85. (Biz) osmonlar va Yerni hamda ularning o'rtasidagi narsalarni faqat haq (hikmat) bilan yaratdik. Qiyomat ham, shaksiz, keluvchidir. Bas, (shunday ekan, siz johillarning aziyatlariga sabr qiling va ularni) chiroyli yuz o'girish bilan tark eting! 86. Albatta, Rabbingizning O'zigina yaratuvchi va biluvchidir. 87. Darhaqiqat, Biz Sizga yetti takrorlanuvchi (yetti oyatli "Fotiha" surasi)ni va Ulug' Qur'onni ato etdik. 88. Ko'zlaringizni Biz u (kofirlardan ayrim) toifalarni bahramand qilgan narsalarga (ya'ni, ularning boyliklariga) tikmang! Ularning (imonsizliklari) ustida g'amgin ham bo'lmang! Mo'minlar uchun qanotingizni quyi tuting (kamtar bo'ling)! 89. (Ularga) ayting: "Albatta, men (sizlarga Allohning azobidan) oshkora ogohlantiruvchiman". 90. Xuddi taqsimlab oluvchilarga nozil qilganimiz kabi, 91. qaysilariki, Qur'onni bo'lak-bo'lak qilib olgan edilar. Izoh: Ya'ni o'zlariga xush kelganicha imon keltirib, ma'qul kelmagan oyatlarni inkor qilganlari kabi. 92. Rabbingizga qasamki, albatta, ularning barchasini so'roqlagayman 93. qilgan ishlari to'g'risida. 94. Bas, Siz o'zingizga buyurilgan ishni (ya'ni, Haq dinga da'vatni) oshkora qiling va mushriklardan yuz o'giring! 95. Albatta, Biz sizni masxara qiluvchilarni (jazolash uchun) kifoya qilurmiz. 96. (Ular) Allohga boshqa "iloh"ni (sherik) qilurlar. Bas, yaqinda (qilmishlarining oqibatini) bilib olurlar. 97. Shaksiz, Biz ularning (Sizni masxara qilib) aytayotgan so'zlaridan dilingiz siqilishini bilurmiz. 98. Bas, Siz Rabbingizga hamd bilan Unga tasbeh ayting va sajda qiluvchilardan bo'ling!