www.ziyouz.com kutubxonasi
2
imkoniyatiga ega emas. Shu bois mualliflar Imom A’zam mazhabiga oid bo‘lgan
“Muxtasar ul-viqoya” sharhlari, “Raddul-muhtor”, “Jome’ ur-ramuz”, “Shir’at ul-Islom”
singari kitoblardan nikoh va boshqa jihatlar bilan bog‘liq masalalarni tarjima qilib, ularni
izohlab, risola holida jamlashgan. Mavzuga aloqador oyat va hadislardan istifoda etgan
holda, shariatimizga, his-tuyg‘ularimizga muvofiq kelmaydigan ba’zi urf-odatlarni tanqid
qilishgan. Nikohga oid ba’zi ahkomlarni yoritish uchun o‘rni-o‘rni bilan tabobat ilmiga
ham murojaat qilishgan. Har bir mavzu haqida fikr yuritilganda ularning shar’iy asoslari,
hukmlari Hanafiy mazhab doirasida tekshirilib, bugungi kun ehtiyoji yuzasidan foydali
o‘git va tavsiyalar berilgan.
Sir emas, bugungi kunda diniy qadriyatlarimizga keng yo‘l ochilgan va islomiy
adabiyotlar ko‘plab nashr etilayotgan bo‘lsa-da, nikoh uylanish odoblari, er va xotinlik
haq-huquqlari, taloq va idda kabi masalalardan har bir kishi ham to‘la xabardor emas.
Bu risola katta va kichik yoshdagi barcha kishilar uchun zarur. Ayniqsa, xolis niyat-la
oila qurish, pokiza va totuv hayot kechirish ilinjida yurgan har bir yigit-qiz uchun
dastlabki muhim ma’lumotlarni berish bilan e’tiborga molik dasturul amaldir.
Risolada keltirilgan ma’lumotlar g‘oyat muhim, hayotiy bo‘lgani uchun imkon qadar
undagi har bir masala va o‘gitning mohiyatini to‘g‘ri tushunishga harakat qilish kerak.
Zero, yoshlarimiz poklikka, uylanish odobiga, er-xotinlik haqlariga jiddiy amal qilsalar,
ulardan tug‘ilajak farzandlar ham, inshaalloh, solih, taqvodor va salomat bo‘lib
tug‘iladilar. Bunday yoshlar esa ota-onasiga, elu yurtiga hamisha rahmat keltiradilar.
Kelinglar, biz ota-onalar ham yelkamizdagi ulkan mas’uliyatni his etib, avvalo, o‘zimiz
Allohdan qo‘rqaylik, taqvo qilaylik, halol va haromning farqiga boraylik-da, so‘ngra
farzandlarimizdan ham shularni talab qilaylik. Hadisi shariflarning birida hazrat
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam oila boshliqlarini cho‘ponga o‘xshatib, ularning
mas’ul va javobgar ekanliklarini alohida ta’kidlaganlar. Shunday ekan, farzandlarimizni
haq va to‘g‘ri yo‘lda tarbiyalashning har qanday moddiy va ma’naviy vositalari bo‘lsa,
ulardan foydalanishimiz kerak. Axir dono xalqimiz: “Yaxshilik ham, yomonlik ham
ostonadan boshlanadi”, deb bejizga aytishmagan...
Muhtaram kitobxon! Savob umidida yozilgan ushbu risolani o‘qib, undan bahramand
bo‘lib, uning chop etilishiga hissa qo‘shganlarni ham duolar qilib turishingizni umid qilib
qolamiz.
Sayfiddin Sayfulloh