BUDDIZM (Budda nomidan olingan), B u d d a v i y l i k - jahonda eng keng tarqalgan
dinlardan biri (xristianlik va islom dini bilan birga). Mil. av. 6-5-a.larda Hindistonda
paydo bo‘lgan. Markaziy Osiyo, Jan.-sharqiy Osiyo mamlakatlarida va Uzoq Sharqda
tarqalgan. Hoz. kunda B. Shri-Lanka, Myanma (Birma), Tailand, Laos, Kambodja,
Vetnam, Tibet, Butan va Yaponiya kabi davlatlarning asosiy dinidir. B. muayyan tarixiy
davrlarda Xitoy, Hindiston, Koreya va Indoneziyada, deyarli butun Osiyo xalqlari, ya’ni
jahonning salkam 2/3 qismi aholisi ma’naviy qadriyatlariga juda katta ta’sir ko‘rsatgan.
Rivoyatlarga ko‘ra, B. ga Siddhartha Gautama (Budda) asos solgan. B. da 2 asosiy
yo‘nalish mavjud: xinayana va maxayana. Keyingisi juda ko‘p sekta va oqimlarga
bo‘linadi. Boshqa dinlardan farkli ravishda B.da hech bir o‘zgarmas narsa yo‘q hatto
xudo ham o‘zgaruvchan, deb uqtiriladi. Faqat on yoki lahzalar silsilasi mavjud bo‘lib,
ularning har biri yo‘qolib, keyingisiga o‘rin beradi. B. ta’limotiga ko‘ra, inson doimo azob-
uqubatga mahkum va bunga uning o‘zi sabab bo‘ladi. Zero u, garchand befoyda bo‘lsa-
da, o‘z hayoti va farovon turmushini saqlab qolishga harakat qiladi. Azob-uqubatdan
qutulish uchun ko‘ngil xush ko‘rgan barcha narsalardan o‘zini tiyishi darkor. Muntazam
ravishda yolg‘ondan, o‘g‘rilikdan, boshqaga zarar yetkazishdan, zinodan o‘zini tiyish
hamda meditatsiya (ongai oliy haqiqatga yetishishga qaratish) "bodxi", ya’ni
"xotirjamlik"ka va oxir-oqibatda nirvanaga (azob-uqubatning tugashiga) olib keladi.
Nirvanaga yetishish uchun talab qilinadigan axloqiy barkamollik bir emas, bir necha
hayotni taqozo etishi mumkin. B. zaminida 3 narsa - Budda, Dxarma va Sangxaga
e’tiqod yotadi. Budda (Siddhartha Gautama) oliy haqiqatga yetishishning yorqin timsoli.
Dxarma - Gautama qoldirgan ta’limot. Bu ta’limotning eng qisqa bayoni "to‘rt oliy
haqiqat"dan iborat: 1) azob-uqubat mavjud; 2) azob-uqubatning sababi (istak) mavjud;
3) azob-uqubatning tugashi (nirvana) mavjud; 4) azob-uqubatning tugashiga olib
keluvchi sakkiz bosqichli yo‘l mavjud. Sangxa - Budda asos solgan va hozirgacha faoliyat
ko‘rsatib kelayotgan rohiblar jamoasi. Tor ma’noda bu - o‘tgan asrlarda "oliy haqiqat"ga
yetishgan ko‘plab avliyolardir. Sangxa jamoasiga qabul etilgan shaxs quyidagi 10 farzni
ado etishga qasamyod qiladi: 1) hech kim yoki hech narsani hayotdan judo qilmaslik; 2)
yolg‘on so‘zlamaslik; 3) o‘g‘rilik qilmaslik; 4) jinsiy aloqaga kirmaslik; 5) mast qiluvchi
ichimlik ichmaslik; 6) kunning ikkinchi yarmidan to ertangi sahargacha ovqat tanovul
qilmaslik; 7) uch kiyimdan ortiq hech narsa bilan tanani bezamaslik; 8) ommaviy
ko‘ngil-xushliklarda ishtirok etmaslik va tomoshabin sifatida qatnashmaslik; 9) baland
va yumshoq o‘rinda yotmaslik; 10) pul ishlatmaslik. Rohiblar jamoasi asosan txeravada
B.ga xosdir. Maxayanada "haqiqat yo‘li" har kim uchun ochiq: rohiblarga ham, dunyoviy
kishilar (ya’ni oddiy qavm)ga ham; Buddaga e’tiqod qilinsa, bas. Kenfoq qaraganda,
Sangxa -muqaddaslik va qudrat xazinasi. Qisqasi, B. - Buddaga ergashib, Dxarma
talablarini bajarish va Sangxa jamoasining a’zosi bo‘lib qolishdir.
B. tarixi 2500 y.dan ortiq davrni o‘z ichiga oladi. Unga dastlab braxmanizm va
jaynizmning ta’siri kuchli bo‘lgan. Imperator Ashoka (mil. av. 3-a.) davrida B. kuchli
mustaqil din sifatida shakllandi. 9-a. muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatgan B. Hindistonda
inqirozga yuz tuta boshladi va pirovardida bu yerda uning o‘rnini hinduizm to‘liq egalladi.
Ammo B. Shri-Lanka, Jan.-sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo orqali Xitoy, Koreya,
Yaponiya va Tibetga yoyilib ulgurgan edi. Shri-Lanka va Jan.-sharqiy Osiyoning materik
qismida txeravada B. (qad. an’analarga sodiqlik), Xitoy, Koreya, Yaponiya va Tibetda
esa, maxayana (yangicha yondashuvlar) tarqaldi. 15-a.da Osiyo qit’asida paydo bo‘lgan