www.ziyouz.com kutubxonasi
46
imkonini berayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, kashf etilgan barcha hujayralaru genlar o‘sha kun
kelganida tub-tubidan parchalanib, nobud bo‘lib ketar, yanada haybatliroq haqiqat mana shunda edi! U
kunda mezonlaru vaznlar tubdan o‘zgarar, barhayotlik boshqa shakl va mazmun kasb etar... bu
haqiqatlarni olam yaratilganidan to mahshar kunigacha dunyoga keladigan insonlardan faqat bittasi –
eng muboragigina o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan edi, xolos!
Aqlu tafakkur anglab ololmaydigan ana shu hodisalarning yorug‘ dunyo qonuniyatlari kabi o‘z
qonuniyatlari bo‘lib, ularni oddiy odam bolalari faqat hislari va yuraklari bilan seza olardilar.
Insonlardan manguga yashiringan bu hodisalar zaminidagi ma’nolarga erishish tafakkur tarixida juda
oz sonli kishilargagina nasib etgan edi.
Professorning yodiga ana shunday muboraklardan birining misralari keldi. San’atining
teranliklariga turli ishoralarni va hikmatlarni yashirib ketgan bu kishi, umr shomi yaqinlashayotganini
oldindan sezarkan, kelajakdagi barcha inson bolalariga asrlar ortidan, misralar aro iltijo qilmoqda edi.
Nochor qalamim ostidan chiqqan va o‘zim duru gavhar deb taxmin qilganim satrlarni o‘qiguvchi kishi
ila meni baqamti qilganing – sening inoyatingdir, yuragimdan sitilib chiqqan misralarimga nigoh
tashlagan har bir kishini o‘z marhamating soyasiga olgil deb, o‘quvchining haqqiga oldindan duo
aylamoqda va o‘zi ham duodan umidvor holda munojot qilmoqda edi:
Yo Rab, ushbu turfa sho‘xi dilfirib, Kim oning vaslin manga qilding nasib. Yo Rab, bu zarbulmasalning turli sho‘x va dilga firib beruvchi ma’nolari vaslini menga nasib
aylading. Endi uni:
El ko‘ziga dog‘i mahbub aylagil, Barcha xotirlarg‘a marg‘ub aylagil. Ma’nilarini elga ma’qul va marg‘ub qilganing ramzlarni esa:
Garchi maqsudig‘a mubhamdur bayon, Qush tilin el ko‘ngliga qilg‘il ayon. Shundan so‘ng esa bu mangu zot xokisorlikning va samimiyatning ajoyib namunasini tuhfa etgan
edi:
Kimga ondin hosil o‘lsa muddao, Lutf etib Foniyni ham qilsa duo. Ayla oning ham duosin mustajob, Ikkimizni ollidin olg‘il hijob. Tab’ima tushsa xato birla zilal, Kilkima sahv o‘ldi ersa yo xalal. Lutf ila, yo Rabki, borin afv qil, Nomai a’molidin ham mahv qil.