MILLIY DAVLATCHILIGIMIZTARIXINING MUMTOZ NAMUNASI Bugungi kunning o‘tkir va dolzarb muammolari bizdan zamonaviy taraqqiyotning asosiy tamoyillarini har tomonlama chuqur tahlil etish bilan birga, insoniyatning yaqin-olis tarixidagi boy tajribasini ham teran idrok etishni, shu asosda amaliy xulosalar chiqarishni taqozo etmoqda, ya’ni tarix tajribasi odamzod uchun tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, o‘zbek xalqining ko‘p asrlik tarixi ham ana shunday buyuk tajribalar manbaidir. Bu tarixning eng yorqin va shonli sahifalarini tashkil etadigan ulug‘ ajdodlarimiz haqida so‘z borganda, buyuk davlat arbobi va sarkarda, sohibqiron Amir Temur bobomizning o‘lmas nomini birinchilar qatori tilga olishimiz tabiiy, albatta. Mana, qariyb yetti asrdirki, bu ulug‘ zotning shonu shuhrati, hayoti va faoliyatiga bo‘lgan qiziqish jahonning turli mamlakatlarida tobora ortib bormokda.
Shuni ta’kidlash joizki, ulug‘ ajdodimizning o‘zi yashagan zamonga, shu davrda Osiyo va Yevropa qit’alarida ro‘y bergan, juda katta tarixiy ahamiyatga molik o‘zgarishlarga olib kelgan voqea-hodisalarga hal qiluvchi ta’siri, uning bu jarayonlardagi roli nainki tarixchi va siyosatchilar, harbiy ilm mutaxassislari, balki badiiy ijod ahlining ham diqqat-e’tiborini hali-hamon o‘ziga jalb etib kelmoqda.
Bu benazir zotning qanday milliy zamin va tarixiy sharoitda o‘sib- ulg‘aygani, qay tariqa shunday yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilgani, zafarli yurishlari haqida, uning nafaqat davlat arbobi va yengilmas sarkarda, ayni vaqtda inson sifatidagi fazilatlari, ichki dunyosi va kechinmalari haqida Sharq davlatlari bilan birga olis Yevropada – Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Germaniya kabi mamlakatlarda ham bundan necha yuz yillar avval ko‘p-ko‘p ilmiy va badiiy asarlar yaratilgani yaxshi ma’lum.
Chunonchi, Amir Temur bobomiz haqida ingliz dramaturgi Kristofer
Marlou 1588 yili tarixiy pyesa, mashhur nemis kompozitori Georg Gendel
1724 yili opera, amerikalik adib Edgar Po esa 1827 yili she’riy poema yaratgan. Va bunday asarlar bugungi kunda ham ko‘plab paydo bo‘lmoqda. Fransiyalik taniqli olim Lyusyen Keren tomonidan 2006 yili xalqaro
miqyosda keng nishonlangan Sohibqironning 670 yillik tavallud to‘yi arafasida Parijda fransuz tilida nashr qilingan «Samarqandga, Amir Temur davriga sayohat» nomli fundamental tadqiqot bu fikrning yaqqol tasdig‘idir. Tabiiyki, bu asarlarning barchasi ulug‘ bobomizning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq ko‘pgina masalalarga javob topishda, ularni tarix va bugungi zamon nuqtai nazaridan yoritishda muhim o‘rin tutadi. Ularning har biri Sohibqiron siymosi haqida o‘ziga xos tasavvur va tushuncha beradi.
Ming afsuski, mustamlakachilik yillarida, ya’ni milliy qadriyatlarimiz, aziz-avliyolarimiz va allomalarimizning boy merosi, tabarruk nomlarini xalqimiz xotirasi va yuragidan butunlay o‘chirishga qaratilgan siyosat hukm surgan davrlarda Amir Temurning hayoti va faoliyatini o‘rganish u yoqda tursin, hatto uning nomini tilga olish ham mutlaqo taqiqlab qo‘yilgan edi. Bu mavzuda yaratilgan ba’zi bir ilmiy-badiiy asarlarda Amir Temur siymosi tarixiy haqiqatga zid ravishda biryoqlama, asosan qora bo‘yoqlarda aks ettirilar edi. Taassuflar bo‘lsinki, sobiq tuzum davrida yaratilgan tarixiy va badiiy adabiyotlarda hamda ularning ta’sirida chop etilayotgan bugungi ayrim kitoblarda ham mana shunday g‘arazli yondashuv alomatlarini hanuz uchratish mumkin.
Ollohga shukrki, istiqlolga erishganimizdan keyin bu masalada ham tarixiy adolat qaror topdi. Muqaddas yurtimiz zaminida yashab o‘tgan ko‘plab ulug‘ siymolar qatori Amir Temur bobomizning nomi, sha’nu shavkati va merosi ham qayta tiklanib, bu buyuk zot haqidagi asl haqiqat xolis va haqqoniy yoritilmoqda, tadqiqotlar olib borilmoqda, kitoblar yozilmoqda. Zero, Amir Temur shaxsini idrok etish – tarixni idrok etish demakdir. Amir Temurni anglash – o‘zligimizni anglash demakdir. Amir Temurni ulug‘lash –tarix qa’riga chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizni, ishonchimizni mustahkamlash demakdir.
