www.ziyouz.com кутубхонаси
119
ABU HAMID MUHAMMAD AL G’AZZOLIY (1058-1111)
Faylasuf al G’azzoliy Tus shahrida tug‘ilib o‘sdi. Juda yoshlik chog‘idanoq olimlik pog‘onasiga ko‘tarildi. 1091 yildan boshlab u Bag‘doddagi mashhur Nizomiy madrasasida talabalarga falsafa va ilohiyot ilmidan saboq berdi. U 34 yoshida kuchli ruhiy inqirozni boshidan kechirdi. Shundan so‘ng haqiqatni faylasuflar belgilagan yo‘ldan topa olmasligini tushunib, mudarrislikni tashladi va mustaqil ravishda tasavvuf ilmini o‘rganishga kirishdi. Oradan 11 yil o‘tgach, imom G’azzoliy yana madrasaga qaytib, talabalarga tahsil bera boshlaydi. U butun umrini haqiqatni odamlarga tushuntirish va adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishga bag‘ishladi. G’azzoliyning falsafa, tasavvuf ilmiga oid asarlari juda yorqin, ravon va tushunarli uslubda bitilgan. Quyida uning ana shunday asarlaridan ba’zilarini sanab o‘tamiz: «Faylasuflarning maqsadlari», «Faylasuflarning raddiyasi», «Din haqidagi fanning tug‘ilishi», «Olam javoni» va h.k. * * *
Imom G’azzoliy juda ko‘pni ko‘rgan, o‘qigan va bilgan zot bo‘lishiga qaramay, uni faqat arab shoiri
Labidning mana bu misrasi zavqlantirgan: «Ollohdan o‘zga hammasi yolg‘on emasmi?»
* * *
Aqoid ilmining bilimdonlaridan biri Suyutiy Imom al G’azzoliy haqida shunday yozgandi: «Agar
Muhammad alayhissalomdan keyin yana bir payg‘ambar dunyoga kelishi mumkin bo‘lganda, bunday
saodat shubhasiz al G’azzoliyga nasib etardi».
* * *
«Ollohni anglashdan avval o‘zni anglamoq joiz», — deydi G’azzoliy.
* * *
Ko‘rgan narsangnigina qabul et, eshitganlaringni unut: Quyosh bosh ko‘targach, Zuhalni tomosha
qilishdan bizni mahrum qiladi.
* * *
Shubha haqiqatga olib boruvchi yo‘ldir. Kim shubhalanmas ekan, hech narsani ko‘ra olmaydi.
Ko‘rishdan mahrum odam esa tushunolmaydi. Tushunishdan mahrum kimsa misoli so‘qir kabi yo‘ldan
adashadi.
* * *
Avvalo shuni tushunib olish joizki, Olloh haqidagi bor haqiqatni va Uning ulug‘vor mohiyatini faqat
Ollohning O’zigina biladi. Bundan hayron bo‘lmaslik joiz: farishtalar haqidagi haqiqatni farishta,
payg‘ambarlar to‘g‘risidagi haqiqatni payg‘ambargina bila oladi. Hatto shogird to ustozining darajasiga
yetolmas ekan, uni chinakamiga tushunolmaydi. U ustozining darajasiga yetgandan keyingina o‘zini
ustozi kabi anglay boshlaydi...
* * *
Tirik mavjudotlarning quyi darajadagi turlari: chumoli va chivinlarni ham faqat chumoli hamda
chivinlargina anglay oladi. Afsuski, faqat insongina o‘zi haqida haqiqiy bilimga ega emas. Biz o‘zimizni
faqat sirtdan — u yoki bu qilmishimiz va tashqi qiyofamiz orqali bilamiz. Ruhiy mohiyatimizni bilishga
urinmaymiz.