3. (U) osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratdi. (Mushriklar) keltirayotgan shirkdan U yuksakdir. 4. Insonni nutfa (bir tomchi modda)dan yaratdi. U esa, banogoh, ochiq "raqib"dir. 5. U yana sizlar uchun issiq (kiyim) va (turli) manfaatlar bo'lsin, deb, chorva mollarini ham yaratdi va ulardan sizlar yeysizlar ham. 6. Yana sizlar uchun ularda kechqurun (o'tloqdan) qaytayotgan va tongda (o'tloqqa) ketayotgan paytida go'zal manzara paydo bo'lur. 7. Shuningdek, ular sizlar jonlaringizni qiynab yetadigan yurtlarga yuklaringizni ko'tarib borur. Albatta, Rabbingiz mehribon va rahmlidir. 8. U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana, sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur. 9. To'g'ri yo'lni qasd etish (unga hidoyat etish) yolg'iz Alloh zimmasidadir. (Zotan, yo'llar) ichida qing'iri ham bordir. Agar (Alloh) xohlaganida, sizlarning barchangizni (To'g'ri yo'lga) hidoyat qilgan bo'lur edi. 10. U osmondan sizlar uchun ichimlik bo'lmish suvni yog'dirgan zotdir. (Hayvonlaringizni) boqadigan daraxtlar (o'simliklar) ham o'sha suvdan (ichar). 11. U sizlar uchun o'sha (suv) bilan (turli) ekinlarni, zaytun, xurmo, uzum va barcha mevalarni undirur. Albatta, bu (ish)da tafakkur qiladigan qavm uchun alomat bordir. 12. U sizlar uchun kecha va kunduzni, quyosh va oyni bo'yin sundirib qo'ydi. Yulduzlar ham Uning amriga bo'yin sundirilgandir. Albatta, bunda anglaydigan qavm uchun alomatlar bordir. 13. Yana U sizlar uchun yerda yaratib qo'ygan rang-barang narsalarni ham (sizlarga bo'yin sundirdi). Albatta, bunda eslatma oladigan qavm uchun alomat bordir.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur