www.ziyouz.com кутубхонаси
59
MEN-SZI (Miloddan avvalgi 372 (taxminan) -289 yillar)
«Men Koinot fuqarolaridanman», degan ekan Men-tszi. U Xitoyning hozirgi Shandun viloyati hududida joylashgan Lu xonligida tug‘ilib o‘sdi. Men-tszi Konfutsiyning nevarasi Szi Si qo‘lida tahsil olgan. Bu faylasuf mamlakatni muvaffaqiyatli idora etishning 12 qoidasini ishlab chiqqan. O’zining ana shu g‘oyalarini amalga tatbiq etish niyatida u hukumat tizimiga ishga kirish uchun Xitoyning turli xonliklarini kezib, qisqa muddat Si xonligida maslahatchi bo‘lib ishlagan. Insonparvarlikka tayangan holda davlatni boshqarish g‘oyalarini hayotga tatbiq etish yo‘lidagi behuda urinishlardan so‘ng Men-tszi vatani Luga qaytadi va g‘oyaviy qarashlarini o‘zi tashkil etgan maktab, shogirdlari, kitoblari orqali targ‘ib va tashviq qiladi. Men-tszining asosiy asari «Men-tszi» deb ataladi. Lyudvig Feyerbax: «Men-tszi Xitoyning Konfutsiydan keyingi eng buyuk faylasufidir», — deb yozgandi. MAMLAKATNI MUVAFFAQIYATLI IDORA ETISHNING 12 QOIDASI
1-qoida. Ezgulik va olijanoblikka tayanish. Insonparvar hukmdorning muxolifi bo‘lmaydi.
* * *
Fuqarolarni kuch bilan bo‘ysunishga majbur etish mumkin. Ammo qalblarini bo‘ysundirib bo‘lmaydi.
Odamlar davlat kuch jihatidan ustun bo‘lgani bois bo‘ysunishdan o‘zga iloj topolmaydilar. Ezgulik va
olijanoblik vositasida fuqarolarni bo‘ysundirish esa qalblarda quvonch tuyg‘ularini uyg‘otadi va
odamlar haqiqiy itoatgo‘ylikni namoyish etadilar.
* * *
Donishmandlikda kamolga yetgan hukmdorlar dukkakli donlar va tariqni xuddi olov va suv kabi
mo‘l bo‘lishini ta’minlaydilar. Ana shunda fuqarolar orasida insonparvarlikni o‘ziga kasb etmagan bitta
ham odam qolmaydi.
* * *
Olijanob er o‘z burchini, pastkash esa o‘z foydasini yaxshi tushunadi.
Rivoyat qilishlaricha, Lyan xonligi hukmdori Men-tszini huzuriga chorlab: «Ota! Siz hoynahoy
oradagi ming li masofani mening saltanatimga biron foyda yetkazish maqsadida bosib o‘tib
kelgandirsiz?» — deydi.
Shunda Men-tszi quyidagicha javob qaytaradi: «Eh, van! Nima uchun gapni albatta foydaga
burasiz? Hukmdor saltanatga qanday foyda keltirish kerak, deb qayg‘ursa, dafu oilaga qay yo‘l bilan
naf yetkazish mumkin, deb bosh qotirsa, oddiy fuqarolar va shi esa qaerdan va qanday yo‘l bilan
o‘zim uchun foyda orttirsam ekan, deya g‘am cheksalar... Axir, oliy va quyi tabaqalari foyda uchun
o‘zaro kurashga kirishgan davlat halokatga mahkum bo‘ladi-ku!.. Agar foyda birinchi o‘ringa chiqib,
burch keyinda qolib ketsa, bu kurash hech qachon tugamaydi. Agar jen bo‘lmasa, hamma o‘z
qadrdon yerini tashlab ketadi. Burch bo‘lmasa, hamma o‘z hukmdorini unutishi aniq. Eh, van! Nima
uchun albatta foyda haqida gapirish kerak?
* * *