Islom Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «DEMOKRATIK ISLOHOTLARNI YANADA CHUQURLASHTIRISH VA FUQAROLIK JAMIYATINI
RIVOJLANTIRISHKONSEPSIYASI» MAVZUSIDAGI XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA ISHTIROKCHILARIGA Hurmatli xalqaro konferensiya ishtirokchilari! Qadrli mehmonlar!
Avvalambor, sizlarni – nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy ijtimoiy- siyosiy doiralar vakillari, olimlar, tahlilchi va ekspertlarni chin qalbimdan qutlab, «Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyadagi ishtirokingiz uchun samimiy minnatdorlik tuyg‘usini bildirishga ruxsat etgaysiz.
O‘zbekistonda mazkur Konsepsiyaning qabul qilinishi biz bu yil yigirma yilligini nishonlaydigan davlatimiz mustaqilligining birinchi kunlaridan boshlangan mamlakatimizni demokratik yangilash va modernizatsiya qilish borasidagi keng ko‘lamli islohotlarimizning mantiqiy va qonuniy davomidir.
O‘zbekiston o‘z istiqlolining dastlabki kunlaridan o‘zi uchun ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat barpo etish, inson, uning manfaatlari, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat hisoblanadigan fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lini tanladi. O‘z umrini o‘tab bo‘lgan mustabid, ma’muriy-buyruqbozlik, rejali- taqsimot tizimidan voz kechib, mamlakatimiz iqtisodiyotni mafkuradan xoli etish va uning siyosatdan ustunligini ta’minlash, davlatning bosh islohotchi vazifasini bajarishi, qonun ustuvorligiga erishish, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, islohotlarni bosqichma-bosqich va izchil amalga oshirish kabi besh tamoyilga asoslangan, “o‘zbek modeli” deb nom olgan o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlab oldi.
Biz mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab chetdan tiqishtirilgan “shok terapiyasi” usullarini, bozor iqtisodiyoti o‘zini o‘zi tartibga soladi, degan soxta tasavvurlarni rad etib, “Yangi uy qurmasdan turib, eskisini buzmang”, “Islohotlar islohot uchun emas, avvalo inson uchun”, degan mashhur prinsiplarga amal qilgan holda, ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan
boshqaruvning bozor tizimiga o‘tish jarayonida tadrijiy yondashuvni, islohotlarni izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirish yo‘lini tanladik.
Ushbu qoidalarning joriy etilishi davlat va konstitusiyaviy qurilishni pog‘onama-pog‘ona, qadam-baqadam tubdan o‘zgartirish va yangilash, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda chuqur demokratik islohotlarni olib borish imkonini berdi.
Bu model, o‘zining mazmun-mohiyati bilan, butun taraqqiyotimiz davomidagi og‘ir va mashaqqatli sinovlardan o‘tib, har tomonlama hayotiyligini namoyon etdi. Avvalo, sobiq SSSR tarqalib ketganidan so‘ng ilgari shakllangan iqtisodiy aloqalarning butunlay izdan chiqishining oqibatlariga barham berish, iqtisodiyotning halokatli tarzda orqaga ketishi, ishsizlikning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, qisqa muddatlarda mustaqil hokimiyat institutlarini tuzish zarurati, o‘sha paytdagi murakkab vaziyatning o‘zi aynan shu modelni tanlashni taqozo etdi.
Biz turli jozibali da’vatlarga uchmadik va tadrijiy, bosqichma-bosqich taraqqiyot yo‘lini ma’qul topib, har xil inqilobiy modellardan ongli ravishda voz kechdik va shu tariqa xalqimizni qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy va ijtimoiy to‘fonlardan asrab qolishga muvaffaq bo‘lganimizni bugun hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda.
Mustaqil taraqqiyotimizning ana shu yigirma yillik davri davomida amalga oshirgan ishlarimizni tahlil qilar ekanmiz, biz tanlagan model, chuqur o‘ylangan va izchil amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarning ustuvor yo‘nalishlari yurtimizdagi siyosiy tizim, fuqarolik jamiyati, milliy iqtisodiyotimizning barqaror va jadal rivojlanishi, aholining hayot darajasi, uning siyosiy, huquqiy madaniyati izchil oshib borishi uchun mustahkam va ishonchli poydevor yaratdi, deb ta’kidlashga barcha asoslarimiz bor.
