www.ziyouz.com kutubxonasi
35
ulkan Quyosh Makka va uning atrofidagi zulmatni yoritganini ko’rishni naqadar orzu
qilardim!"
Payg’ambarimiz unga taskin berib dedilar: "Yaqinda, albatta, ko’rasan. Bu zulmat
yengiladi. Hali sog’ayib ketasan". Onamizga ma’yus tikilarkan: "Senga Alloh shifo beradi.
Хadicha, meni hargiz yolg’iz qoldirib ketma", dedilar. Dard g’olib kela boshladi.
"Rasululloh — dedi onamiz, — Alloh siz bilan birgadir. Ularning ozor-aziyatlarini,
yomonliklarini Alloh tezda o’zlariga qaytarajak. Hargiz sizni yenga olmaslar. Siz Alloh
tomonidasiz. Faqat, aytingchi... Rabbim menga nima va’da qilmoqda? Amallarimni
dargohida qabul qilib, mendan rozi bo’lganmikan?"
Ko’z yoshlarini ko’rsatmaslik uchun Rasululloh sallallohu alayhi vassallam yuzlarini
chetga burdilar. So’ngra: "Alloh sendan rozi bo’ldi va senga raxmat aytdi. Haq yo’lida
yordam qilding, mol-dunyoingni ayamading, Rasululloh bilan birga bo’lding... Kimki Alloh
va rasuliga yordam qilsa, Alloh ham unga munosib tarzda ajr beradi. Ey Хadicha, senga
Adn jannati ichida marjondan qurilgan, ostidan zilol suvlar oqib turuvchi qasr berilajak",
dedilar. So’ng sovuq suvni peshonasiga bosdilar, harorat bir oz tushib, onamiz
tetiklashdi.
"Dushmanlarimiz bizni mag’lub eta olishmaydi, — dedi Хadicha onamiz — Quraysh ahli
bugun nima bilan mashg’ul?"
Atrofida turgan qizlaridan biri: "Onajon, ular kutib turibdilar", deb yig’lay boshladi.
Rasulullohning ko’zlari ham yoshga to’ldi. Qizlarini tinchlantirishga harakat qildilar. Lekin
kasallik soat sayin zo’rayib borardi. Rasululloh sallallohu alayhi vassallam bilan qizlari
qattiq havotirga tushishdi. Хovlini to’ldirib turgan musulmonlarni og’ir g’am bosgan edi.
Allohdan shifo tilab, duo qildilar. Ularning deyarli barchasi Хadichaning yaxshiligidan,
hayru sahovatidan bahramand bo’lgan edilar.
Abu Lahab bilan uning xotini darvoza oldida turib, xovliga kim kirib-chiqsa, gapga
tutishardi. Biroq qisqagina javobdan boshqa hech narsa eshitolmasdilar. O’ta yaxshi
ko’rganlar ham, nihoyatda yomon ko’ruvchilar ham Хadichaning hol-ahvolini
surishtirardi. Rasululloh va qizlari onamizning oldidan jilmay, qarab turishardi. Afsuski, u
kishining hayoti so’ngiga yetib borayotgan edi. Onamiz so’nggi lahzalarda ham o’zidan
keyin Rasulullohga qurayshliklarning ozor-aziyat berishini o’ylab, tashvish chekardilar.
Тun uzun edi. Sahar bo’zarib kela boshladi. Rasululloh sallallohu alayhi vassallam u
kishining yonida edilar. Хadicha onamiz ko’zlarini bir ochib, qizlariga va Rasulullohga
qaradi. So’ng rozi-rizolik tilab ko’zlarini yumdi. Omonatini Parvardigorga topshirdi.
Rasulullohning ko’zlari yoshga to’ldi, yuragi iztirob alangasida yondi. Islomni
payg’ambardan so’ng birinchi bo’lib qabul qilgan mo’tabar va mard-jasur ayol dunyodan
ko’z yumgan edi. U Alloh va Uning dini yo’lida ko’p ish qildi.
Rasulullohning ko’zlaridan yosh to’xtamasdi, qizlari ham yig’lardi. Butun hovli motamga
to’ldi. Хadicha onamizning tobutlari musulmonlar yelkasida Quraysh qabristoniga olib
kelindi. Qabrning ustida matoh tortdilar. Rasululloh qabrga tushib, muborak qo’llari bilan
lahadni tekisladilar. Pokiza jasadlarini qabrga qo’ydilar. Go’zal yuzlariga so’nggi marta
qarab vidolashdilar. Ko’zlari yoshga to’lib, boshlarini eggan holda qabristondan chiqdilar.
Keyin uylariga qaytdilar. Rasululloh ikkinchi katta yordamchisini yo’qotgan edilar. Endi
Makka mushriklari qanday qabihliklarni o’ylab toparkan, deya o’yga botdilar.
Ilk iymon keltirgan ayol – Hadicha binti Xolid. Abdussalom Ashriy