1.1. O’zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini tashkil qilish
O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganligi munosabati bilan qisqa davr ichida respublikamiz iqtisodini yuksaltirish uchun bir qator iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurish va uni rivojlantirish uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va siyosiy shart-sharoitlar yaratildi.
Eng muhimi shuki‚ mustaqillikning dastlabki yillari respublikamizning o’z taraqqiyot yo’lini faol izlash‚ Vatanimizni erkin‚ kuchli va ravnaq topayotgan diyorga aylantirishga intilish davri bo’ldi. O’zbekiston Respublikasining siyosiy va iqtisodiy mustaqillikka erishishida‚ iqtisodiy strategiyani amalga oshirish uchun, eng avvalo, ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyotini bosqichma-bosqich shakllantirish va unga o’tishning strategik yo’nalishini belgilab olish muhimdir.
Bugungi kunda iqtisodiyotimizga bozor elementlari va xalqaro tajribalarning tadbiq etilib borishi barcha xo’jalik mexanizmini takomillashtirishni va uni axborot ta’minotining asosi bo’lgan moliyaviy hisob va tahlil sohasida tub islohotlarni o’tkazish zaruriyati yuzaga keldi.
Ma’lumki‚ yaqin yillargacha hisob tizimi faqatgina xo’jalik muomalalarini qayd qilish va hisob hujjatlarini saqlash vositasi bo’libgina xizmat qilardi. Bu‚ albatta‚ ma’muriybuyruqbozlik davriga xos bo’lgan elementlardan biri edi.
Bozor munosabatlariga o’tish esa buxgalteriya hisobining haqiqiy vazifalarining naqadar serqirra ekanligini yanada kengroq ochib berdi. Birinchidan‚ buxgalteriya hisobi xo’jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini boshqarishning ajralmas bo’lagiga aylandi. Ikkinchidan‚ turli xil foydalanuvchilarni buxgalteriya axborotlari bilan ta’minlash markaziy masalalardan biriga aylandi. Va‚ nihoyat‚ zamonaviy buxgalter faqatgina hisob ishlarini yuritibgina qolmay‚ balki buxgalteriya ma’lumotlarini tahlil qilish‚ korxona iqtisodiy holatini tavsiflovchi turli xil koeffitsientlarni hisoblash‚ xo’jalik jarayonlariga baho berish‚ korxona istiqbolini belgilay olishi kerak. Bundan tashqari malakali zamonaviy buxgalter auditorlik faoliyati bilan shug’ullana olishi kerak.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida korxonaning iqtisodiy hamda moliyaviy salohiyati va holati to’g’risidagi ma’lumotlar etakchi bo’lib‚ foydalanuvchilarning turli toifalari: ta’sischi‚ aktsiyador‚ kreditor‚ investor‚ mol etkazib beruvchilar va boshqalar manfaatlarini qamrab oladi. Bunda foydalanuvchilarning har bir toifasi korxona moliyaviy holatini baholashda o’z manfaatlaridan kelib chiqadi va o’z mezonlariga amal qiladi.
Bugungi kunda tahlilning asosi bo’lgan moliyaviy hisob korxonalar faoliyatini boshqarishda zarur bo’lgan kerakli ma’lumotlarni etkazib berish‚ to’g’ri va mukammal boshqaruv qarorlarini qabul qilishda asosiy manba bo’lib hisoblanadi‚ ya’ni korxonada buxgalteriya hisobining to’g’ri yo’lga qo’yilishi‚ ayniqsa, bozor iqtisodiyoti sharoitida korxonaning iqtisodiy va moliyaviy salohiyatini oshirishga‚ yuqori samarali faoliyat ko’rsatishga‚ turli raqobatchilar maydonida engib chiqib‚ yuqori foyda olishga imkoniyat yaratadi.
Ma’lumki‚ moliyaviy hisobni rivojlantirish‚ isloh qilish bevosita bozor munosabatlariga o’tish bilan uzviy bog’liqdir. Bu esa respublikamizda moliyaviy hisobni xalqaro andozalar talablari asosida takomillashtirishni zaruriyat qilib qo’ymoqda‚ ayniqsa, respublikamizning jahon hamjamiyatiga qo’shilishi, turli xalqaro tashkilotlarda qatnashishi iqtisodiy ko’rsatkichlarni joriy mezonlarga taqqoslashda hisobning uslubiy tamoyillarini jahon amaliyotida qabul qilingan andozalar talablariga javob berishni talab etadi.