Istiqlol yillarida mulkchilikning tuzilishida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi, ko‘pukladli iqtisodiyot amalda shakllanib, uning tarkibida xususiy mulk ustuvor rivojlandi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotida nafaqat hal qiluvchi o‘rin egalladi, ayni vaqtda bozorni zarur tovar va xizmatlar bilan to‘ldirish, odamlarning daromadlari va farovonligi oshib borishining asosiy manbaiga, aholi bandligi o‘sishining eng muhim omiliga aylandi.
Ulkan qiyinchiliklarga, ayniqsa, mustaqil taraqqiyotimizning dastlabki yillarida biz yengib o‘tishga to‘g‘ri kelgan muammolar, tahdid va
sinovlarga qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘tgan 20 yil mobaynida qariyb 3,5 barobar o‘sdi, yalpi ichki mahsulot aholi jon boshiga 2,5 barobar, o‘rtacha ish haqi 14 barobar oshdi.
Aholining yalpi daromadlari amaldagi hisob-kitoblar bo‘yicha 8,6 barobar o‘sdi. Ushbu daromadlarning 47 foizi biz uchun mutlaqo yangi bo‘lgan mulk shakllaridan va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdan olingan daromadlardir.
Davlatning ijtimoiy himoya sohasi uchun sarflagan xarajatlari, aholi jon boshiga hisoblaganda, 5 martadan ko‘proq oshdi, har yili Davlat byudjetining qariyb 60 foizi sog‘liqni saqlash, ta’lim, kommunal xo‘jalik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bilan bog‘liq boshqa sohalarni rivojlantirish uchun yo‘naltirilmoqda.
Shu davrda odamlarning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 67 yoshdan 73 yoshga yetdi, onalar o‘limi 2 barobardan ziyod, bolalar o‘limi esa 3 barobar kamaydi.
Shu bilan birga, yaxshi tushunamizki, mustaqillik yillarida amalga oshirgan barcha ishlarimiz biz o‘z oldimizga qo‘ygan uzoq muddatli yuksak maqsadga – rivojlangan zamonaviy demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz uchun munosib hayot sharoiti yaratish va uning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashini ta’minlashga qaratilgan olis va murakkab yo‘lning faqat bir qismi, shu boradagi dastlabki qadamlar, xolos.
Biz yashayotgan globallashuv asrida birinchi navbatda erishgan natijalari bilan kifoyalanmasdan, bugungi dunyoda yuz berayotgan tub o‘zgarishlar jarayonidagi o‘z o‘rniga haqqoniy va tanqidiy baho beradigan, davrning tobora ortib borayotgan talablariga uyg‘un va hamohang bo‘lib qadam tashlaydigan mamlakatgina muvaffaqiyat qozonishini o‘zimizga yaxshi tasavvur qilamiz.
Mantiqning o‘zi, taraqqiyotimiz qonuniyatlari, biz erishgan marralar, biz o‘z oldimizga qo‘yayotgan maqsad jamiyatimizning izchil rivojlanishiga, mamlakatimizning nufuziga tuzatib bo‘lmaydigan ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan havolanishga, qo‘lga kiritilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib, xotirjamlik kayfiyatiga berilmasdan, demokratik islohotlarni davom ettirishni talab qilmoqda.
Faqat keng miqyosdagi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy islohot va o‘zgarishlarni biz tanlagan, amalda o‘zini to‘la oqlagan modelga muvofiq ravishda davom ettirish davlat va jamiyatning barqarorligi va zarur rivojlanish sur’atlarini ta’minlash, hayot sifatini oshirish, xalqaro
maydonda o‘zimizga munosib o‘rin egallash imkonini beradi.
Bizning Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilishimiz aynan shu talab bilan bog‘liq bo‘lib, bu Konsepsiya, o‘z mohiyatiga ko‘ra, davlat va jamiyat rivojining prinsipial jihatdan yangi bosqichida mamlakatimizni modernizatsiya qilish bo‘yicha boshlagan keng ko‘lamli ishlarimizni yanada izchil davom ettirish dasturi hisoblanadi.
