Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhuga: «Alloh seni
ahmoq amirlardan panohida saqlasin», dedilar. «Ahmoq amirlar kimlar?» deb so‘ragan
edi, «Mendan keyin keladigan amirlar bo‘lib, ular men ko‘rsatgan yo‘ldan yurmaydilar va
mening sunnatimga amal qilmaydilar», deb javob berdilar (Ahmad, Bazzor rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki musulmonlarga qozi bo‘lishni talab
qilib, unga erishsa, so‘ng adolati zulmidan ustun kelsa, unga jannat bo‘lur. Bordi-yu,
jabr-zulmi adolatidan ustun kelsa, unga do‘zax bo‘lur» (Abu Dovud rivoyati).
Rivoyat qilinadiki, qiyomat kunida voliy (hokim) olib kelinib, jahannam ko‘prigiga
qo‘yiladi. So‘ng ko‘prik shunday qattiq silkinadiki, uning har bir bo‘g‘imi o‘rnidan siljib
ketadi. Agar u ishlarida Allohga itoat etgan bo‘lsa, ko‘prikdan o‘tib oladi. Agar ishlarida
Allohga osiylik qilgan bo‘lsa, ko‘prik parcha-parcha bo‘lib ketadi va u ellik yil miqdoricha
jahannam qa’riga qulab tushadi.
Amr ibn Muhojir aytadilar: «Umar ibn Abdulaziz roziyallohu anhu menga: «Agar meni
haqdan og‘ganimni ko‘rsang, ikki qo‘ling bilan yoqamdan tutib: «Ey Umar, nima
qilyapsan?!» deb ayt», degan edilar».
Ellik ikkinchi gunohi kabira ZULM
Zulm bir necha turli bo‘ladi. Botil yo‘l bilan mol topish, yetim molini yeyish, bandalarni
o‘ldirish, urish, jarohat yetkazish, haqorat qilish, la’natlash, tuhmat qilish va hokazo.