© JIDU, 2014.
3
KIRISH
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganidan buyon yigirma yildan ortiq
muddat o‘tdi. Bu davr ichida barcha boshqa fan sohalarida bo‘lganidek,
o‘zbek tili bo‘yicha o‘rta maktab hamda oliy o‘quv yurti uchun tubdan
yangilangan dastur asosida darslik yaratish borasida katta ishlar qilindi.
Jumladan, rusiyzabon talabalar hamda xorijliklar uchun o‘zbek tili bo‘yicha
ham qator yangi so‘zlashgich, qo‘llanma va darsliklar yaratildi. Hozirgi
kunda o‘zbek tilini ikkinchi til sifatida o‘qitishda yangi bosqich boshlandi,
endi o‘zbek tilini shunchaki uy-ro‘zg‘or, kundalik muloqot tili sufatida bilish
yetarli emas. Davr, taraqqiyot har bir soha egasidan davlat tilini mukammal
bilishni, ilm-fan, kasbi doirasida erkin muloqotga kirisha bilish, ayni paytda
yuqori darajadagi yozma savodxonlikni talab qilmoqda. Bu esa rusiyzabon
talabalarga mo‘ljallangan darsliklarda ixtisoslik yo‘nalishlariga e‘tiborning
kuchaytirilishini talab qilmoqda. Rus va xorijiy tillarni o‘qitish borasidagi
tajribalarga tayangan holda biz mazkur darslikda quyidagilarga e‘tibor
qaratdik.
An’anaviy darsliklarda grammatik mavzu birinchi o‘ringa qo‘yilgan
bo‘lsa, tilni ikkinchi til sifatida o‘qitishda esa
matn bilan tanishuvdan
boshlash usuli ma’qullanadi. Shu sababli darslikning tuzilishida ham eng
avvalo grammatik mavzular emas, balki nutqiy, ma’rifiy mavzular asosida
grammatik mavzu taqsimlanadi. Ushbu mavzular jamiyat hayotining ijtimoiy,
iqtisodiy, siyosiy, madaniy hamda ma’naviy jabhalarini qamrab olishi, ham
ta’lim, ham tarbiyaviy-ma’rifiy maqsadlarga xizmat qilishiga e’tibor berildi.
O‘zbek tili bo‘yicha yaratilgan ba’zi darsliklarda bu shakl mavjud, lekin matn
ko‘pincha faqat o‘qish va tarjima uchun beriladi, topshiriqlar ham shu bilan
cheklanadi. Grammatik mavzu esa keng izohlanadi. Holbuki, hozir o‘rta
maktablarda o‘zbek tili boshlang‘ich sinflardan boshlab o‘rgatiladi,
grammatik mavzuni yana batafsil takrorlashga hojat yo‘q.
Shu sababli ikkinchi til o‘qitishning jahon tajribalariga tayangan holda,
ushbu darslik bo‘limlarga ajratilib, har bir bo‘lim o‘z ichiga ma‘lim nutqiy
mavzu bilan bog‘liq matnlar hamda grammatik materialni qamrab oldi. Har
bir mashg‘ulot quyidagi shaklda tashkil qilindi:
4
Oldin talaba uchun nisbatan yangi bo‘lgan so‘zlar berilib, ular tarjima
yoki izohlash yordamida tushuntiriladi, keyin matn bilan tanishtiriladi va
matn yuzasidan kamida 5-6ta savol hamda topshiriqlar beriladi. Talaba bu
matn mazmunining taxminan 80-90 foizini tushunadi. So‘ng grammatik
mavzuga o‘tiladi. Grammatik mavzu ixcham chizmalar shaklida berilib, eng
muhim jihatlarigina eslatib o‘tiladi. Grammatik mavzuni mustahkamlash
bo‘yicha topshiriqlar ishlab chiqildi.
Tinglash uchun audiomaterial matn tarzida diskda darslikka ilova
qilingan.
Darslikda ushbu matn bo‘yicha savol va topshiriqlar keltirildi.
Keyingi bosqichda tarjima uchun matn beriladi. Tarjima matnga lug‘at
ilova qilinmaydi (yangi so‘zlar, odatda, mavzuning boshlanishida tayanch
so‘z va iboralar shaklida taqdim qilinadi). Talabalar mustaqil ravishda lug‘at
bilan ishlashlari lozim.
Mavzu oxirida o‘tilganlar yuzasidan topshiriqlar beriladi. Uy ishi odatda
o‘tilgan mavzuni mustahkamlashga qaratiladi, ayni paytda talabaning
mustaqil ijodiy fikrlash ko‘nikmasini shakllantirish maqsadida, albatta,
boshda berilgan mavzu bo‘yicha qisqa esse yozish, yoki ijodiy ish
topshiriladi.
5
Mavzular tanlashda ilk darslarda an‘anaviy “Mening oilam”, “Tarjimayi
holim” singari matnlardan butunlay voz kechish shart emas deb topdik.
Mumkin qadar ularga ijodiy yondashish, yangi qurilmalardan foydalanishga
harakat qildik. Oila, oiladagi munosabatlar haqida uncha murakkab
bo‘lmagan ilmiy, publitsistik matnlardan, badiiy matnlardan foydalanildi.
Matnlar uslub juhatdan rang-barang bo‘lishiga e’tibor berildi, zero bu
talabalarda turli xarakterdagi matnlarni tushunish ko‘nikmasi shakllanishiga,
shu bilan birga ularning lug‘at boyligi turli uslubiy qatlamga oid so‘zlar bilan
boyib borishiga xizmat qiladi hamda ularning keyingi bosqichda sohasiga oid
matnlarni o‘zlashtirishi uchun zamin hozirlaydi.
Ushbu tartibda tuzilgan darslik talabalarga quruq grammatik materialni
yodlatishdan qochish imkonini beradi, talabaning tildan erkin foydalana
bilishi, og‘zaki va yozma savodxonligining yuqori darajada bo‘lishi, o‘z
mutaxassisligi tilini mukammal egallashiga xizmat qiladi degan umiddamiz.
|