26. So'ngra Alloh Rasuliga va mo'minlarga O'zining taskini (xotirjamligi)ni nozil etdi hamda sizlar oldin ko'rmagan lashkarlar (farishtalar)ni tushirdi va kofir bo'lganlarni azobladi. Bu kofirlarning jazosidir. 27. So'ngra, o'sha (jang)dan keyin Alloh (O'zi) xohlaganlarning tavbasini qabul etadi. Alloh kechirimli va rahmlidir. 28. Ey, imon keltirganlar! Albatta, mushriklar najas (nopok)dirlar*. Shu yillaridan keyin (ular) Masjidi Harom (Ka'ba)ga yaqinlashmasinlar! Agar (sizlar) faqirlikdan qo'rqsangiz, Alloh xohlasa, O'z fazli bilan sizlarni boyitajak. Albatta, Alloh bilimli va hikmatli (zot)dir. Izoh(a): Bu yerdagi nopoklikni ma'naviy jihatdan izohlanadigan bo'lsa, mushriklar qalbidagi shirk bamisoli najasdirkim, u tavhidga ziddir. Uni moddiy jihatdan izohlansa, shirk va kufr ahli aksari hollarda nopok yurishlari nazarda tutilgan bo'ladi. Masalan, janobatdan g'usl qilmaslik, shar'an halol va harom sanalgan narsalarning farqiga bormaslik kabi. Hijratning to'qqizinchi yilidan boshlab ularga Ka'ba va uning haramiga kirish ta'qiqlandi. Izon(b): Ba'zi musulmonlar Ka'ba atrofiga mushrik tujjorlari kelmaydigan bo'lsa, kundalik ehtiyoj mollariga tanqislik hosil bo'lishidan xavotirga tushganlarida mazkur oyat nozil qilindi. 29. Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan, Alloh va Rasuli harom qilgan narsalarni harom sanamaydigan, haq din (Islom)ni din qilib olmaydigan ahli kitoblardan iborat kishilarga qarshi - to ular o'zlarini past tutib, jizya (soliq)ni naqd bermagunlaricha - jang qilingiz! 30. Yahudiylar: "Uzayr - Allohning o'g'li", - dedilar, nasroniylar: "(Iso) Masih - Allohning o'g'li", - dedilar. Bu ularning og'izlaridagi (botil) gaplaridir. (Bu gaplari) xuddi avvalgi kofir bo'lganlarning gapiga o'xshaydi. Alloh ursin ularni! Qayoqqa og'ib ketmoqdalar?!