FAVQULODDAVAZIYATLARVAZIRLIGI XODIMLARIGA BAYRAMTABRIGI Hurmatli do‘stlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilari, xodimlari va faxriylari!
Sizlarni – o‘zini odamlarning hayotini asrash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishdek olijanob ishga bag‘ishlagan barcha insonlarni qutlug‘ sana – Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etilganining 15 yilligi bilan samimiy tabriklash menga ulkan mamnuniyat bag‘ishlaydi.
O‘zbekiston o‘z mustaqilligi va suverenitetini qo‘lga kiritgan dastlabki kunlardan boshlab mamlakatimiz aholisi va hududini tabiiy ofatlar, texnogen halokat va falokatlardan muhofaza qilish bo‘yicha ishonchli va samarali milliy tizimni yaratish hal qiluvchi vazifalardan biriga aylandi.
Shu borada qo‘yilgan maqsadga erishish yo‘lida ko‘lami va mohiyatiga ko‘ra salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Mamlakatimizda “Fuqaro muhofazasi to‘g‘risida”, “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi bilan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etish masalalari, shuningdek, qutqaruv xizmatlari va qutqaruvchilar faoliyatini, huquqiy maqomini tartibga soladigan zarur me’yoriy-huquqiy baza shakllandi.
Yurtimizda va ilg‘or xorijiy mamlakatlarda to‘plangan ko‘p yillik tajribaga tayangan holda, fuqaro mudofaasi qurilishi bo‘yicha o‘z umrini o‘tab bo‘lgan eskicha yondashuv va qoliplardan tubdan farq qiladigan, har tomonlama puxta o‘ylangan, zamonaviy kompleks dastur asosida mutlaqo yangi, favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi hamda uning muvofiqlashtiruvchi organi – Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etildi.
Bugungi kunda ushbu tizim 40 dan ortiq turli vazirlik va idoralarni, respublikamizning barcha hududiy bo‘g‘inlarini qamrab olib, davlat boshqaruvi hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, tabiiy
ofat va halokatlarning oldini olish, ularning oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kuch va vositalarning o‘zaro uyg‘unligi va yaqin hamkorligini ta’minlamoqda.
Mamlakat va mintaqalarimiz darajasida tashkil etilgan harakatchan avariya-qutqaruv, radiatsion-kimyoviy va biologik muhofaza guruhlari, obyektlarning fuqaro muhofazasi tuzilmalari barcha turdagi xavfli tabiiy hodisalar va texnogen halokatlar, jumladan, transchegaraviy ko‘rinishdagi falokatlarga qarshi chora-tadbirlarni tezkor va o‘z vaqtida amalga oshirmoqda.
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, jumladan, seysmik holatlarni kuzatib borish va yong‘inlarning oldini olishda qo‘llanadigan texnologiyalardan, shuningdek, halokatlar paytida ishlatiladigan eng yangi qutqaruv uskunalari, maxsus transport va texnikadan keng foydalanish favqulodda vaziyatlarni monitoring va prognoz qilish tizimining yuksak darajada ishonchli bo‘lishini, qutqaruv operatsiyalarini rejalashtirish va amalga oshirishning tezkorligini ta’minlamoqda.
Shu yillar mobaynida operativ fikrlash va nostandart qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda aholini qanday harakat qilishga o‘rgatish tizimini takomillashtirish borasida ham ko‘pgina ishlar amalga oshirildi.
Shu munosabat bilan mamlakatimizda ilmiy-pedagogik va o‘quv- mashg‘ulot markazlari – Fuqaro muhofazasi instituti va Qutqaruvchilarni tayyorlash markazi tashkil etilgani, ularda 20 ming nafardan ortiq mutaxassis va qutqaruvchi ta’lim olganini alohida qayd etish zarur.
Xorijiy markazlar bilan tabiiy ofatlar va falokatlardan muhofaza qilish hamda ularning oldini olish bo‘yicha xalqaro hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Xususan, bu borada Rossiya Federatsiyasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Ukraina, Latviya va boshqa mamlakatlar bilan amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Tabiiy ofatlarni kamaytirish xalqaro strategiyasi va Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha Osiyo markazi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida favqulodda vaziyatlar xavfining oldini olishga doir ilg‘or amaliy tajribalarni almashish borasida samarali faoliyat olib borilmoqda.
So‘nggi o‘n besh yil davomida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan xavfli tabiiy hodisalar va texnogen halokatlarning oqibatlarini
bartaraf etish bo‘yicha 4 mingdan ortiq yirik qutqaruv operatsiyalari amalga oshirildi.
Qutqaruvchilarning fidokorona mehnati va yuksak professional mahorati tufayli 16 mingdan ziyod fuqaromizning hayoti va sog‘ligiga xavf solgan tahdidlarning oldini olishga erishilgani ayniqsa e’tiborlidir.
Favqulodda vaziyatlar xizmatlari va tuzilmalarini tashkil topishi bo‘yicha shu davrda bosib o‘tilgan murakkab yo‘lni baholar ekanmiz, iqtisodiyot obyektlarining barqaror ishlashi, mamlakatimiz fuqarolarining hayoti, tinch mehnati va osoyishtaligining himoyasi ishonchli qo‘llarda, deb to‘liq asos bilan aytish mumkin.
Hurmatli qutqaruvchilar!
Keyingi vaqtda dunyoning turli mamlakatlarida ro‘y bergan yirik tabiiy ofat va texnogen halokatlar, respublikamizning tog‘li va tog‘oldi hududlarida zilzila, jala va toshqinlar, sel va ko‘chkilar yuz berish xavfi, shuningdek, manbai biz bilan chegaradosh davlatlar hududida joylashgan transchegaraviy ko‘rinishdagi xatarlarning saqlanib qolayotgani ushbu xavfli holatlarga qarshi samarali va tahdid darajasiga mos ravishda harakat qilishni, barcha qutqaruv xizmatlari va fuqaro muhofazasi tuzilmalarining aniq va o‘zaro uyushgan harakatini, har bir qutqaruvchining o‘z xizmat burchini mas’uliyat bilan bajarishini taqozo etmoqda.
Qo‘yilgan ana shunday maqsadga erishish yo‘lida favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining barcha bo‘g‘inlari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda moddiy-texnik bazasini har tomonlama mustahkamlash, qutqaruv xizmatlarining yuqori malakali xodimlarini tayyorlash, fuqaro muhofazasi sohasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish darkor.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining har bir xodimi favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini tashkil etish, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni favqulodda vaziyatlar xavfi paydo bo‘lganda mavjud holatga muvofiq harakat qilishga tayyorlash hamda o‘qitish borasida o‘z vaqtida qabul qilingan chora-tadbirlar avvalambor qancha-qancha insonlarni qutqarib, hayotini asrab qolishga xizmat qilishini doimo yodda tutmog‘i lozim.
Qadrli do‘stlar!
Bugungi kunda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida o‘z ishiga sadoqatli, professional mutaxassislar mehnat qilmoqda. O‘zgalar dardiga
befarq odam hech qachon qutqaruvchi bo‘lolmaydi. Chunki qutqaruvchilik
– bu oddiy kasb emas, balki inson hayotini saqlab qolish uchun o‘zini qurbon qilishga, jasorat ko‘rsatishga hamisha tayyor turish demakdir.
Ishonchim komilki, mardlik va matonat, o‘z ishining professional negizini chuqur bilish, tezkor harakat qilish va safarbarlik bundan buyon ham siz egallagan olijanob kasbning eng muhim mezoni va xususiyati bo‘lib qolaveradi.
Sizlarni ushbu qutlug‘ sana bilan yana bir bor tabriklar ekanman, barchangizga mustahkam sog‘lik, g‘oyat mas’uliyatli faoliyatingizda yangidan-yangi muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.