«Agar sizlar Allohga va oxirat kuniga iymon keltirguvchi bo‘lsangizlar, Allohning (bu) hukmida (ya’ni, zinokorlarni darralashda) sizlarni ularga nisbatan rahm-shafqat (tuyg‘ulari) tutmasin!»
Agar sizlarning Allohga va oxirat kuniga bo‘lgan iymoningiz haqiqiy bo‘lsa, u holda
sekinroq yoki kamroq urish bilan Allohning zinokorlarga belgilagan jazosini bekor
qilmanglar. Ularga rahmingiz kelmasin. Chunki zinokor rahm-shafqat ko‘rsatishga
arzimaydigan yaramas, tuban jinoyatchidir.
«Ularning azoblanishiga bir toifa mo‘minlar guvoh bo‘lsinlar!» (Nur surasi, 2).
Shunda jinoyatchilar ham jisman, ham ruhan qiynaladilar. Boshqalar ham odamlar
orasida sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib, bu qabih ishdan o‘zlarini tiyadilar. Chunki
ayrimlarga jazolanishdan ko‘ra, sharmanda bo‘lish kuchliroq ta’sir qilishi mumkin.
Ulamolar aytadilar: «Mazkur jazo bo‘ydoq – oila qurmagan zinokorlarga taalluqlidir. Agar
zinokorlar oilali yoki ilgari oila qurgan bo‘lishsa, ular toshbo‘ron qilib o‘ldiriladilar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sunnatlarida bu hukm o‘z ifodasini topgan.
Mabodo zinokorlar bu dunyoda jazolarini olmasalar va tavba qilmay o‘lsalar, u dunyoda
do‘zaxda olov-qamchilar bilan azoblanadilar».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Zinokor zino qilayotgan vaqtida mo‘min
bo‘lmagan holida zino qiladi. O‘g‘ri o‘g‘rilik qilayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida
o‘g‘rilik qiladi. (Ichuvchi) xamr ichayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida ichadi»
(Muttafaqun alayh).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Agar kishi zino qilsa, iymon undan
chiqadi va unga soyabon kabi bo‘ladi. Agar (zinodan) bosh tortsa, iymon unga qaytadi»
(Abu Dovud, Termiziy, Hokim rivoyati).