun’iy monopoliya o‘z manfaatlari yo‘lida bozor muhiti tuzilishini ataylab o‘zgartiradi,
ya’ni:
-
bozorga yangi raqiblarning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun turli to‘siqlar
hosil
qiladi (xom ashyo va energiya manbalarini egallab oladi; banklarning yangi korxonalarga kredit
berishini taqiqlashga harakat qiladi va boshqalar);
-
ishlab chiqarishning eng yuksak darajadagi texnologiyasiga erishib, qolgan raqiblarini bu
darajaga chiqishiga imkon bermaydi;
-
ishlab chiqarish miqyosi samarasidan unumliroq foydalanish imkonini beruvchi nisbatan
yirik hajmdagi kapitalni qo‘llaydi;
-
o‘z faoliyatini yuqori darajada reklama qilish orqali boshqa raqobatchilarni bozordan
siqib chiqarishga harakat qiladi.
Sun’iy monopoliyalar kartel, sindikat, trest, konsortsium, kontsern kabi aniq shakllarda
namoyon bo‘ladi.
Kartel-bitta sanoat tarmog‘idagi bir necha korxonalarning uyushmasi bo‘lib, uning
ishtirokchilari ishlab chiqarish vositalari va mahsulotlariga o‘z mulkiy egaligini saqlab qoladi,
yaratilgan mahsulotlarni sotish esa kvota, ya’ni mahsulot ishlab chiqarish umumiy hajmidagi
har
bir ishtirokchining ulushi, sotish narxlari, bozorlarning bo‘lib olinishi va h.k. bo‘yicha
kelishuv asosida amalga oshiriladi.
Sindikat-bir turdagi mahsulot ishlab chiqaruvchi bir necha korxonalarning birlashmasi.
Bunda ishlab chiqarish vositalariga mulkchilik birlashma ishtirokchilarining o‘zida saqlanib
qolgani holda, ular tomonilan ishlab chiqarilgan mahsulot maxsus tashkil etilgan yagona sotish
tashkiloti orqali amalga oshiriladi.
Trest-ishlab chiqarish vositalari va tayyor mahsulotga birgalikdagi mulkiy egalikni
ta’minlovchi ishlab chiqaruvchilarning yuridik shaxs ko‘rinishidagi birlashmasi.
Konsortsium-tadbirkorlarning yirik moliyaviy operatsiyalarini birgalikda amalga oshirish
maqsadida birlashuvi (masalan, yirik miqyosli loyihalarga juda katta miqdorda va uzoq
muddatli kredit berish yoki investitsiyalar qo‘yish).
Kontsern-rasmiy jihatdan mustaqil bo‘lgan, ko‘p tarmoqli korxonalarning (sanoat, savdo,
transport va bank kabi turli soha korxonalari) majmuini o‘z ichiga oluvchi birlashma. Odatda
bunday birlashma ma’lum ishlab chiqarish faoliyatini bosqichma-bosqich ravishda amalga
oshirish uchun zarur bo‘lgan turli soha korxona va tashkilotlaridan tuziladi. Bunda bosh
tashkilot qolgan ishtirokchilar faoliyati ustidan moliyaviy nazorat olib boradi. Hozirda sun’iy
monopoliyalarning sanab o‘tilgan shakllari orasida konsernlar keng tarqalgan.
Monopoliyaning iqtisodiy taraqqiyotga ta’sir qiluvchi ijobiy va salbiy tomoni mavjud.
Uning ijobiy tomoni asosan quyidagi ikkita jihat orqali namoyon bo‘ladi:
1) monopoliya ma’lum tarmoqlarda nisbatan samarali amal
qiladi va xarajatlarning
tejalishiga olib keladi;
2) monopolist bo‘lmagan, mayda, raqobatlashuvchi soha korxonalariga nisbatan
monopolistik korxonalarda ishlab chiqarishga ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini joriy etish
uchun ko‘proq rag‘bat va imkoniyat mavjud bo‘ladi.
Monopoliyaning salbiy tomoni sifatida quyidagi jixatlarni ko‘rsatish mumkin:
-
resurslarning oqilona taqsimlanmasligi;
-
daromadlardagi tengsizlikning kuchayishi;
-
iqtisodiy turg‘unlik va fan-texnika taraqqiyotining sekinlashuvi;
-
iqtisodiyotda demokratik harakatlarning to‘sib qo‘yilishi.
Bundan ko‘rinadiki, monopolistik faoliyat iqtisodiy rivojlanishiga ancha jiddiy ta’sir
ko‘rsatishi, taraqqiyot yo‘liga g‘ov bo‘lishi ham mumkin. Shunga ko‘ra, bugungi kunda deyarli
barcha mamlakatlar iqtisodiyotida monopoliyalarni davlat tomonidan tartibga solish chora-
tadbirlari qo‘llanilib, bu monopoliyaga qarshi siyosat deb ataladi. Davlatning monopoliyaga
qarshi siyosati asosini monopoliyaga qarshi qonunchilik tashkil etib, u turli mamlakatlarda turli
darajada rivojlangan bo‘ladi.
Odatda AQSHdagi monopoliyaga qarshi qonunchilik nisbatan ilgariroq va mukammalroq
ishlab chiqilgan, deb hisoblanadi. U quyidagi uchta qonunchilik hujjatlariga asoslanadi.
1. Sherman qonuni (1890 yilda qabul qilingan). Bu qonun savdoni yashirin
monopollashtirish, u yoki bu tarmoqdagi yakka nazoratni qo‘lga olish, narxlar bo‘yicha
kelishuvlarni taqiqlaydi.
2. Kleyton qonuni (1914 yilda qabul qilingan). Bu qonun mahsulot sotish sohasidagi
cheklovchi faoliyatlarni, narx bo‘yicha kamsitish, ma’lum ko‘rinishdagi
birlashib ketishlar,
o‘zaro bog‘lanib ketuvchi direktoratlar va boshqalarni taqiqlaydi.
3. Robinson-Petmen qonuni (1936 yilda qabul qilingan). Bu qonun savdo sohasidagi
cheklovchi faoliyatlar, narxlar qaychisi, narx bo‘yicha kamsitishlar va boshqalarni taqiqlaydi.
1950 yilda Kleyton qonuniga Seller-Kefover tuzatishi kiritildi. Unda noqonuniy birlashib
ketishlar tushunchasiga aniqlik kiritilib, aktivlarni sotib olish orqali birlashib ketish taqiqlandi.
Agar Kleyton qonuni yirik korxonalarning gorizontal ravishdagi birlashib ketishlariga to‘siq
qo‘ygan bo‘lsa, Seller-Kefover tuzatishi vertikal ravishdagi birlashib ketishlarga cheklov
kiritdi.
Dostları ilə paylaş: