www.ziyouz.com kutubxonasi
45
Shundan so‘ng avliyo g‘or og‘zida o‘sib chiqqan bir qamishni qirqib oldi, ichini tozaladi, bag‘ridan
teshikchalar ochdi va labiga qo‘yib pufladi, naydan dunyodan o‘tib ketgan barcha kishilarning,
xalqlarning va millatlarning umum armonlarining, yashash maqsadlarining va hayot hikmatlarining
hikoyati monand mungli va qayg‘uli nido taraldi:
Istaganlar bizni sahroi balodan istangiz, Vodiyi hijron ila dashti fanodan istangiz... 7 MEZONUL-AVZON Professor ufqdagi bo‘ronning chirpirak bo‘lib aylanishiga aqlu shuuri lol bo‘lib boqmoqda, bu asov
haybat va qudrat qarshisida uning ich-ichidan tiyiqsiz va boshqarib bo‘lmas xavotir bosh ko‘tarib
chiqmoqda edi.
Bu – g‘ayriixtiyoriy xavotir edi. Tevarakdagi oddiy hodisalarning o‘z nizomidan xiyolgina chetga
chiqishi kishi ko‘nglida aqlga itoat qilmaydigan hissiyotlarni va qo‘rquvlarni bino qilar, ong harchand
urinmasin, yurak yaproqday dir-dir titrashini qo‘ymasdi.
Uning nazarida, sahro hududlarida bino bo‘lgan va hozir qaylardadir Parvardigorini izlab yurgan
barhayot odam, shusiz ham mukammal nizomlardan tashqariga chiqishga urinayotgan izlanuvchilar,
tobora to‘s-to‘poloni chiqib borayotgan zamonaviy dunyo bilan mana shu shamol junbishi o‘rtasida
elas-elas ilg‘anar bir bog‘liqlik bor edi go‘yo. Insonlar va tabiat nafas oladigan, yer yuzidagi hayotni
mudhish va o‘limchil ta’sirlardan qo‘riqlab turadigan, ulkan ummonlarni o‘z bag‘rida mayin suzdirib,
lozim bo‘lgan joylarga hech kimga zarari tegmaydigan, balki odam bolasining zavqini keltiradigan
tarzda yomg‘ir qilib yog‘diradigan, yuzlarni siypalaganida rohat baxsh etadigan havo deb atalmish bu
ne’matning to‘satdan ofatga aylanishi bejiz emas edi! Olamlar Parvardigori, agar istasa, yorug‘
dunyodagi har qanday ne’matni baloga yoki halokatga aylantirib qo‘yishi mumkinligini namoyon
qilayotganday edi. Gullab-yashnayotgan tiriklikning ona unsurlaridan biri bo‘lmish suv ham goh-goh
dolg‘alanib, tevarak-atrofni g‘orat aylaguvchi bahaybat balo qiyofasiga kirmoqda, bag‘ridan sanoqsiz
ne’matlarni chiqarib-muhayyo qilib turguvchi yer yuzi goh-goh shiddat ila qo‘zg‘alib, zilzilalar hosil
qilmoqda, teranliklaridan olov va erigan ma’danlardan iborat vulqonlarni ufurmoqda, insonlarni
sovuqdan himoyalanishiga, lazzatli taom tayyorlashlariga, hayotlari uchun lozim bo‘ladigan turli-
tuman asboblarni yasashlariga imkon beruvchi alanga ham goho tegrasidagi barcha narsani kuydirib-
kul qiluvchi bahaybat falokat shakliga kirmoqda edi. Dunyoning tamali bo‘lmish to‘rt unsur ana shu
tarzda – Parvardigori olamning qudrat-irodasiga tamomila bo‘ysungan holda o‘zgarmoqda va yer
yuzidagi tafakkur qiluvchi yagona jonzotga – odam bolasiga qarata o‘z tilida xitob aylamoqda edi.
Tafakkur qiluvchilar uchun esa yanada chuqurroqda boshqa haqiqat yashiringan edi! Ya’ni, bunday
falokatlaru ofatlarsiz ham, har daqiqada yuzlab insonlarning boqiy ruhlari foniy vujudlariniyu yorug‘
dunyoni tark etib, tasavvur yeta olmas abadiy makonlarga unsiz va jim jo‘namoqda edilar. Bunday
falokatlar va to‘fonlar mangulik safariga yo‘l olayotgan kishilarning qalblarida ham ro‘y berayotgan
bo‘lsa ne ajab? Ha, inson bolasi uchun qiyomat jontaslim qilgan onidan boshlanmoqda... insonlar ana
shu qiyomat kuniga duch kelmaslik uchun dunyoda iloji boricha ko‘proq muddat turishni orzu
qilmoqda... o‘zlarining shusiz ham barhayotliklarini anglayolmasdan, vaqt o‘tgani sayin
juldurlashadigan vujud libosi ichida mangu qolmoqni ixtiyor etmoqda edilar. Bir tomondan,
zamonaviy ilmlarning cho‘qqisi hisoblanmish gen muhandisligi tadqiqotchilarga mangu odam yaratish
7
Hazrat Alisher Navoiy satri