75. Agar Biz ularga rahm qilsak va ulardagi narsani (qahatchilikni) aritsak, shaksiz, ular yana o'z tug'yonlarida gangib yurishgan bo'lur edilar. 76. Mana, Biz ularni azobga tutdik. Ular esa na Parvardigorga bo'yin egdilar va na (tavba) tazarru qildilar. 77. To qachonki, Biz ularga qattiq azob (qahatchilik) eshigini ochib qo'yganimizda esa, bexos ular noumid bo'luvchidirlar. 78. U (Alloh) sizlar uchun quloq(lar)ni, ko'zlarni va dillarni paydo qilgan zotdir. (Sizlar bunga) juda kam shukr qilursizlar. 79. U sizlarni yer yuzida (yaratib, so'ngra) taratgan zotdir. Sizlar (qiyomat kuni) Uning huzuriga to'planursizlar. 80. U tiriltiradigan va o'ldiradigan zotdir. Kecha va kunduzning o'zgarib turishi ham Unga (bog'liq)dir. Axir, aql yurgizmaysizlarmi?! 81. Yo'q, ular ham xuddi avvalgilar aytgan so'zlarni aytdilar. 82. Dedilar: "Bizlar o'lib, tuproq va suyaklarga aylanganimizda, yana qayta tiriluvchimizmi?! 83. Darvoqe, bizlarga ham, ota-bobolarimizga ham oldin mana shu va'da qilingan edi. Bu faqat avvalgilarning afsonalaridir!" 84. (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Agar biluvchi bo'lsangizlar (aytinglar-chi), Yer va undagi bor jonzot kimniki?" 85. Ular: Albatta, "Allohnikidir", - derlar. Ayting: "Bas, (shundan) eslatma olmaysizlarmi?!" 86. Ayting: "Yetti osmonning Rabbi hamda ulug' Arshning Rabbi kimdir?" 87. Ular: "(Bular ham) Allohnikidir",- derlar. Ayting: "Axir qo'rqmaysizlarmi?!" 88. Ayting: "Agar bilsangizlar (aytinglarchi), barcha narsaning hukmronligi "qo'li"da bo'lgan, o'zi (barchaga) homiylik qiladigan, Unga qarshi homiylik qilinmaydigan zot kimdir?"