Ikkinchi. Barcha qo‘shin turlarini boshqarish va o‘zaro uzviy muvofiqlashtirishning samaradorligini yanada oshirish, qism va bo‘linmalarning strategik, operativ va taktik nuqtai nazardan aniq va bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishiga erishish bo‘yicha kompleks chora- tadbirlarni amalga oshirishni ta’minlash, mamlakatimiz chegaralarini buzib, yurtimizga bostirib kirishga qaratilgan har qanday yovuz urinishlarga zarba berish va ularni bartaraf etishga doimo tayyor turish lozim.
Bu borada Qurolli Kuchlarning Birlashgan shtabi, harbiy okruglarning qo‘mondonlik va shtablari oldida g‘oyat mas’uliyatli vazifalar turibdi. Ushbu tuzilmalar hozirgi sharoitlarda har qanday xavfning chorasini oldindan ko‘rishga va uzoqni ko‘zlab ish olib borishga tayyor bo‘lib turgan holda, mamlakatimiz mudofaa tizimidagi zaif nuqtalarni o‘z vaqtida aniqlab, ularning bartaraf etilishini ta’minlash uchun qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlarida ayni shunday tayyorgarliklar ustida ishlashni maqsad qilib qo‘yishi zarur.
Bugungi kunda hayotning o‘zi Qurolli Kuchlarni boshqarish, rejalashtirish va qo‘llash tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, boshqaruvning informatsion vositalari va harbiy aloqa tizimlarini uyg‘unlashtirishni, Qurolli
Kuchlarimiz axborot-kommunikatsiyalarining raqamli yagona tarmog‘ini yaratishni taqozo etmoqda.