Bu haqda gapirganda, Amir Temurning davlatchilik va diplomatiya, harbiy mahorat, bunyodkorlik salohiyati, ilmu fan, san’at va me’morchilikka oid qarashlari, hayotning ma’no-mazmuni, insonni ulug‘laydigan ezgu ishlar haqida bildirgan fikrlari, dinu diyonat va adolatni joyiga qo‘yish, saltanat ishlarini kengash va tadbir asosida amalga oshirish, har bir masalada uzoqni ko‘zlab, el manfaatini o‘ylab ish tutish bilan bog‘liq ibratli fazilatlarini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Aynan mana shunday masalalar Sohibqiron tafakkurining mahsuli bo‘lgan «Temur
tuzuklari» asarida har tomonlama aniq, ishonarli va ta’sirchan tarzda yoritilgan, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Shuning uchun ham o‘zining beqiyos azmu shijoati, mardlik va jasorati bilan Movarounnahr zaminida mo‘g‘ul zulmiga barham berib, xalqimizni qaramlik iskanjasidan xalos etgan, tarqoq va parokanda el-ulusni birlashtirib, mustaqil va qudratli davlatga asos solgan bu ulug‘ siymoning mazkur kitobda ifoda etilgan g‘oya va qarashlari nafaqat o‘z davri, balki bugungi va kelgusi avlodlar uchun ham muhim ahamiyat kasb etishi bejiz emas.
Shaxsan men Sohibqiron bobomiz bizga meros qilib qoldirgan
«Tuzuklar»ni o‘qisam, xuddiki o‘zimga qandaydir katta ruhiy kuch-quvvat topgandek bo‘laman. Har bir satri bir umr el-yurt, saltanat tashvishi bilan yashagan fidoyi inson, ulkan davlat arbobining keng miqyosdagi o‘y- fikrlari, hayot va kurash tajribasi, mushohadasi, ba’zan esa dardli va iztirobli kechinmalari bilan sug‘orilgan bu asarda qanday teran ma’no mujassam ekanini ma’rifatli, zukko kitobxon yaxshi anglaydi, albatta.
Men o‘z ish faoliyatimda bu kitobga takror-takror murojaat qilib, undagi hech qachon eskirmaydigan hayot hikmatlarining qanchalik to‘g‘ri ekaniga ko‘p bor ishonch hosil qilganman. Masalan, «Tajribamda ko‘rilgankim, azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir», degan fikrlar bugungi kunda ham naqadar dolzarb ekani barchamizga ayon. Yoki u zotning:
«Saltanat ishlarining to‘qqiz ulushini mashvarat, tadbir va kengash, qolgan bir ulushini esa qilich bilan bajo keltirish zarur», degan ko‘rsatmalarida hozirgi notinch zamon uchun, XXI asr siyosatdonlari uchun ham har jihatdan ibratli fikrlar borligini ta’kidlash joiz. Amir Temur bobomizning bunday chuqur ma’noli so‘zlari, ayniqsa, «Bilagi zo‘r birni, bilimi zo‘r mingni yiqar», degan hikmati insonni doimo aql-idrok, ilmu ma’rifat asosida yashashga da’vat etishi bilan e’tiborlidir.
Ulug‘ ajdodimiz, garchi buyuk bunyodkor va jahongir bo‘lsa-da, kuch- qudrat zo‘rlik va zo‘ravonlikda emas, aksincha, adolatda, hamjihatlik va hamkorlikda ekanini nihoyatda chuqur anglagan. Uning davlatni oqilona boshqarish, o‘ta mushkul va imkonsiz vaziyatda ham to‘g‘ri yo‘l, tadbir topa olish qobiliyati, noyob aql-zakovati har qanday odamni hayratga soladi. Amir Temurdek buyuk va betakror siymoni har tomonlama tushunish, u barpo etgan qudratli saltanatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-mafkuraviy asoslarini, Sohibqironning davlat boshqaruvi
borasidagi ulkan salohiyati, mahorati, bilim va tajribalarini o‘rganishda, umuman aytganda, hayot sirlarini anglab yetishda «Temur tuzuklari» bebaho qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
Ayniqsa, bugungi murakkab va tahlikali davrda bu kitobni qayta-qayta mutolaa qilish, uning mag‘zini chaqish birinchi galda rahbar, yetakchi bo‘lishdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgan odamlar uchun, qolaversa, har qaysi ziyoli inson uchun bag‘oyat foydali ekani haqida ortiqcha gapirib o‘tirishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman.
Ishonchim komilki, yoshlarimiz bu kitobni mehr qo‘yib, tushunib, chuqur anglab o‘qisa, ularning qalbida milliy g‘urur tuyg‘usi yuksaladi, o‘zining qanday buyuk zotlarning avlodi ekanini yanada chuqurroq his etib, hayotning har qanday sinov va qiyinchiliklarini yengishga qodir insonlar bo‘lib voyaga yetadi.
Shu ma’noda, «Temur tuzuklari» kitobining mamlakatimizda ona tilimizda yangitdan yuksak sifat bilan chop etilishi, hech shubhasiz, madaniy hayotimizdagi o‘ziga xos muhim voqeadir. Qadimiy va boy, shavkatli tariximiz, betakror merosimiz, azaliy qadriyatlarimiz bilan qiziqadigan barcha kitobxonlarni ana shu quvonchli voqea bilan chin dildan qutlab, bu noyob asar ularning hayotida doimiy ma’naviy hamroh bo‘lib qolishini tilayman.