Uchinchi. Barcha darajadagi qo‘shin turlarining hamkorligini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida qo‘mondonlik-shtab, tezkor-taktik, taktik-maxsus o‘quv mashqlari va mashg‘ulotlarini o‘tkazish, individual va guruh shaklidagi jangovar tayyorgarlikning butun tizimini qayta ko‘rib chiqish eng muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Hamkorlikdagi operatsiyalarga jalb etiladigan chegara qo‘shinlari, Mudofaa vazirligining harbiy qismlari, vertolyot-hujum bo‘linmalari va maxsus operatsiyalarni amalga oshiradigan kuchlar, boshqa jalb qilinadigan qo‘shin turlari hamkorligida turli model hamda variantlarni amalda qo‘llash barcha o‘quv mashg‘ulotlarining muhim tarkibiy qismiga aylanishi shart. Shu borada harbiy okruglar qo‘mondonliklarining turli xavf-xatar va tahdidlarga qarshi tezkor zarba berish bo‘yicha vazifalarni hal qilishda belgilangan operatsion yo‘nalishlar doirasida amalda mustaqil va o‘zini o‘zi boshqarishga qodir bo‘lishiga erishish lozim.