O‘ZBEKISTON O‘QITUVCHI VA MURABBIYLARIGA Muhtaram muallim va murabbiylar! Qadrli ustozlar!
Avvalambor, sizlarni umumxalq bayrami – O‘qituvchilar va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga yuksak hurmat-ehtiromimni bildiraman.
Bugun dunyodagi eng ulug‘ va sharafli kasb egasi bo‘lgan aziz ustozlarga samimiy tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning “Muallim zoti ezgulik va ma’rifat yo‘lining beminnat charog‘bonidir” degan hikmatli so‘zlari beixtiyor yodimizga tushadi.
Bunday yuksak va haqqoniy baholar farzandlarimizni jismoniy va ma’naviy yetuk, barkamol insonlar etib o‘stirish, voyaga yetkazishdek ezgu va mas’uliyatli ishni o‘z zimmasiga olgan yurtimizdagi ming-minglab jonkuyar ustoz va murabbiylar, hurmatli domlalarimiz sha’niga munosib ekanini barchamiz bugun chuqur anglaymiz.
Haqiqatan ham, ko‘z nuri va qalb qo‘rini, butun ongli hayotini yosh avlodga bilim va tarbiya berishga, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga bag‘ishlagan, bir so‘z bilan aytganda, Vatanimizning ertangi kunining poydevorini yaratayotgan siz azizlarning kundalik olijanob mehnatingiz oldida ta’zim etsak arziydi, albatta.
Hech shubhasiz, bu yilgi bayramning “Barkamol avlod yili”da, uning yuksak maqsad va vazifalariga uyg‘un va hamohang tarzda keng nishonlanayotgani bu ayyomga alohida ko‘tarinki ruh bag‘ishlamoqda.
Aziz yurtdoshlar!
Biz mustaqillikning birinchi yillaridan boshlab ta’lim sohasida eski yondashuvlardan butunlay voz kechib, yangicha tamoyillarga, milliy qadriyat va an’analarimizga, ilg‘or jahon tajribasiga asoslanib, hayotimizni tubdan yangilash, uzoq va davomli maqsadlarimizni amalga oshirish uchun ta’lim va tarbiya sohasiga ustuvor ahamiyat qaratib, bor kuch va imkoniyatlarimizni shu yo‘lda safarbar etmoqdamiz.
Mohiyati va ahamiyatiga ko‘ra chindan ham noyob Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va uning uzviy davomi bo‘lgan Maktab ta’limini rivojlantirish dasturi bugungi kunda hayot sinovidan o‘tib, o‘z hosilini
berayotgani, xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilayotgani barchamizga haqli ravishda g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.
Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida – tarixan qisqa bir davrda erishgan, shu jumladan, ta’lim va ma’rifat sohasida qo‘lga kiritgan yutuq va marralari haqida keltirilgan ma’lumotlar yig‘ilganlarda katta qiziqish va havas uyg‘otdi.
Eng muhimi, ana shu davr mobaynida chuqur o‘ylangan va aniq maqsadga yo‘naltirilgan holda amalga oshirgan ulkan ishlarimiz natijasida mamlakatimiz dunyodagi taraqqiy topgan davlatlar qatorida 12 yillik majburiy umumiy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga o‘tgani O‘zbekistonimiz erishgan yutuqlarning yaqqol tasdig‘i sifatida qabul qilindi.
Haqiqatan ham, mamlakatimizda keyingi o‘n-o‘n ikki yil mobaynida 1 ming 394 ta kasb-hunar kolleji, 142 ta akademik litsey, 9 ming 772 ta maktab, o‘nlab oliy o‘quv yurtlari yangitdan bunyod etilgani, rekonstruksiya qilingani va kapital ta’mirlanganining o‘zi tariximizda ilgari hech ko‘rilmagan ulkan hodisadir.
Ana shunday ezgu ishlarimizning davomi sifatida maxsus dasturlar bo‘yicha 1 ming 200 ta bolalar sporti obyekti barpo etilgani, 278 ta musiqa va san’at maktabini yangitdan qurish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilayotganini ta’kidlash lozim.
Ayni vaqtda ushbu maskanlarni zamonaviy talablar asosida jihozlash, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, internet tizimini keng joriy qilish, o‘quv-mashg‘ulot va laboratoriya xonalarini tashkil etish, darslik va qo‘llanmalarning yangi avlodini yaratish, malakali pedagog va murabbiy kadrlar tayyorlash uchun qancha-qancha mehnat, kuch va mablag‘ sarflangani haqida, o‘ylaymanki, ortiqcha gapirishning hojati yo‘q.
