To‘rtinchi. Qurolli Kuchlarimizning harakatchanligi, o‘zini o‘zi boshqarishi, yuksak jangovar tayyorgarlikka ega bo‘lishiga erishishda harbiy qism va bo‘linmalarni modernizatsiya qilish, zamonaviy qurol- yarog‘ va harbiy texnika, aloqa va individual himoya vositalari bilan qayta jihozlash hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Qurolli Kuchlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini nazarda tutgan holda, havo hujumidan mudofaa vositalari va vertolyot texnikasi, bronetank qurol-yarog‘lari, artilleriya tizimlari, zenit raketalari komplekslari, zalpli o‘t ochishning reaktiv tizimlari, yuksak darajada aniq nishonga oladigan zamonaviy qurollar, individual va guruh shaklida, shu jumladan, radioaktiv nurlanish hamda kimyoviy va biologik qurollardan himoyalanishning maxsus vosita va texnikalarini modernizatsiya qilish va ularning zamonaviy namunalarini sotib olish masalasiga alohida e’tibor qaratish darkor.
Beshinchi. Qurolli Kuchlarimizni isloh etishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri – ofitser va serjant kadrlarni tayyorlaydigan, qayta tayyorlaydigan va ularning malakasini oshiradigan, intellektual jihatdan yuksak, analitik va strategik fikrlash qobiliyatiga, jangovar harakatlarni mohirlik bilan rejalashtirish salohiyatiga ega, qo‘l ostidagi bo‘linmalarni samarali boshqarish, ularda sog‘lom axloqiy-ruhiy muhitni qaror
toptirishga qodir bo‘lgan professional harbiylarni shakllantirishni ta’minlaydigan uzluksiz tizimni yanada takomillashtirishdan iboratdir.
Qurolli Kuchlar qo‘mondonligi harbiy ta’lim muassasalari, serjantlar tayyorlash maktablarini eng zamonaviy ta’lim jihozlari, jumladan, modellashtirish va simulyatsiya vositalari, kompyuter texnikasi, harbiy poligon asbob-uskunalari bilan ta’minlash masalasiga bundan buyon ham asosiy e’tiborni qaratishi lozim. O‘quv jarayonini tashkil etishda harbiy sohani rivojlantirishning asosiy tendensiyalarini, muayyan hudud doirasida tez va shiddatli tarzda kechadigan operatsiyalar va jangovar harakatlar olib borish bo‘yicha bugungi tajribalarni aks ettiradigan fan va ixtisosliklarni o‘zida mujassam etgan zamonaviy ta’lim dasturlariga asoslanish zarur. Kursantlarni nazariy jihatdan tayyorlash ularning qo‘shinlar safidagi amaliy tayyorgarligi bilan uzviy ravishda to‘ldirilishi, kundalik jangovar xizmat faoliyati bilan chambarchas bog‘liq holda olib borilishi kerak.
Bularning barchasi harbiy ta’lim muassasalari o‘qituvchi va instruktorlari tarkibi oldiga alohida yuksak talablar qo‘yadi. Ular yuqori darajadagi professional bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, zamonaviy o‘quv-tarbiya ishlarining shakl va usullarini puxta egallagan holda, o‘zining pedagogik va harbiy-professional malakasini doimo oshirib, xorijiy armiyalarning ilg‘or tajribalarini o‘zlashtirib borishi darkor. Muxtasar aytganda, ular o‘z xizmat burchini yuqori darajada ado etish, tartib-intizomga qat’iy rioya qilish, yuksak madaniyat va axloq borasida ibrat va namuna ko‘rsatishlari lozim.
Yuqorida zikr etilgan masalalarni hal etishda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi oldida katta vazifalar turibdi. Yaqinda uni tubdan qayta tashkil etish jarayonida oliy qo‘mondonlik tarkibidagi ofitserlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, mudofaa qurilishi sohasidagi ilmiy-amaliy tadqiqot va ishlanmalarni muvofiqlashtirish, mamlakatimizda harbiy ta’limni rivojlantirish mas’uliyati aynan shu akademiyaga yuklangani ham buning yaqqol dalilidir.
Harbiy ta’lim tizimini modernizatsiya qilishda yetakchi xorijiy davlatlar, jumladan, NATOga a’zo mamlakatlarning ofitser va serjantlar tayyorlash tajribasidan kengroq foydalanish zarur.