Bu borada biz amaliy asosga ega bo‘lgan va hayotning o‘zi isbotlab bergan bir haqiqatga suyanib-tayanib ish olib bormoqdamiz. Ya’ni, siyosiy tizimni izchil demokratlashtirmasdan, sud hokimiyatining mustaqilligini, so‘z va axborot erkinligini, saylov erkinligi va saylov tizimi rivojini ta’minlamasdan, fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirmasdan, fuqarolarimizning siyosiy ongi, ijtimoiy-iqtisodiy faolligi va huquqiy madaniyatini yuksaltirmasdan turib bozor islohotlari va iqtisodiyotni liberallashtirishni ta’minlab bo‘lmaydi. Va bunda tadrijiy taraqqiyotni, amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirishda uzviylik va izchillikni ta’minlash favqulodda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ba’zan uchrab turadigandek, olib borilayotgan islohotlarning oxiriga yetmasdan, yuzaki va pala-partish tus olib, demokratik jarayonlarning qandaydir soxta ko‘rinishiga aylanib qolishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Demokratiya – bu, qanchalik og‘ir va murakkab bo‘lmasin, bizning yo‘limizdir.
Shuni tushunib olish kerakki, Konsepsiya jamiyatda ro‘y berayotgan keng miqyosdagi o‘zgarishlarga doir barcha masalalarni qamrab ololmaydi. Shuning uchun ham unda asosiy ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan, ulardan, bizning nazarimizda, islohotlarning quyidagi yo‘nalishlari prinsipial ahamiyatga egadir.
Bizning oldimizda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish sohasida katta va mas’uliyatli vazifalar turibdi. Hokimiyatlar bo‘linishi konstitusiyaviy prinsipini izchil va tizimli ravishda amalga oshirish, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining, davlat va jamiyat oldida turgan vazifalarni hal etishda o‘zaro kelishilgan holda faoliyat yuritish va hamkorlik qilishning samarali mexanizmlarini yaratishga qaratilgan islohotlarni davom ettirishimiz zarur.
Konsepsiyaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining ayrim moddalariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasida eng ko‘p deputatlik
o‘rnini egallagan siyosiy partiyalarning Bosh vazir nomzodi bo‘yicha taklif kiritish huquqini, Bosh vazirga ishonchsizlik votumi institutini joriy etishni nazarda tutadigan o‘zgartishlar kiritildi. Parlamentga mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha hukumat rahbari hisobotlarini eshitish huquqi berilgan va boshqa qator prinsipial yangiliklarni kiritish ko‘zda tutilgan. Shu tariqa ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi va sud hokimiyatlarini yanada chuqur isloh qilish, ularning mustaqilligini, mustaqil ish yuritish qobiliyatini kuchaytirish, davlat va siyosiy qurilish tizimida parlamentning roli va ahamiyatini oshirish borasida qonunchilik asoslari yaratilmoqda. Konstitusiyaning mazkur yangi qoidalarini bosqichma-bosqich joriy etish ijro hokimiyati organlarini shakllantirish, ularning faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, demokratik jamiyatning eng muhim tarkibiy qismi bo‘lgan siyosiy, partiyalararo raqobatni sezilarli darajada kuchaytirishda siyosiy partiyalarning rolini tubdan oshirish uchun sharoit yaratadi.
Sud-huquq tizimidagi demokratik islohotlarni chuqurlashtirish biz uchun eng muhim ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.
Konsepsiyaga binoan, sudning mustaqilligini ta’minlash, qonunchilikka sudga qadar bo‘lgan ish yuritish bosqichida sud nazoratini mustahkamlash, “Xabeas korpus” institutini qo‘llash sohalarini kengaytirishga qaratilgan tegishli o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha ishlarni davom ettirishimiz darkor. Huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari tizimida ularning faoliyatida qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlaydigan o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmini yaratishimiz, ayrim huquqbuzarliklarni jinoiy yurisdiksiyadan ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazish yo‘li bilan jinoyat qonunchiligini yanada liberallashtirish, sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish bo‘yicha boshqa qator chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz lozim.