Yana bir muhim tomoni – uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan bunday ishlarimiz nafaqat shahar va qishloqlarimiz qiyofasini, balki butun jamiyatimiz, avvalo, yoshlarimizning dunyoqarashini, ularning siyosiy, huquqiy va madaniy saviyasini o‘zgartirib, mamlakatimizning dunyo miqyosidagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda mustahkam poydevor bo‘layotgani bilan ayniqsa e’tiborlidir.
Albatta, oldimizda turgan ezgu maqsadlarimizga erishish yo‘lida yaratilgan barcha keng imkoniyatlar e’tirof etilayotgan bir paytda, biz eng avvalo bunyod etilayotgan sharoitlarga bamisoli jon va kuch berayotgan,
ularni ishga solayotgan muallim va murabbiylarning og‘ir va mas’uliyatli mehnatining o‘rni va ahamiyatini chuqur anglab, ularni munosib qadrlash va baholash barchamizning doimiy e’tiborimiz markazida turishini yaxshi tushunamiz.
Ayni shu maqsadda pedagog xodimlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab- quvvatlash, ularning mehnatini rag‘batlantirish, ish haqini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy etish, o‘qituvchilik, murabbiylik, ma’rifat sohasida jonkuyarlik va fidoyilik ko‘rsatayotgan insonlarni Vatanimizning yuksak unvonlari, orden-medallari va mukofotlari bilan taqdirlash masalalarini o‘zimizning burchimiz deb hisoblaymiz va bundan keyin ham shunday bo‘lajak, inshoollo.
Bu haqda fikr yuritar ekanmiz, diqqatingizni yana bir masalaga jalb etishni istardim. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirayotgan abituriyentlar soni eng yuqori ko‘rsatkichni, ya’ni 22,6 foizni tashkil etmoqda.
Agarki, bu nimaning dalolati, deb so‘rasa, men, bu birinchi navbatda mamlakatimizda o‘qituvchilik chindan ham sharafli kasbga aylanayotgani, yoshlarimiz o‘z o‘rnim, o‘z baxtimni aynan shu kasb orqali topaman, deb astoydil intilayotganining dalolatidir, deb aytgan bo‘lardim.
Biz mamlakatimizni modernizatsiya qilish, hayotimizni yanada erkinlashtirish hisobidan dunyodagi taraqqiy topgan davlatlar qatoriga kirishni o‘z oldimizga buyuk maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, ta’lim-tarbiya sohasidagi ishlarni aslo bo‘shashtirmasdan, yangi va yuksak bosqichga ko‘tarishni zamonning o‘zi talab etmoqda.
Barchamizga ayonki, bugun hayot shiddat bilan o‘zgarib, yoshlarning ongi va qalbini egallash uchun turli intilish va harakatlar tobora kuchayib bormoqda.
Ana shunday murakkab bir vaziyatda milliy o‘zligini, kimning, qanday buyuk zotlarning vorisi ekanini, Vatan tuyg‘usini chuqur anglaydigan, irodasi mustahkam, yuksak ma’naviyatli yosh avlodgina bizga yot va begona bo‘lgan zararli ta’sir va oqimlarga qarshi tura oladi.
Farzandlarimizni ana shunday ezgu fazilatlar ruhida tarbiyalashda mening eng yaqin maslakdoshim, ko‘makchim va suyanchim bo‘lgan siz, muhtaram muallim va murabbiylar o‘zingizning bilim va tajribangizni, kuch-g‘ayrat va mahoratingizni ayamaysiz, deb ishonaman.
Fursatdan foydalanib, siz azizlarimga – yurtimizdagi barcha o‘qituvchi va murabbiylarga Vatanimizning bugungi ravnaqi, ertangi istiqboli yo‘lidagi mas’uliyatli mehnatingiz uchun xalqimiz nomidan, o‘z nomimdan yana bir bor chuqur minnatdorlik izhor etishni ham qarz, ham farz deb bilaman.
Qadrli do‘stlar!
Barchangizni qutlug‘ bayramingiz bilan samimiy tabriklab, sizlarga yangi-yangi yutuqlar, sihat-salomatlik va baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilayman.
Umringizdan baraka toping, hech qachon kam bo‘lmang, aziz ustozlar!