VI UMUMJAHON SUV FORUMIGA TAYYORGARLIK BO‘YICHA TOSHKENT MINTAQAVIY KONFERENSIYASI
ISHTIROKCHILARIGA QUTLOV MUROJAATI Muhtaram konferensiya qatnashchilari!
VI Umumjahon suv forumiga tayyorgarlik doirasidagi mintaqaviy konferensiya ishtirokchilarini – nufuzli ekspertlar, olimlar, xalqaro tashkilotlar, ekologik harakatlar va moliya institutlari vakillarini samimiy qutlashga ijozat bergaysiz.
Azal-azaldan bizning mintaqamizda suv eng aziz ne’mat, hayot va farovonlik manbai sifatida qadrlangan, desak hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi. Ikki azim daryo – Amudaryo va Sirdaryo asrlar davomida O‘rta Osiyoda istiqomat qiladigan aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini, sug‘oriladigan dehqonchilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, avvalo, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish uchun zarur bo‘lgan darajada suv bilan ta’minlab kelgan. Aynan shu zaminda ko‘p asrlar muqaddam sayyoramizda birinchilardan bo‘lib irrigatsiya va suvdan samarali foydalanish tizimi yaratilgan.
XXI asr bo‘sag‘asida O‘rta Osiyo xalqlari uchun, sayyoramizning boshqa ko‘plab mintaqalarida bo‘lgani kabi, suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish masalasi muhim hayotiy ahamiyat kasb eta boshladi. Chunki o‘tgan asrning ikkinchi yarmida yirik transchegaraviy daryolardan uzoqni o‘ylamay foydalanish oqibatida mintaqamiz ekologik halokat yoqasiga kelib qoldi.
Bir avlod umri davomida noyob va go‘zal dengizdan qurib va yo‘qolib borayotgan suv havzasiga aylangan Orol fojiasi buning yaqqol dalilidir. Bir paytlar gullab-yashnagan Orolbo‘yi hududi esa bugungi kunda ayanchli sahroga aylanmoqda.
Inson hayoti, salomatligi, millat genofondiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillar oqibatida nafaqat bevosita ekologik halokat hududida yashovchi aholi, balki butun O‘rta Osiyo mintaqasi doimiy ekologik tahdid ostida qolmoqda.
Suv resurslari taqchilligi, sug‘oriladigan ekin maydonlarining
yaroqsizlanishi, hayvonot va nabotot dunyosining keskin qisqarishi, iqlim o‘zgarishlari, shuningdek, mintaqadagi asosiy daryolar suv oqimining katta qismini tashkil qiladigan Pomir va Tyan-Shan tog‘laridagi muzliklar erishining tezlashuvi – bular Orol fojiasi keltirib chiqargan og‘ir oqibatlarning bir qismi, xolos.
Aynan shu sababli mintaqadagi transchegaraviy daryolar bo‘yida joylashgan davlatlarning hayotiy ehtiyojlarini azal-azaldan ta’minlab kelgan suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari bugungi kunda alohida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgi vaqtda mintaqaning 6 davlatida istiqomat qiluvchi 50 milliondan ziyod kishining taqdiri suv resurslari, birinchi galda, transchegaraviy daryolardan foydalanish bo‘yicha har tomonlama puxta o‘ylangan yondashuv va qarorlarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston V Umumjahon suv forumining ichimlik suvidan foydalanish imkoni insonning eng asosiy huquqi ekani, suv taqchilligi energetik va moliyaviy inqirozdan ko‘ra xavfliroq ekani to‘g‘risidagi qarorini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu munosabat bilan ta’kidlash joizki, suv resurslarining yalpi taqchilligini, halokatli texnogen, ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan loyihalarning amalga oshirilishi suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasini katta xavf ostida qoldiradi.
Sug‘oriladigan dehqonchilik barqarorligi va vegitatsiya davrida suv resurslarining yetarli darajada bo‘lishiga bevosita bog‘liq bo‘lgan oziq- ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari o‘ta muhim bo‘lib turgan hozirgi sharoitda bu masala ayniqsa dolzarb ahamiyatga ega.
Ushbu jiddiy tahdidlarni inobatga olmaslik barqaror rivojlanish istiqbollarini hamda Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistonning o‘n millionlab aholisining bu yerda yashashini xavf ostida qoldiradi.
Bundan tashqari, yangi ulkan gidroinshootlar qurilishi mo‘ljallanayotgan joylar bir necha marotaba 9 balli zilzilalar sodir bo‘lgani isbotlangan va tasdiqlangan kuchli seysmik zonada joylashgan. Mazkur hududda, ilgari ham bir necha bor kuzatilganidek, kuchli yer silkinishi sodir bo‘lsa, tuzatib bo‘lmaydigan, yuz minglab odamlarning hayotini xavf ostida qoldiradigan texnogen halokat yuz berishi mumkin.
Bugun insoniyat oldida tabiatni hozirgi va kelgusi avlodlar uchun asrab-avaylash, uni odamlar turmush sharoitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, tabiatdan foydalanish bo‘yicha shakllangan tizimni buzishi mumkin
bo‘lgan xavf-xatar va tahdidlardan himoya qilishdek muhim vazifalar turibdi.
Shu ma’noda mintaqamiz xalqlari uchun transchegaraviy daryolardan umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlar va qoidalar asosida foydalanishni kafolatlaydigan, har bir tomon uchun tenglik, o‘zaro manfaat va adolatni ta’minlaydigan samarali mintaqaviy hamkorlik mexanizmlarini yaratish hayotiy muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish, mintaqaviy va global darajada gidrologik balansni saqlash, suv resurslarini asrash va tejash, suvdan foydalanish hajmini kamaytirishni ta’minlovchi dehqonchilik tizimini takomillashtirish, suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish – bular hayotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan g‘oyat muhim masalalar bo‘lib, bizdan alohida e’tibor va o‘zaro manfaatli muhokamani talab qiladi.
Toshkent mintaqaviy konferensiyasi yakunlari kelgusida BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlari dasturi ijrosini ta’minlash yo‘lidagi samarali hamkorligimiz uchun mustahkam asos bo‘ladi va VI Umumjahon suv forumiga tayyorgarlik ko‘rishga salmoqli hissa qo‘shadi, deb ishonch bildirishga ijozat bergaysiz.
Konferensiyaning barcha ishtirokchilari ishiga yuksak samara va muvaffaqiyatlar, kelgusidagi muhim va xayrli faoliyatiga zafarlar tilayman.