www.ziyouz.com кутубхонаси
193
GRIGORIY SAVVICH SKOVORODA (1722-1794)
G.S.Skovoroda Ukrainaning Poltava guberniyasidagi oddiy kazak oilasida dunyoga keldi. 16 yoshida Kiev Akademiyasiga o‘qishga kirdi. U Yevropaning Vengriya, Germaniya, Italiya kabi davlatlarida bo‘lgan. Qaysi davlatga borishidan qat’i nazar, avvalo o‘sha yerdagi universitetlarda ma’ruza tinglashga shoshilgan. U shu tariqa uch yil xorijda hayot kechirgan. Faylasuf lotin, yunon, nemis va yahudiy tilini bilgan. Mustaqil fikr egasi Skovoroda jangari tabiati, keskin hamda to‘g‘ri fikr yuritishi tufayli hamma yerda quvg‘in va tuhmatga uchragan. Skovoroda 1759 yilda Xarkov Kollegiumiga o‘qituvchilikka taklif etiladi. 10 yil shu dargohda dars beradi. Bu muddat ichida ikki marta ishdan chetlashtiriladi va yana joyiga tiklanadi. Ammo uchinchi martasida olim Kollegiumni butunlay tark etadi. 1769 yildan boshlab Skovoroda darbadarlikda hayot kechiradi. «Modomiki, sevimli Vatanimni hech narsa bilan rozi qilolmas ekanman, loaqal hech kimsaga zararim tegmasligi uchun bor kuchimni ishga solaman…», — deb yozgan edi faylasuf. Skovoroda 25 yillik darbadarlik davrida g‘oyat unumli ijod qildi. Faylasufning quyidagi asarlari ma’lum: «Nargis», «Ilohiy kecha yoxud mangulik haqida», «Olam alifbosi», «Ezop masallari», «Ilohiy qo‘shiqlar bog‘i», «Besh yo‘lovchining chinakam hayotiy baxt haqidagi suhbati», «Uzuk». Skovoroda o‘z qo‘lyozmalarini yo‘lxaltasida olib yurgan. Afsuski, hayotlik chog‘ida uning bitta ham qo‘lyozmasi chop etilmagan. U o‘limidan ikki oy avval Orlov guberniyasiga boradi va shogirdi Kovalinskiy bilan uchrashib, hamma qo‘lyozmalarini saqlab qo‘yish uchun unga topshiradi.