13.3. Moliyaviy hisobda informatsion texnologiyalarni qo’llashning asosiy bosqichlari
Informatsion tizimda bajariladigan texnologik jarayon uchta bosqichdan iborat:
1-bosqich. Bu bosqich birlamchi hisob, birlamchi hujjatlarni tuzish, ularni ishlab chiqish va hisobning har bir uchastkasi bo’yicha tahliliy hisobning qaydnomalari tuzilishi bajariladi. Masalan, ish haqi hisoblash bo’yicha hisoblash to’lov hujjatlari, qo’shib hisoblangan va ushlab qolingan ish haqining to’plamlari hamda boshqalar tuziladi.
2-bosqich. Bu bosqich provodkalarni tuzish, ularni tahliliy va jamlama hisobning turli registrlari, hisobvaraqlarning tartib raqamlari bo’yicha qayd daftari orderlariga joylashtirishdan iborat bo’ladi.
3-bosqich. Bu bosqich yig’ma jamlama hisobni: Bosh kitobning hisobvaraqlari bo’yicha hisobot saldo qaydnomalari va moliyaviy hisobotning shakllarini tuzishdan iborat bo’ladi, bu «Provodka-Bosh kitob-Balans» mashina dasturining asosiy moduli tomonidan ta’minlanadi.
Hisob vazifalarini ishlab chiqish texnologiyalarini amalga oshirishning muhim elementi uning dasturiy ta’minlanishi bo’ladi. Kompyuter dasturlari bozorida har xil korxonalar, firmalar, tashkilotlar uchun mo’ljallangan buxgalteriya dasturlari variantlarining ko’pgina turlari taqdim etilgan. Dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish ko’p sonli firmalar tomonidan olib boriladi, ulardan eng mashhurlari «1S:Buxgalteriya», «Turbo-Buxgalteriya», «Folio», «Parus», «Xakers-Dizayn» va boshqalardir.
Xorij va mamlakatimizning ushbu sohaga tegishli nazariyasi va amaliyotini o’rganish va umumlashtirish shuni ko’rsatadiki, yirik korxonalarda buxgalteriya hisobi boshqaruvining uch darajali - boshqaruv hisobi, moliyaviy hisob va soliq hisobi bo’yicha tashkil etiladi.
Buxgalteriya hisobini uch darajaga - boshqaruv hisobi, moliyaviy hisob va soliq hisobiga ajratilgan holda tashkil qilish informatsion texnologiyalarni qo’llashga ixtisoslashgan buxgalteriya hisobi shaklida samaraliroq bo’ladi. Chunki amalda qo’llaniladigan ko’pgina kompyuter dasturlarida boshqaruv hisobi, moliyaviy hisob va soliq hisobining ishlari alohida tashkil qilinadi.
Buxgalteriya hisobining informatsion texnologiyalarga asoslangan shaklining asosiy xususiyati kompyuter dasturlari asosida avtomatlashtirilgan tartibda hisob registrlarini tuzish imkoniyati yaratilganligidadir. Bu registrlarda hisob ma’lumotlarini korxonani boshqarish, nazorat, tahlil qilish va buxgalteriya hisobotini belgilangan tartibda tuzish uchun zarur bo’lgan asnoda umumlashtirish, guruhlash mumkin bo’ladi.
Bu shaklni amaliyotga keng joriy qilish orqali buxgalteriya hisobi ma’lumotlarini qayta ishlash jarayoni yangi bosqichga ko’tariladi. Bu jarayon hisob ma’lumotlarini avtomatik tarzda olish va uni qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqishni o’z ichiga oladi. Bunga dastlabki hujjatlar, ularni avtomatlashtirilgan qayta ishlashga moslashtirish, ma’lumotlarni kompyuterlarda qayta ishlashga moslashtirilgan hujjatning aylanishi, hisoblash texnikasi ishlari dasturlari, ma’lumotlarni avtomatik ravishda qayta ishlash tartibini tavsiflovchi texnologik xaritalar va boshqalarni misol qilib kiritishimiz mumkin.