www.ziyouz.com kutubxonasi
131
185. Abu Nu’aym, Bazzor, Tabaroniy va Bayhaqiylar zaif sanad ila rivoyat qilishgan.
Huzayfa (r.a.) ham rost aytganlar. Bu asrimizdagi ko‘p yaxshiliklar sahobalar asrida
munkar ish hisoblangan. Zamonamizda ana shunday ishlardan keng tarqalgani
masjidlarni ziynatlash, to‘shak va gilamlar bilan to‘ldirib, imoratning nozik joylari uchun
katta pullarni sarflashdir.
Masjidga qamish to‘shash bid’at sanaladi. Bu yangilikni Hajjoj kiritgan. Avvalgilar
kamdan-kam holatda tuproqqa narsa tashlashgan. Shuningdek, nozik masalalarda bahs-
munozara qilish zamonamiz ahllarining yuksak ilmlari sanaladi va ular o‘zlaricha bu
narsani Allohga yaqin qiluvchi deb o‘ylaydi. Aslida esa, bu ayni munkar ishdir.
Qur’on va azonni ohangga solib aytish ham shunga o‘xshaydi.
Hadasdan tozalanishdagi o‘zboshimchalik, tahoratdagi vasvasa, kiyimga najosat
tegishining uzoq ehtimollarini o‘ylash, taomlarning halol-haromligini aniqlashdagi
yengiltaklik kabilar ham munkar ishlar jumlasidandir.
Ibn Mas’udning (r.a.) mana bu so‘zlari naqadar rost: «Bugun sizlar shunday zamonda
yashayapsizlarki, havoyi nafslar ilmga tobe’dir. Sizlarga hali shunday zamonlar keladiki,
unda ilm havoyi nafsga tobe’ bo‘ladi».
Ahmad ibn Hanbal esa: «Ilmni tark qilib, ko‘zlariga g‘aroyib ko‘ringan narsalarga tobe’
bo‘lishmoqda, ularning ilmlari juda oz», degan edilar.
Alloh o‘zi yordamchidir.
Molik ibn Anas (r.a.) aytadilar: «Oldingilar bugungi kun odamlari so‘rayotgan narsani
so‘rashmasdi. Ulamolari ham halol, harom, deb aytaverishmas edi. Lekin ularning
mustahab va makruh deyishganini ko‘rdim. Ya’ni, ular mustahab va makruh
narsalarning nozik tomoniga nazar solishardi. Ammo ular nazdida buzuqligi ochiq
ko‘ringan narsa harom edi».
Hishom ibn Urva aytadilar: «Bugun o‘zlaricha yangilik chiqarayotganlardan yangiliklari
haqida so‘ramanglar. Chunki u narsaga javob tayyorlab qo‘yishgan. Ulardan sunnat
haqida so‘ranglar, uni bilishmaydi».
Sulaymon Doroniy shunday deydilar: «Kishi bir yaxshilikka ilhomlantirilsa,
(Rasulullohdan) qolgan asarda uning borligini eshitmagunicha unga amal qilishi lozim
emas. Agar uni asarda topgudek bo‘lsa, nafsidagi narsani asarga muvofiq qilgani uchun
Allohga hamd aytsin». Bunday deyishlariga sabab, yangi fikrlar quloqqa quyilib, qalbga
o‘rnashib olishi ko‘pincha uning musaffoligiga xalal berishi, u sababidan botil narsa
haqqa aylanib qolishi mumkin. Bas, yangiliklar borasida (Payg‘ambarimiz) asarlarini
ko‘rish bilan ish tutiladi.
Shuning uchun Marvon hayit kuni namozda minbar qo‘yib, yangilik qilganida, Abu Said
Xudriy unga qarshi chiqib: «Ey Marvon, bu qanaqa bid’at?» deganlar. Halifa Marvon:
«Bu bid’at emas, bilganingizdek, yaxshilikning o‘zginasi. Insonlar ko‘payib ketganlari
sababli ovoz ularga yetishi uchun shu ishni xohladim», dedi. Buni eshitgan Abu Said
Ihyou ulumid-din (Din ilmlarini jonlantirish) – Ilm kitobi. Abu Homid al-G’azzoliy