«Ey mo‘minlar, (bergan qarzlaringizni) bir necha barobar qilib (olish bilan) sudxo‘rlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! (Shunda) shoyad najot topgaysiz!» (Oli Imron surasi, 130).
«Sudxo‘r bo‘lgan kimsalar (qiyomat kunida qabrlaridan) turmaydilar, magar jin chalgan majnun kabi turadilar. Bunga sabab ularning: «Bay’ (oldi-sotdi) ham sudxo‘rlikning o‘zi-ku?!» deganlaridir» (Baqara surasi, 275).
Ya’ni, ular Alloh harom qilgan ish – sudxo‘rlikni halol bildilar. Shu sababli qiyomat qoim
bo‘lib, Alloh odamlarni qayta tiriltirgan vaqtda sudxo‘rlardan tashqari barcha odamlar
qabrlaridan tezda turib ketadilar.
Sudxo‘rlar xuddi tutqanog‘i bor odamdek o‘rinlaridan turishlari bilan yiqiladilar. Ularning
dunyoda sudxo‘rlik orqali yegan harom narsalarini Alloh qiyomat kunida qorinlarida
ko‘paytirib qo‘yadi va bu ularga og‘irlik qiladi. Ular turmoqchi bo‘ladilar-u, biroq yiqilib
tushaveradilar.
Samura ibn Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi
vasallam aytdilar: «Kechqurun (tushimda) ikki kishini ko‘rdim. Ular kelib meni
muqaddas yerga olib chiqishdi. Yurib-yurib qonli daryoga duch keldik. Daryoda bir kishi
bor edi. Sohilda boshqa kishi harsang tosh ushlab turardi. Daryodagi kishi kelib
chiqmoqchi bo‘lgan edi, narigi kishi tosh bilan og‘ziga urib kelgan joyiga qaytarib
yubordi. U qachon kelib chiqmoqchi bo‘lsa, tosh bilan og‘ziga urar va u yana oldingi
joyiga qaytib ketar edi. «Daryodagi kishi kim?» deb so‘ragan edim, «Sudxo‘r», deya
javob berishdi» (Buxoriy rivoyati).
Sudxo‘r o‘lgan vaqtidan to qiyomat kunigacha qonli daryoda suzib, tosh bilan
«siylanadi». Bu azob barzax-qabrda bo‘ladi. Bundan tashqari, Rasululloh sollallohu
alayhi vasallam sudxo‘rni (foiz yeyuvchini), oldiruvchini, kotibni va guvoh bo‘luvchining
hammmasi (gunohda) barobar», deganlar (Muslim rivoyati).