KELIN TANLASH “Durrul Muxtor” nomli fiqh kitobining “Nikoh fasli” shu satrlar bilan boshlanadi:
“Odamzot uchun nikoh va iymondan boshqa hatto jannatda ham davom etadigan ibodat
yo‘q. Oila shunday saodatmand bir bog‘ki, hatto jannatda ham davom etadi. Har qanday
shartnoma ham ma’lum muddatdan so‘ng o‘z kuchini yo‘qotadi, ammo bir-birlaridan
mamnun bo‘lgan umr yo‘ldoshlarning hayoti esa o‘lim bilan ham tugamaydi”.
O‘zimizga umr yo‘ldoshi tanlar ekanmiz, bir yostiqda keksayish niyatidagina emas, balki
jannatda ham birga bo‘lish orzusida yo‘lga chiqishimiz kerak. Shuning uchun munosib
umr yo‘ldoshi tanlash inson hayotidagi eng muhim, balki hayot-mamot masalalardan biri
hisoblanadi.
Nasl-nasabning qanday davom etishi, farzandlarning ta’lim-tarbiyasi, axloq-odobi,
sog‘lik-salomatligi, hatto qarindosh-urug‘, aka-singil va do‘st-birodarlar bilan bo‘ladigan
aloqa, yaqinlik, bordi-keldining risoladagiday saqlanib qolishi ham bevosita bo‘lajak umr
yo‘ldoshiga bog‘liq. Qolaversa, uylanayotgan kishi turmush o‘rtog‘i bilan hayotining
asosiy qismini o‘tkazadi, shubhasiz, ma’naviy kamolot va moddiy farovonlikka erishishda
ahli ayolning o‘rni va ahamiyati o‘ta muhimdir.
Bu ishga shu darajada diqqat qilish kerakki, kelinning aslu naslida, hatto qarindosh-
urug‘larida mavjud bo‘lgan iqtidor, qiziqish, xulq, qiyofa, fe’l-atvor va boshqa o‘ziga xos
ijobiy va salbiy xususiyatlar bo‘lajak farzandlarga irsiyat orqali o‘tishi, ta’sir ko‘rsatishi
mumkin. Shuning uchun ota-bobolarimiz yetti ajdodini, qarindosh-urug‘ini so‘rab-
surishtirib, ma’qul topsalar, keyin sovchi qo‘yganlar.
Biroq bugungi kunda bunday qadriyatlar o‘rnini diniy va milliy g‘ururimizga yot bo‘lgan
ayrim bema’ni odatlar egallamoqdaki, bu hol o‘zligini bilgan har bir kishini
tashvishlantirishi, iztirobga solishi shubhasiz. Masalan, birovning boyligi, obro‘si, amali
uchun quda bo‘lish, boshlig‘ining beodob va nomunosib qizini kelin qilish, qizning
chiroyiga uchib uylanish yoki kasbiga, hunariga qarab kelin tanlash va boshqalarni aytish
mumkin. Shubhasiz, bu borada eng to‘g‘ri yechim sunnatga, fozilu dono kishilar
maslahatiga amal qilmoqdir.
Avvalo Alloh taolo Qur’oni karimda uylanish haqida bergan ko‘rsatmasini keltirib o‘taylik.