Bizning oldimizda axborot sohasini demokratik isloh etish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash bo‘yicha keng miqyosdagi vazifalar turibdi. Demokratik jamiyatni matbuot erkinligisiz, o‘z xohish-irodasini erkin bildirish va saylov erkinligisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Konsepsiyaga muvofiq, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilish, ommaviy axborot vositalarining iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash, axborot sohasiga bozor mexanizmlarini, zamonaviy axborot-kommunikatsiya
texnologiyalarini joriy etish va fuqarolarning so‘z erkinligiga doir konstitusiyaviy huquqlarini yanada to‘liq ro‘yobga chiqarish hamda olib borilayotgan islohotlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashga qaratilgan boshqa bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Saylov erkinligini ta’minlash va saylov qonunchiligini rivojlantirish masalalari diqqatimiz markazida bo‘lib qolmoqda.
Mamlakatimizda yaratilgan mustaqil, mohiyat e’tiboriga ko‘ra noyob bo‘lgan saylov tizimini yanada demokratlashtirish, xususan, saylov jarayonlarining yanada ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, saylovoldi tashviqotlarini o‘tkazish mexanizmi, saylov komissiyalari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va joriy etish vazifasi oldimizda turibdi. Bunda biz saylovlar – mamlakatimizda amalda bo‘lgan huquqiy me’yorlarning demokratik ruhini namoyon etadigan eng muhim masala, huquqiy demokratik davlatning ajralmas belgi-alomati, xalq xohish-irodasining, davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda fuqarolar ishtirokining asosiy shakli ekanidan kelib chiqamiz.
Fuqarolik institutlarini shakllantirish va rivojlantirish demokratik islohotlarning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda.
Mamlakatimizni rivojlantirishning hozirgi bosqichida nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik institutlari rolini kuchaytirish, hech mubolag‘asiz, mamlakatimizni demokratlashtirish, uning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvi, jamiyatimizda millatlar va dinlararo hamjihatlikni, barqarorlikni ta’minlash, «Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari» tamoyilini amalga oshirish bo‘yicha o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarni ro‘yobga chiqarishning hal qiluvchi omiliga aylanmoqda.
Kelgusida eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarimizni amalga oshirish, aholi turli qatlamlarining huquq va erkinliklari, manfaatlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning samarali huquqiy mexanizmlarini yaratish borasida fuqarolik jamiyati institutlari va davlat tuzilmalari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni yanada mustahkamlash bo‘yicha qonunchilikni, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining aholini aniq yo‘naltirilgan holda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va
oilaviy biznesni rivojlantirish, aholining boshqa zarur ehtiyojlari bilan bog‘liq vazifalarni hal etishdagi rolini kuchaytirishga qaratilgan kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.
Bizning oldimizda demokratik bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha keng miqyosdagi ishlar turibdi.
Bugungi kunda biz chuqur tahlillar asosida 2011-2015 yillarga mo‘ljallangan, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan to‘rtta strategik dasturni ishlab chiqdik va amalga oshirishga kirishdik. Bu dasturlar sanoatni, infratuzilmalarni, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirish, bank-moliya tizimini yanada isloh etish va uning barqarorligini oshirishni, shuningdek, mamlakatimizda qulay ishchan muhit va uni baholashning zamonaviy xalqaro mezonlarini shakllantirishni ko‘zda tutadi.
Mazkur dasturlarning amalga oshirilishi uzoq istiqbolda tarkibiy o‘zgarishlarni davom ettirish va iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini yanada oshirishni ta’minlashga qaratilgan.
Hozirgi bosqichda ichki ehtiyojning o‘sishiga muhim ahamiyat qaratish lozim. Chunki bunday yondashuv jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida iqtisodiyotning izchil rivojlanishini barqarorlashtirish va rag‘batlantirishning omili sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizni modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirayotgan barcha ishlarimizning eng muhim natijasi xalqimiz, avvalo, mamlakatimizni isloh etish va yangilashning hal qiluvchi kuchi bo‘lmish yoshlarimizning islohot va demokratlashtirish borasidagi siyosatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotganida namoyon bo‘lmoqda, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
Ushbu anjuman ishi davomida uning kun tartibiga qo‘yilgan masalalar yuzasidan ishlab chiqiladigan xulosa va tavsiyalar, hech shubhasiz, mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi bizning faoliyatimizda o‘zining amaliy ifodasini topadi, deb ishonaman.
Konferensiyaning barcha ishtirokchilariga samarali ish olib borishlarini tilayman.