www.ziyouz.com kutubxonasi
129
boshida ham bo‘lmagan. Bu narsa hijratdan 120 yil keyin, ya’ni hamma sahobalar,
shuningdek, Said ibn Musayyab, Hasan Basriy kabi buyuk tobe’inlar ham vafot
etishganidan keyin yuzaga kelgan. Avvalgilar hadis yozishni va kitob tasnif etishni xush
ko‘rishmagan. Sababi kishilar u kitoblar bilan mashg‘ul bo‘lib qolishsa, Qur’onni
yodlashdan, uni tadabbur va zikr etishdan to‘xtab qolishdan xavf qilishgan. Ular, biz
qanday yodlagan bo‘lsak, sizlar ham shunday yodlanglar, deyishardi. Shuning uchun
Abu Bakr va yana bir qancha sahobalar Qur’onni sahifalarga bitib, mushaf holatiga
keltirishini karih ko‘rishgan. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) qilmagan ishni biz
qandoq qilamiz, deyishgan edi. Chunki ular odamlarning mushafga suyanib qolishidan
qo‘rqishardi. Qur’onni shundog‘icha qoldiramiz, odamlar bir-biriga talqin qilib o‘qib
berishadi, bu ish ularning asosiy mashg‘ulotlari bo‘ladi, deb aytishar edi. Qachonki Umar
ibn Xattob va boshqa sahobalar kishilar dangasaligi tufayli, uning zoe’ bo‘lishini
aytishganda, xavfsirab, Qur’onni kitob holida yozishga ishora qilishdi. Uni yozishga
ikkinchi sabab o‘rtada nizo kelib chiqishidan ehtiyot bo‘lish uchun edi. Chunki
mutashobih oyatlarning qiroati yoki kalimalarda ixtilof chiqib qolsa, Qur’onga murojaat
qilish uchun uning asli bo‘lishi kerak edi. Bu xayrli ishga Abu Bakrning (r.a.) ham qalblari
moyil bo‘ldi va Qur’on bitta mushaf shaklida jamlandi.
Molik ibn Anas «Muvatto’» kitoblarini tasnif etganlarida, Ahmad ibn Hanbal u kishini
inkor qilib: «Sahobalar qilishmagan ishni boshlab berdi», deganlar. Aytilishicha, Islomda
birinchi tasnif etilgan kitob Ibn Jo‘rayjning «Al-osor» nomli kitoblari va Mujohid, Ato va
Ibn Abbosning Makkadagi sohiblari tomonidan bitilgan tafsir so‘zlardir. So‘ngra yamanlik
Ma’mar ibn Roshid San’oniyning kitoblari bo‘lib, bu zot unda ma’sur bo‘lgan nabaviy
sunnatlarni jamlaganlar. Keyin Madinada Molik ibn Anasning «Muvatto’» kitoblari, so‘ng
Sufyon Savriyning «Jome’»lari tasnif etildi. So‘ngra to‘rtinchi asrda kalom ilmida ko‘p
kitoblar bitildi. Bahsmunozara ko‘paydi. Kishilar qissaxonlik va va’zxonlikka moyil
bo‘lishdi. Ana shu paytdan yaqiyn ilmi darz keta boshladi. Keyin qalb ilmi, nafs sifatlari
va shayton hiylalarini taftish qilish odamlarga g‘aroyib tuyulib qoldi. Bu yo‘lda juda oz
kishilar qolishdi. Talashib-tortishuvchilar, so‘zini qofiyalar bilan ziynatlagan kishilar olim
deb ataldi. Chunki avom faqat ularning so‘zlarini eshitardi, haqiqiy ilm ularga ayon emas
edi, sahobalarning siyratlarini bilishmasdi, shuning uchun boshqalarga o‘rgatadigan
darajada emasdi. Shu tariqa «ulamo» degan nom avvalgilardan keyingilarga meros
bo‘lib qolishda davom etdi. Oxirat ilmi esa, noaniq qolaverdi. Ilm bilan kalom orasidagi
farq g‘oyib bo‘ldi. Faqat xos kishilargina bundan xabardor edilar. Agar, falonchi
bilimliroqmi yoki pistonchimi, deyilsa, falonchi ilm jihatidan, pistonchi kalom jihatidan
bilimli, deb javob qilishar edi. Xos kishilargina ilm ahli bilan kalom ahlini farqlashardi.
Keyingi asrlarda din mana shu tarzda zaiflashdi. (Endi bu zamonamizdagi dinning
holatiga gumoningiz qanday?) Ish shu darajaga yetib bordiki, bu boradagi haqiqatni
aytgan kishi jinniga chiqarildi. Yaxshisi kishi o‘zi bilan mashg‘ul bo‘lib, sukut qilish edi.
(Oxirat ulamolarining) yana bir alomati ishlarning yangisidan saqlanishdir, garchi unga
jumhur ittifoq qilgan bo‘lsa ham. Sahobalardan keyin o‘ylab topilgan narsaga xalqning
berilishi uni aldab qo‘ymasligi kerak. Balki sahobalarning ahvollarini, siyrat va amallarini
taftish qilishi, g‘amlari ko‘proq nimada bo‘lganini o‘rganishi lozim. Ya’ni, dars berish,
kitob yozish, munozara, qozilik, rahbarlik, vaqflarga egalik qilish, vasiyat, yetimlar
molini yeyish, sultonlarga aralashish, aysh-ishratga berilish ularda bo‘lganmi yoki xavf,
xafalik, tafakkur, tirishish, zohiriy va botiniy narsalarni kuzatish, gunohlarning kattasiyu
kichigidan saqlanish, maxfiy bo‘lgan nafs shahvatlari va shayton hiylalarini idrok etishga
urinish kabi botiniy ilmlarni o‘rganishganmi?
Ihyou ulumid-din (Din ilmlarini jonlantirish) – Ilm kitobi. Abu Homid al-G’azzoliy