www.ziyouz.com кутубхонаси
48
mayl qilishdan to‘xtagan kishida ikkita holat mavjud. Birinchisi, shahvat istagining tabiiy so‘nishi, u
faqat shuning uchun gunohga mayl qilishdan to‘xtadi. Bunday tavba qiluvchidan nafsi bilan
kurashayotgan gunohkor afzal. Har holda u o‘zining kurashi bilan qaysidir darajada gunohdan
uzoqlashyapti. Shu bilan dinining shahvat istaklaridan ustunligini ko‘rsatyapti. Mana shuning o‘zi unda
yaqin (Allohni aniq, shubhasiz tanish) va dinning quvvatlanayotganiga qat’iy dalildir. Dinning quvvati
deganda, shaytonlar ta’sirida uyg‘onuvchi shahvatni yo‘q qiladigan, yaqin ishorati bilan zohir
bo‘ladigan iroda quvvatini nazarda tutyapmiz. Mana shu quvvatlar tufayli kurash sodir bo‘ladi.
"Bir oz sustroq esa-da, gunohdan to‘xtagan kishining tavbasi salomatroqdir", degan qarash ham
to‘g‘ri. Lekin bu o‘rinda "afzal" lafzining qo‘llanishi noto‘g‘ri. Buni so‘zlovchining shunday so‘zlariga
o‘xshatish mumkin: "Jimo’ga qodir bo‘lmagan kishi jimo’ga qudrati zo‘r erkakdan afzaldir. Chunki
jimo’ga qodir bo‘lmagan kishi shahvat xataridan omon bo‘ladi. Shuningdek, yosh bola balog‘atga
yetgan kishidan afzal, chunki go‘dak gunohdan pok. Qashshoq kishi dushmaniga shafqatsiz, qahri
qattiq podshohdan afzal. Negaki, qashshoqning dushmani yo‘q. Podshohning esa dushmani ko‘p. U,
ko‘pincha, dushmanlaridan g‘olib kelsa-da, ba’zan mag‘lub bo‘ladi".
Ha, bu so‘zlar qalbi toza kishining so‘zlaridir. Lekin bu qarash narsalarning zohirinigina ko‘radi.
Azizlik yo‘li xatarlardan iboratligini, ulug‘likning sharti g‘ururni o‘ldirish ekanini anglamaydi. Ularning
aytganini, bamisoli, so‘zlovchining ushbu so‘zlariga ham o‘xshatish mumkin: "Oti va iti yo‘q ovchi ov
ovlash va martaba darajasiga ko‘ra oti va iti bor ovchidan afzaldir. Chunki, oti bo‘lmasa, otdan yiqilib,
a’zolari shikast topishidan, iti bo‘lmasa, iti ustiga tashlanib, g‘ajib tashlashi xavfidan omon bo‘ladi". Bu
noto‘g‘ridir. Negaki, oti va iti bor ovchi uddaburon, hayvonlarni tarbiyalash ilmini to‘la egallagan bo‘lsa,
u ovlash saodatiga eng munosib, martabasi ulug‘ ovchidir.
Nafsi gunohga mayl qilishdan to‘xtagan kishidagi ikkinchi holat shunday bo‘lishi mumkin.
Qalbida Allohni aniq va shubhasiz tanish tuyg‘usi kuchaygani uchun va ilgariroq nafs bilan bo‘lgan
kurashdagi samimiylik tufayli unda gunohga mayl yo‘qoladi, shahvat hayajoni bosiladi, hatto u shariat
odobi bilan xulqlana boshlaydi. Endi u shahvat bilan emas, din bilan to‘lqinlanib, din bilan
sokinlashadigan daryoga aylanadi. Darhaqiqat, bu kishi martabada shahvatni so‘ndirish, uning
hayajonini bosish uchun zahmat chekayotgan kurashchidan yuqoridir. Nafs bilan jihod etmsh
maqsadini to‘la anglamagan odamgina "bu kishida jihod fazilati yo‘q", deyishi mumkin. Nafsga qarshi
jihoddan murod — dushmanning yovuzligini so‘ndirish, toki u sizni shahvat tomon tortmasin. U sizni
shahvat tomon tortolmas ekan, demak, u din yo‘lida davom etishingizga ham to‘sqinlik qilolmaydi.
Dushmanni yengsangiz, murod hosil bo‘ladi. Butun jang davomida g‘alaba talabida bo‘lib, nihoyat
zafar quchdingiz. Buning misoli, jihodda oldingm saflarda turib, qanday salomat qolishini bilmayotgan
kishi bilan dushmanni yengib, asir olgan kishining misoliga o‘xshaydi. Yoki bu holatni majozan
shunday tasvirlash ham mumkin: iti va otining tarbiyasi bilan endi shug‘ullanishni boshlagan, hali
o‘rgatish mashaqqatlarini tortayotgan kishi qayda-yu, kuchli e’tibor va qattiq tarbiyadan so‘ng
qopog‘onligini tashlab, ovchilikka o‘rgangan itidan, sarkashligini tark etib, yuvosh bo‘lib qolgan otidan
mamnun holda dam olayotgan kishi qayda?!
Ba’zilar mana shu nuqtada adashib, nafs bilan jihod qilishni eng so‘nggi maqsad deb gumon
etdilar. Jihod faqat yo‘ldagi to‘siqlardan xalos bo‘lish uchungina kerakligini anglamadilar. Kimlardir,
maqsad — shahvatlarini so‘ndirish va ularni butunlay yo‘q qishishdir, degan o‘yga borib, hatto
ba’zilari buni o‘zlarida sinab ko‘rishdi. Lekin ojizlik qildilar, bu ishning imkonsiz ekanini tan oldilar.
Koshki shu yerda to‘xtasalar edi, yo‘q, ular shariatni yolg‘onga chiqarib, (barcha ishga ruxsat) yo‘lini
tutdilar, behayolarcha shahvatga oshkora ergashdilar.
Tabiiy, bularning barchasi jaholat va adashish edi.
Shunday savol tug‘ilishi mumkin:
"Gunohni unutib, u haqida umuman fikr qilmagan tavba qiluvchi bo’lgan gunohini ko‘zi oldida tutib, u odatda doimiy tafakkur qilayotgan va nadomat o‘tida yonayotgan tavba qiluvchidan qay biri afzal?" Bilgil, bu xususda ham turlicha qarashlar mavjud. Ba’zilar deydi: "Tavbaning mohiyati gunohni
ko‘z oldida tutishdir".
Kimdir aytadi: "Tavbaning mohiyati gunohni unutishdir" Bizningcha, bu ikkala qarashda ham jon
bor. Faqat u ikkita holat bilan belgilanadi.
Mutasavvuflarning so‘zi doimo cheklangan bo‘ladi. Chunki, ular faqat o‘z holidan xabardor,