9.1. Moliyaviy natijalar hisobining ahamiyati va vazifalari
Moliyaviy natijalar – bu xo’jalik yurituvchi sub’ektning ma’lum hisobot davrida tadbirkorlik faoliyati jarayonida o’ziga qarashli mablag’ning oshishi yoki kamayishidir. Buxgalteriya hisobida bunday faoliyat natijasi hisobot davridagi barcha foydalar va zararlarni hisoblash yo’li bilan aniqlanadi.
O’zbekistonda bozor munosabatlariga o’tish korxonalar faoliyatini tubdan isloh qilish, ularni yuzaga kelgan yangi iqtisodiy munosabatlar sharoitida rivojlanishini ta’minlash, mamlakatda kichik va o’rta tadbirkorlikni rivojlantirish korxonalarning moliyaviy barqarorligiga uzviy bog’liq. Korxonalarning moliyaviy jihatdan barqaror bo’lishi ularning faoliyati davomida olgan foydasining to’g’ri shakllantirilishi bilan bog’liq. Chunki korxonalarda foyda shu erda ishlovchilarning moddiy ta’minlanishining, korxonalarda ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirishning, ishlab chiqarishda fan-texnika yutuqlarini va yangi texnologiyalarni joriy qilish kabi ishlarning asosiy moddiy manbasi hisoblanadi.
Foyda moddiy ishlab chiqarish sohasida tadbirkorlik faoliyati jarayonida yaratiladi. Ishlab chiqarish omillari (mehnat, kapital va tabiiy resurslar) va xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning foydali ishlab chiqarish faoliyati birikishi natijasida mahsulot ishlab chiqariladi, u iste’molga sotilganda, tovar bo’lib hisoblanadi.
Tovar-pul munosabatlari sharoitida korxona darajasida sof daromad foyda shaklini oladi. Tovarlar bozorida korxonalar nisbatan alohida tovar ishlab chiqaruvchi bo’lib maydonga chiqadilar. Bozorda mahsulotga narx belgilab, uni iste’molchilarga sotadilar. Sotish natijasida ular pul tushumini oladilar, bu esa daromad olinganligini anglatadi. Moliyaviy natijani aniqlash uchun tushumni mahsulot ishlab chiqarishga ketgan xarajat bilan taqqoslash kerak.
Agar tushum xarajatlardan yuqori bo’lsa, moliyaviy natija foyda olinganligidan dalolat beradi. Tadbirkor doimo foyda olishni o’z oldiga maqsad qilib qo’yadi, lekin bunga doim ham erisha olmaydi. Agar tushum xarajatlarga teng bo’lsa, unda faqat mahsulot ishlab chiqarish va sotish xarajatlari qoplangan bo’ladi, xolos. Bunda zarar ko’rilmaydi, lekin ishlab chiqarish, ilmiy-texnik va ijtimoiy rivojlanishning manbai sifatidagi foyda ham olinmaydi.
Agar korxona xarajatlari tushumidan ko’p bo’lsa, u zarar ko’radi, ya’ni salbiy moliyaviy natijaga erishadi. Bu holat uni ancha murakkab moliyaviy ahvolga solib qo’yadi.
Foydani bozor munosabatlarining o’ta muhim kategoriyasi sifatida talqin etish mumkin.
Foyda korxona faoliyati natijasida olingan iqtisodiy samarani xarakterlaydi. Lekin yagona foyda ko’rsatkichi yordamida korxona faoliyatining barcha tomonlarini baholab bo’lmaydi. Bunday universal ko’rsatkichning bo’lishi ham mumkin emas. Aynan shuning uchun korxonaning ishlab chiqarish, xo’jalik va moliyaviy faoliyatini tashkil qilishda ko’rsatkichlar tizimidan foydalaniladi. Foydaning ahamiyati shundan iboratki, u yakuniy moliyaviy natijani aks ettiradi, shu bilan birga uning miqdori va o’zgarishga korxonaning xarajatlariga bog’liq bo’lgan hamda bog’liq bo’lmagan omillar ta’sir qiladi. Foyda rag’batlantiruvchi funktsiyasini bajaradi. Buning mazmuni shundan iboratki, foyda bir vaqtning o’zida moliyaviy natija va korxona moliyaviy resurslarining asosiy elementi hisoblanadi. O’z-o’zini moliyalashtirish tamoyilining real ta’minlanishi olingan foyda bilan belgilanadi. Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar to’langandan keyin korxona ixtiyorida qoladigan sof foyda korxonaning ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirishni, korxonaning ilmiy-texnik va ijtimoiy rivojlanishini, xodimlarni moddiy rag’batlantirishni moliyalashtirish uchun etarli bo’lishi kerak.
Foyda turli darajadagi byudjetlarni rag’batlantirish manbalaridan biri bo’lib hisoblanadi. U soliqlar ko’rinishida byudjetlarga kelib tushadi va boshqa daromad tushumlari bilan bir qatorda ijtimoiy ehtiyojlarni qondirishni moliyalashtirish, davlat tomonidan o’z faoliyatini bajarishni ta’minlash, davlatning investitsiya, ishlab chiqarish, ilmiy-texnik va ijtimoiy dasturlarini amalga oshirish uchun ishlatiladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida foydaning ahamiyati juda katta. Foyda olishga intilish tovar ishlab chiqaruvchilarni iste’moliga kerak bo’lgan mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini oshirishga, ishlab chiqarishga ketadigan xarajatlarni kamaytirishga undaydi. Erkin raqobat sharoitida bu orqali nafaqat tadbirkorlarning maqsadiga, balki ijtimoiy ehtiyojlar qondirilishiga ham erishiladi. Zararlarning ham o’z o’rni bor. Ular mablag’larni yo’naltirishda, ishlab chiqarishni tashkil qilishda va mahsulotni sotishdagi xatolarni yoritib beradi.
Foydaga iqtisodiy kategoriya sifatida qaraganda, u haqda abstrakt holda gapiriladi. Lekin korxonaning xo’jalik va moliyaviy faoliyatini rejalashtirishda hamda baholashda, korxona ixtiyorida qolgan foydani taqsimlashda foydaning aniq ko’rsatkichlari ishlatiladi. Foyda bu korxonaning mahsulot sotishdan olingan foydasi (zarari) bilan mahsulot ishlab chiqarish va sotish bilan bog’liq bo’lmagan foydalari (zararlari) yig’indisidir. Mahsulot sotish deyilganda, nafaqat, natural-moddiy shaklga ega bo’lgan ishlab chiqarilgan tovarlarni sotish, balki ishlarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish ham tushuniladi. Oxirgi moliyaviy natija sifatida foyda korxonaning barcha xo’jalik operatsiyalarning buxgalteriya hisobi va balans moddalarini baholash asosida aniqlanadi. Foyda atamasining ishlatilishi shu bilan bog’liqki, korxona ishining yakuniy moliyaviy natijasi uning chorak, yil yakuni bo’yicha tuziladigan balansida aks etadi.
Moliyaviy natijalarni buxgalteriyada hisobga olishning asosiy vazifalari quyidagilardir:
moliyaviy natijalarning shakllanishi to’g’ri ekanligini o’rganish;
olingan foyda miqdorini har oyda hamda yil boshidan o’z vaqtida va to’g’ri hisobkitob qilish;
moliyaviy natijalar bilan bog’liq operatsiyalarni va ularning taqsimlanishini buxgalteriya hisobi hisobvaraqlarida va tegishli registrlarda to’g’ri aks ettirish.