www.ziyouz.com kutubxonasi
143
Oltmish birinchi gunohi kabira MUSULMONLARNING NOZIK JIHATLARINI OCHISH
Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni, Zubayrni va
Miqdod ibn Asvadni yubora turib: «Xox nomli boqqa boringlar. U yerda bir cho‘rini
uchratasizlar. Unda maktub bor. O‘sha maktubni olib kelinglar», dedilar. Biz yo‘lga
tushdik. Otlarimizni choptirib, boqqa yetib bordik. U yerda cho‘rini uchratdik. Unga:
«Maktubni chiqar», degan edik, u: «Menda hech qanday maktub yo‘q», dedi. «Yo
maktubni chiqarib ber yoki kiyimlaringni yechib tintamiz», deganimizdan keyin
turmaklangan sochining orasidan maktubni chiqarib berdi. Uni olib Rasululloh sollallohu
alayhi vasallamga keltirdik. Unda: «Hotam ibn Abu Balta’adan Makka ahlining ayrim
mushriklariga» deyilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ba’zi ishlari haqida
xabar bergan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Hotam, bu nima?» deb
so‘ragan edilar, u: «Yo Rasululloh, xulosa chiqarishga shoshilmang. Men Qurayshlik
emasman. Faqat ular bilan qo‘shni edim. Siz bilan birga bo‘lgan muhojirlarning esa
Makkada qolgan bola-chaqalarini himoya qiladigan qarindoshlari bor. Mening bunday
nasab-qarindoshlarim bo‘lmagani bois ularga yaxshilik qilishni va buning evaziga u
yoqda qolgan yaqinlarimni himoya qilishni xohladim. Bu ishni kofir va murtad
bo‘lganimdan yoki Islomdan so‘ng kufrga rozi bo‘lganimdan qilmadim», dedi. Rasululoh:
«U rostni aytdi», dedilar. Shunda Umar: «Yo Rasululloh, ijozat bering, men bu
munofiqlarning kallasini olay», degan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U
Badrda qatnashgan. Sen qaerdan bilasan, ehtimol Alloh Badr ahlining qay ahvolga
tushganini bilgani bois: «Istagan ishinglarni qilinglar, sizlarni mag‘firat qildim»,
degandir», dedilar».
Mazkur hadisda bayon qilinishicha, Umar roziyallohu anhu Hotam ibn Abu Balta’ani
qilgan ishi uchun o‘ldirmoqchi bo‘lganlar. Biroq u Badr g‘azoti ishtirokchisi bo‘lgani bois,
uni qatl etishni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam man qilganlar.
Agar Islomning zaiflashishi, musulmonlarning qatl etilib, asirga olinib, talon-tarojga
uchrashlariga josus-ayg‘oqchi sababchi bo‘lsa, u fasod tarqatuvchi, ekin va nasllarni
halok etuvchilardan hisoblanadi. Binobarin, uni jazolash, qatl etish shart bo‘lib qoladi.
Allohdan afv va ofiyat tilaymiz.
Chaqimchilik gunohi kabira hisoblansa, josusning chaqimchiligi yanada ulkanroq,
kattaroq gunoh bo‘lishini har bir es-hushli odam yaxshi biladi. Alloh O‘z panohida
saqlasin. Undan afv va ofiyat tilaymiz. U mehribon, har narsadan xabardor, marhamatli
va saxovatli zotdir.