Respublikamizda moliyaviy hisobni tartibga solish uchun mustahkam qonunchilik tizimi tashkil etildi: jumladan‚ Buxgalteriya hisobi to’g’risida»gi qonun (1996 yil‚ 30 avgust)‚ «Mahsulot (ish, xizmat)larni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to’g’risida Nizom» (1999 yil‚ 5 fevral), «Buxgalteriya hisobining milliy standartlari» (1998-2003 yil) va boshqa me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Natijada qator iqtisodiy muammolar hal etildi.
Moliyaviy hisobni tashkil etishning uslubi va uslubiyotini takomillashtirishdan maqsad milliy va xorijiy mutaxassislarni hisob siyosati va hisobot axborotlarini tushunishlaridagi farqni bartaraf qilish‚ moliyaviy hisobni me’yoriy tartibga soluvchi milliy tizimini yaratish, buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobning yagona kontseptsiyasini yaratish va ularni iqtisodiyotimizning o’ziga xos xususiyatlari hisobga olgan holda ishlab chiqish va tadbiq etish zaruriyatidan iboratdir.
Bu maqsadga erishish uchun buxgalteriya hisobining asosi hisoblangan moliyaviy hisobni takomillashtirish, hisobni amalga oshirishda yangi progressiv usullarni qo’llash, xo’jalik faoliyatini tahlil qilish yordamida foydalanilmayotgan rezervlarni qidirib topish va ularni ishlab chiqarishga safarbar etish shu kunning dolzarb muammolaridan biri bo’lib hisoblanadi.
Buxgalteriya hisobini takomillashtirishda, eng avvalo, rivojlangan mamlakatlardagi buxgalteriya hisobi tizimidan keng foydalanish lozim. Mamlakatimizda amal qilib kelayotgan buxgalteriya hisobi tizimini xalqaro andozalar va me’yorlar talablari darajasida tashkil etish davr talabi hisoblanadi. Xorijiy davlatlar amaliyotidan ma’lumki, o’sha davlatlarda buxgalteriya hisobining 3 turi amal qiladi:
boshqaruv hisobi;
moliyaviy hisob;
soliq hisobi.
Boshqaruv hisobi o’zida shunday hisob ma’lumotlarini jamlaydiki, bu ma’lumotlar faqat korxonaning o’zida boshqaruv uchun zarurdir. Boshqaruv hisobi ishlab chiqarish xarajatlari hisobi va tannarxni kalkulyatsiya qilish bilan birga, u mavjud holatni tahlil etish, qaror qabul qilish, kompyuterlar va texnologik dasturlardan foydalanish, resurslardan foydalanish va tannarxning shakllanishini boshqarish, xarajatlarning me’yordan chetga chiqishini tahlil etish va boshqalarni qamrab oladi. Boshqaruv hisobi ma’lumotlarida ma’lumotlarni tez olish, o’qish va ulardan foydalanib, operativ boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkoniyati bo’lishi kerak.
Moliyaviy hisob shunday ma’lumotlarni o’zida mujassam etadiki, ushbu ma’lumotlar nafaqat korxona faoliyatiga rahbarlik qilishda foydalaniladi, balki tashqi foydalanuvchilarga ham tegishli ma’lumotlar taqdim qilinadi. Moliyaviy hisob axborotlarni umumlashtirish va sintez qilishga yo’naltirilgan. U ba’zi bir davr uchun korxona foydasini tezkor aniqlashga, korxonaning aktivlari va passivlarini hisobot balansi shaklida umumlashtirishga, korxonaning mulkiy va moliyaviy holatini ta’riflashga imkon beradi.
Soliq hisobi korxona, tashkilot va muassasalarda soliqlar va yig’imlarni o’z vaqtida va to’g’ri hisobga olish, soliq imtiyozlarini qo’llash hamda ularni o’z vaqtida byudjetga o’tkazilib borilishini ta’minlab beruvchi buxgalteriya hisobi turidir. Soliq hisobi o’z usullari yordamida soliq va yig’imlar, ularning ob’ekti, sub’ektlari va soliqqa tortish bazasini, to’lash muddatlarini aniqlab beradi.