www.ziyouz.com kutubxonasi
221
NE’MATULLOH VALIY, Amir (sayid) Nuriddin Ne’matulloh ibn mir (sayid) Abdulloh
(laqabi - Shoh Ne’matulloh Valiy) (1330-1431) - so’fiy, shoir; ne’matullohiylar so’fiylik
tariqati asoschisi. N.V. sunniy -shofi’iy bo‘lib, o‘z shajarasini shialarning 5-imomi
Muhammad al-Boqir orqali (21-bo‘g‘imda) Muhammad (sav)ga yetkazgan. Halabda
tug‘ilgan, Iroqda, so‘ngra Makkada - shayx Abdulloh al-Yofe’iy (1298-1367) qo‘lida tahsil
olgan, 7 yildan so‘ng uning xalifasi bo‘lgan. Iroq, Misr, Tabriz, Ardabil, Movarounnahrda
bo‘lib, turkiy qabilalar orasida islomni faol targ‘ib qilib, uni yoygan. Uzining zohidona
turmush tarzi (40, 100 kunlik ro‘za tutish, ma’lum muddat to‘liq sukutga ketishi va b.)
bilan xalq orasida shuhrat qozongan. Samarqand va Qarshida bir muddat yashagan.
Amir Temurga (1336-1405) uning va’zlari yoqmagan, shundan so‘ng N.V. Hirotga ketib,
amir Imodiddin Hamza al-Husayniy al-Hiraviyning qiziga uylangan. Hirotdan u Yazdga, u
yerdan Ko‘hbanon muzofoti (Kermon viloyati)ga o‘tgan. Keyingi o‘ttiz yillik umrini Yazd,
Sheroz va Kermonda, so‘nggi 25 y.ni esa, Mohon qishlog‘i (Kermon atrofida)da
o‘tkazgan. Bu yerda u darvishlar uchun alohida binosi bo‘lgan katta xonaqoh va masjid
qurdirgan. Uning maqbarasi hozirgacha ommaviy ziyorat qilish joyi hisoblanadi. N.V.
tasavvufga doir 544 ta risola yozganliga ma’lum, shundan 110 ga yaqini bizgacha yetib
kelgan. Bundan tashqari u 1541 g‘azalni o‘zida jamlagan katga Devon tuzgan, N.V.
ta’limotida arab mistitsizmi (Ahmad ash-Shoziliy va Abu Madyon), Ibn Arabiyning
vahdati vujud ta’limoti, Najmiddin Kubro g‘oyalari va xojagon tariqati qarashlari aralash
bo‘lgan. So’fiylik tajribasida u al-Junayd va Boyazid al-Bistomiy yo‘lidan borgan. N.V.
fikricha, so’fiy 6 bosqich (marhala)ni bosib o‘tishi lozim. Bular - faqr, mehr, taslim,
vara’, rido va fano bo‘lib, shundan so‘ng so’fiy Allohga qo‘shilib ketadi. N.V. hunarmand
va dehqonlar mehnatini madh etgan.