www.ziyouz.com kutubxonasi
104
sabrsizligi kuchayadi. Yana sut o‘rniga beriladigan ovqatdan yuz o‘girishi ham kuchayadi.
Lekin u birdaniga bir kun-bir kun sutdan to‘xtatilsa, sabr qilishdagi mashaqqat
qiyinlashib, ochlik g‘olib kelsa, majburan ovqatni yeydi. Keyinchalik ovqat yeyish unga
ixtiyoriy bo‘lib qoladi. Agar u ko‘krakka qaytariladigan bo‘lsa ham, qaytmaydi. Natijada
ko‘krakni tark qiladi va sutni yoqtirmay qoladi, taomga o‘rganadi.
Hayvonot ham shundaydir, ya’ni avval egardan, yugandan va uni minishlaridan hurkib
turadi. Shularga u majburlanadi. Avval u zanjir va tushovlar, egardan bosh tortadi.
So‘ngra shu darajada o‘rganib qoladiki, agar u o‘sha yerga tashlab ketilsa, tushovsiz
bo‘lsa-da, qochib ketmay turaveradi. Nafs qushlar, hayvonlar tarbiyalangandek
tarbiyalanadi. Uni tarbiyalash qarashdan (ya’ni, harom narsalarga) va dunyo
ne’matlariga quvonishga o‘rganishdan man qilishi bilan bo‘ladi. Hatto o‘lim bilan yo‘q
bo‘ladigan har bir narsadan man qilishi bilan bo‘ladi. Zero, unga aytildiki: «Xohlagan
narsangni yaxshi ko‘r, albatta undan ajralasan. Kim agar ajrashi lozim narsani yaxshi
ko‘rsa va undan ajragani uchun g‘amgin bo‘lsa, qalbini undan ajralmaydigan narsa bilan
mashg‘ul qilsin. U esa Alloh taolo zikridir, chunki Allohning zikri qabrda ham unga
hamroh bo‘ladi, undan ajramaydi. Bularning hammasi ozgina kun sabr qilish bilan
mukammal bo‘ladi. (Ozgina kun, deyilishining sababi) oxirat hayotining uzunligiga
qaraganda umr juda ozdir. Qay bir oqil kishi bo‘lmasin, albatta u bir yil yoki bir umr
foydalanish uchun safardagi, hunar o‘rganishdagi va boshqa narsalardagi bir oylik
mashaqqatlarga chidashga rozi bo‘ladi.
Oxirat abadiyati oldida umrning hammasi dunyo umrining oldidagi bir oydan ozroqdir.
Umr bo‘yi sabr qilish va kurashish lozim. «Qavm subh bo‘lib, o‘zidan mudroq uyqulari
ketganida tungi sayrni maqtaydi», degan edilar Ali roziyallohu anhu. Har bir insonning
holati har xil bo‘lganiga ko‘ra, kurash va riyozat yo‘llari ham har xil bo‘ladi. Kurash har
bir inson xursandlikka sababchi dunyoviy narsalarni tark qilmog‘idir. Yo mol bilan, yo
martaba bilan, yo va’zlarining qabul qilinishi bilan, yo qozilikdagi va hokimlikdagi
ulug‘ligi bilan, yo mudarrisligi va tushuntirishida ergashuvchilarining ko‘pligi bilan
xursand bo‘ladigan kishi avval xursandligiga sababchi narsani tark qilmog‘i lozim. Chunki
agar uni mana shu ishlarning birortasidan man qilib, unga oxiratda bo‘ladigan savobing
shu ishni qilmasliging bilan kamayib qolmaydi, deyilsa va u kishi buni yomon ko‘rsa,
bundan og‘rinsa, demak, u dunyo hayotiga quvonib, unga xotirjam bo‘lib qolgan
kishilardandir. Bu uni halok qiluvchidir. Agar inson xursandchilikni tark qiladigan bo‘lsa,
insonlardan uzlat qilsin, o‘z nafsi bilan yolg‘iz qolsin, qalbini Alloh taolo zikridan va U
to‘g‘rida fikr qilishdan boshqa narsa bilan mashg‘ul bo‘lmasligi uchun kuzatib tursin.
Nafsida zohir bo‘ladigan shahvat va vasvasalarga yo‘l qo‘ymasin. Ular paydo bo‘lishi
bilan kelib chiqish sabablarini yanchib tashlasin. Chunki har bir vasvasaning kelib chiqish
sababi bo‘ladi. U faqatgina ana shu sabab va unga bo‘lgan aloqani uzish bilan yo‘q
bo‘ladi. Qolgan umr davomida ham mana shu narsani lozim tutsin. Bu jihodning oxiri esa
faqat o‘lim bilan tugaydi.