Kapital qo’yilmalar hisobini soddalashtirish uchun ularni turkumlab olish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Quyidagi jadvalda kapital qo’yilmalarning turkumlanishi ko’rsatib o’tilgan:
Kapital qo’yilmalarni turkumlash
Takror ishlab chiqarish
tuzilmasiga ko’ra
Texnologik tuzilmasiga ko’ra
Vazifasiga ko’ra
Ishlarni bajarish usuliga ko’ra
Mablag’ bilan ta’minlashning manbalariga ko’ra
Yangi qurilish; kengaytirish; tiklash; texnik qayta jihozlash; quvvatlarni oshirish.
Qurilish; montaj; jihozlar,
asbobuskunalar, inventar xarajatlari; boshqa kapital xarajatlar.
Ishlab chiqarish ob’ektlarini qurishga mo’ljallangan xarajatlar; noishlab chiqarish ob’ektlarini
qurishga mo’ljallangan xarajatlar.
Pudrat usulida qilinadigan kapital xarajatlar; xo’jalik usulida qilinadigan kapital xarajatlar.
O’z mablag’lari hisobiga; chetdan jalb qilingan qarz mablag’lari evaziga; chetdan jalb qilingan qaytarilmaydigan mablag’lar evaziga.
Kapital qo’yilmalarning takror ishlab chiqarish tuzilmasi korxonaning yangi qurilishga, amalda ishlab turgan korxonalarni kengaytirish, tiklash, texnik qayta jihozlash va quvvatlarni oshirishga qilingan xarajatlarning tarkibi va nisbatini anglatadi.
Yangi qurilish ob’ektlariga quyidagilar kiradi: yangidan bunyod etilayotgan korxonalarning asosiy, yordamchi va noishlab chiqarish ob’ektlarini, shuningdek, ishga tushirilganidan so’ng mustaqil balansda turadigan bo’linmalar va ayrim korxonalarni tiklash.
Kengaytirish deganda ishlab turgan korxonada qo’shimcha ishlab chiqarishlarni qurish, shuningdek, korxona hududida va uning atrofidagi maydonchalarida asosiy, yordamchi va noishlab chiqarish ahamiyatidagi ayrim tsexlar va ob’ektlarni qurish hamda ishlab turganlarini kengaytirish tushuniladi.
Tiklash deganda ishlab chiqarishni takomillashtirish va uning texnik-iqtisodiy darajasini yangi texnologiyalar asosida qayta qurish tushuniladi.
Texnik qayta jihozlash ilg’or texnika va texnologiyani joriy etish, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish hamda ma’naviy va jismoniy jihatdan eskirgan asosiy vositalarni zamonaviy, samarali asosiy vositalar bilan almashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui tushuniladi.
Quvvatlarni oshirish deganda ishlab chiqarish jarayonida ishdan chiqqan asosiy vositalarni yangilab turish hamda tiklashga oid ishlar tushuniladi.
Kapital qo’yilmalarning texnologik tuzilmasi qurilish va montaj ishlari bilan bog’liq hamda asosiy vositalar ob’ektlarini sotib olishga, shuningdek, boshqa kapital ishlar va xizmatlar uchun qilingan xarajatlar tarkibi va nisbatini anglatadi.
Qurilish ishlariga asosiy vositalar ob’ektlarini barpo etish, qurilgan binolar va inshootlarni yoki ularning ayrim qismlarini kengaytirish hamda tiklash va boshqa ishlar kiradi.
Montaj ishlari deganda texnologiya, energetika, ko’tarish-transport va boshqa jihozlarni yig’ish hamda o’rnatish, ya’ni ularni yig’ib, poydevorga o’rnatgandan keyingina ishlatilishi mumkin bo’lgan ishlar tushuniladi.
Jihozlar, asbob-uskuna va inventar xarajatlariga barcha turdagi jihozlar, texnologik jihatdan ishlab chiqarish jarayoni bilan bog’liq bo’lgan transport vositalari, laboratoriya uchun jihozlar, ustaxonalar, tajriba uskunalari va shu kabilarning qiymati, ishlab chiqarish asbobuskunalari va inventarning qiymati kiradi.
Jihozlar, o’z navbatida, montaj talab qiladigan va montaj talab qilmaydigan hamda smeta qiymatiga kiradigan va smeta qiymatiga kirmaydigan jihozlarga bo’linadi.
Boshqa kapital xarajatlar tarkibi kapital mablag’lar hisobidan o’tkaziluvchi loyiha-qidiruv, shuningdek, qurilayotgan korxonalar ma’muriyatini ta’minlashga, ishchilarni uyushgan holda ishga olishga hamda smetada ko’zda tutilgan boshqa xarajatlarni o’z ichiga oladi.
Kapital qo’yilmalar vazifasiga ko’ra ishlab chiqarish maqsadlaridagi ob’ektlar qurilishiga (sanoat, qishloq xo’jaligi, transport, aloqa va shu kabi sohalarga mo’ljallangan) va noishlab chiqarish maqsadlaridagi ob’ektlar qurilishiga (turar-joy, kommunal xo’jalik, sog’liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot, xalq ta’limi va shu kabi sohalarga mo’ljallangan) ob’ektlarga ajratiladi.
Kapital qo’yilmalar ishlarni bajarish usuliga ko’ra pudrat va xo’jalik usulida bajariladigan kapital qo’yilmalarga bo’linadi.
Pudrat usulida qurilish-montaj ishlarini ixtisoslashtirilgan pudrat qurilish-montaj tashkilotlari olib boradi, bunda ikki tomon - bosh pudratchi va buyurtmachi aloqaga kirishib, ularning o’zaro munosabatlari pudrat shartnomasi bilan belgilanadi.
Xo’jalik usulida qurilish-montaj ishlari korxonaning o’z kuch va vositalari (qurilish uchastkasi) bilan bajariladi.
Kapital qo’yilmalar mablag’ bilan ta’minlashda o’z mablag’lari (korxona foydasi, zahiralar va boshqalar) hisobidan, chetdan jalb qilingan qarz mablag’lari (bank krediti, turli xil yuridik va jismoniy shaxslarning qarz mablag’lari) hisobidan hamda chetdan jalb qilingan qaytarilmaydigan mablag’lar (davlat hamda xalqaro xorijiy tashkilotlarning grantlari va boshqa qaytarilmaydigan mablag’lar) hisobidan qoplanishi mumkin.